Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iqtisodiy hamkorlikning mintaqaviy salohiyati

Iqtisodiy hamkorlikning mintaqaviy salohiyati

Foto: Prezident matbuot xizmati

  1. Ulkan bozorga ega bo‘lgan tashkilot

Ma’lumki, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) 1985-yilda Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, 1992-yilda unga Afg‘oniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston qo‘shilgan. Ushbu mintaqaviy davlatlararo iqtisodiy tuzilma asosiy diqqat-e’tiborni savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qaratib kelmoqda.

Kotibiyati Tehron shahrida joylashgan mazkur tashkilotga joriy yil avgust oyida umumiy konsensus asosida Tojikiston vakili Xusrav Noziriy uch yil muddatga Bosh kotib etib saylandi. A’zo mamlakatlarning Tashqi ishlar vazirlari yillik sammiti tuzilmaning asosiy organidir.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda ushbu tashkilotning faoliyati qator ekspertlar tomonidan tanqidiy baholanib, ayrimlar hatto uning natijadorligiga ham shubha bilan qarab kelayotgan edi.

Ammo 515 million aholi yashaydigan va ulkan bozorga ega bo‘lgan Tashkilotning istiqboli nihoyatda kattadir. O‘tgan 10 oyda O‘zbekistonning tashkilotga a’zo barcha davlatlar bilan (Afg‘onistondan tashqari) umumiy o‘zaro savdo aylanmasi 1,9 barobarga o‘sdi. Jumladan, Eron bilan 72 foizga, Pokiston bilan 66 foizga, Turkiya bilan 65 foizga, Qozog‘iston bilan salkam 40 foizga o‘tgani katta yutuqdir. Jami bo‘lib, a’zo mamlakatlarda birgalikdagi 5200dan ortiq qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda.

Shu yilning mart oyida navbatdagi sammit Turkiya raisligida onlayn formatda o‘tkazilgan va unda raislik Turkmanistonga o‘tgan edi.

Ochig‘ini aytish kerakki, Turkmaniston tashkilot faoliyatiga yangi shiddat va kuch bag‘ishladi. Turkmanistonning tashkilotdagi doimiy vakili rahbarligida ishtirokchi mamlakatlarning doimiy vakillari bilan doimiy muloqotlar o‘tkazib borildi. Joriy yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan sheriklik to‘g‘risida alohida Rezolyusiya qabul qilinganligi ham Turkmaniston raisligi ancha samarali bo‘lganligidan dalolat beradi.

  1. Ashxobod sammiti yakunlari: o‘zaro hamkorlik yanada mustahkamlanadi.

Bugungi pandemiya davrida butun dunyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiya jarayonlari tobora kuchayib borayotgani kuzatilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, IHTning 28-noyabr kuni Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan 15-sammiti mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish yo‘lida muhim voqelikdir.

Mazkur Sammitda barcha davlat rahbarlari transport aloqalarini rivojlantirish, yangi yo‘laklarni tashkil qilish, mintaqalararo savdoni kengaytirish, a’zo davlatlar ishbilarmon doira vakillari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi energetik loyihalarni ro‘yobga chiqarish yo‘li bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash borasida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Savdoni rag‘batlantirish uchun xususiy sektor ishini yanada faollashtirish, yuk tashish va tranzit sohalarida infratuzilmalarni takomillashtirish, IHTning mavjud institutsional tuzilmalari faoliyatini kuchaytirish va yangilarini ta’sis etish masalalariga jiddiy e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari tomonidan hozirgi murakkab pandemiya davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha bir-birini to‘ldiruvchi mexanizmni yaratish, sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish kun tartibidagi asosiy masalalardan biri sifatida qayd etildi.

  1. Raislik O‘zbekistonga o‘tdi

Ashxobod sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi va tashkilot doirasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan O‘zbekiston nuqtai nazari va takliflarini ilgari surdi.

Chunonchi, davlatimiz rahbari o‘z nutqida Ashxobod sammiti yakunlari o‘laroq qabul qilingan «Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti istiqbollari – 2025» konseptual dasturi asosida, savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini yanada kengaytirish, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, bojxona tartiblarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga katta e’tibor qaratish zarurligini qayd etdi. Bu borada aniq taklif, ya’ni Qo‘shma harakatlar dasturini qabul qilish – bugungi kun talabi ekani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, mintaqamizdagi mavjud va yangi transport yo‘laklaridan unumli foydalanish, mintaqalararo tranzit xablarini tashkil etish, zamonaviy transport va yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish, transport va tranzit tariflarini optimallashtirish, sohaga raqamlashtirishni tatbiq etish ustuvor vazifa ekanligi bildirildi.

Shuningdek, «yashil taraqqiyot»ga erishish va sayyohlik almashuvlarini qayta tiklash boshqa yo‘nalishlar sifatida e’tirof etildi.

Chindan ham, bugun ekologik muammolar va iqlim o‘zgarishlarining fojiali asoratlarini barchamiz yaqindan his qilib turibmiz. Bu borada ekspertlar darajasida aloqalarni chuqurlashtirish ayniqsa dolzarbdir.

Ma’lumki, pandemiya davrida eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalardan biri bu sayyohlik hisoblanadi. Prezidentimiz bu yo‘nalishga ham alohida to‘xtalib, bugungi kunda xavfsiz sayyohlikni rivojlantirish uchun umumiy mintaqaviy bir mukammal dastur ishlab chiqishni taklif qildi.

Yana bir yo‘nalish – Afg‘oniston masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlash joizki, ushbu davlat ham IHTga a’zo bo‘lib, bu yerda yuz bergan so‘nggi voqealar sababli Ashxobod sammitida ushbu mamlakat delegatsiyasi ishtirok eta olmadi.

O‘zbekiston Prezidenti Afg‘onistonda haqiqatan ham gumanitar inqiroz kuchayib borayotganligi, yakkalanib qolgan davlat bunday og‘ir muammo qarshisida nihoyatda ojizligini ta’kidlab, IHTga a’zo mamlakatlarni afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

Ashxobod Sammiti yakunida tashkilotga raislik ilk bora O‘zbekistonga o‘tdi.

Tan olish kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarga raislikni qabul qilar ekan, har doim mas’uliyatli va tashabbuskor davlat sifatida o‘zini namoyon eta boshladi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti kabi nufuzli tuzilmalarga raislik qilmoqda. Mamlakatimiz Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida ham uning xalqaro nufuzi va obro‘sini oshirish, boshqa mintaqaviy tashkilotlardan farq qiladigan alohida kun tartibini shakllantirish, yetakchi xalqaro tuzilmalar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga, hamkorlikning institutsional mexanizmlarini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratishi shubhasiz.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlar xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Qodir Jo‘rayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi

raisi o‘rinbosari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring