Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochiladi

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochiladi

Foto: «Vikipediya»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Qaror bilan:

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va muvofiqlashtirish bo‘yicha vasiylik kengashi tarkibi hamda 2020–2024 yillarda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi;

Markazni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida tashkil qilish hamda Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiyani ta’sis etish haqidagi takliflar ma’qullandi.

Qaror orqali Markaz faoliyatiga jahonning yetakchi moturidiyshunos olim va tadqiqotchilari jalb etiladi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining asosiy vazifalari sifatida:

aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish;

islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma’rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish va keng afkor ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish;

Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning kalom ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi va uning taraqqiyotida tutgan o‘rnini chuqur tadqiq etish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinchlik-totuvlik kabi islom dinining asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash;

mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlarning kutubxonalari va arxiv fondlarida saqlanayotgan buyuk allomalarimizning kalom ilmiga oid merosi hamda islom dunyosi uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘lyozma, toshbosma asarlarning acl hamda elektron nusxalarini to‘plash va kelajak avlodga yetkazish uchun tizimli ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish;

islomiy ilmlar, xususan, kalom ilmi tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, simpozium, seminar-trening va tanlovlar o‘tkazish;

«jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasi asosida islom dinining ilm-ma’rifat, ma’naviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazishdan iborat ekani qayd etildi.

Hujjatda Markaz hamda Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom olami tashkiloti (ICESCO)ga a’zo mamlakatlar va boshqa davlatlarning maxsus muassasalari, universitetlari o‘rtasida samarali xalqaro hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi muntazam ravishda Markaz ilmiy xodim va tadqiqotchilarining xorijda amaliyot o‘tashi va stajirovkasini tashkil etish choralarini ko‘radi.

2020–2024 yillarda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da tashkiliy, ilmiy-tadqiqot va ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot yo‘nalishlarida 29 ta kompleks chora-tadbir belgilangan.

Ularning ijrosini ta’minlash orqali:

Imom Moturidiy va uning izdoshlarining musulmon olamidagi mashhur asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinadi va xalqimizga yetkaziladi;

yurtimiz moturidiyshunos olimlarining xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyalarda doimiy ishtiroki ta’minlanadi;

«Moturidiylik» ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy jurnali nashr etiladi.

«Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon» mavzusida konferensiya va seminarlar o‘tkaziladi;

dunyo qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid qo‘lyozma asarlar nusxalari jamlanadi hamda ularning katalogi yaratiladi;

moturidiylik ta’limotiga oid ensiklopediya tayyorlanadi;

mahallalarda moturidiylik ta’limotining bugungi globallashuv jarayonlaridagi dolzarb ahamiyatini ochib berishga bag‘ishlangan davra suhbatlari hamda uchrashuvlar tashkil etiladi.

Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning hayoti va ilmiy merosi haqida badiiy va hujjatli filmlar tayyorlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring