Jahonga mashhur kardiojarrohdan uch tekin maslahat
Mashhur kardiojarroh, «Millat salomatligi ligasi» Butunrossiya jamoatchilik tashkiloti prezidenti Leo Bokeriya yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda qo‘l keluvchi uchta jihatni tilga oldi. «Moskva oqshomi»ga bergan intervyusida Bokeriya to‘g‘ri turmush tarziga rioya qilishning ahamiyati kattaligiga urg‘u berdi.
«Yuragim kasal bo‘lmasin desangiz, albatta chekishni tashlang. Darhol, paysalga solmasdan», — dedi Bokeriya.
Ayniqsa, ayollar uchun bu zararli odatning oqibatlari yomonroq. Oddiy sigaretlarni elektroniga almashtirib o‘tirmang, ularning zarari bunisinikidan aslo kam emas.
Sutkasiga kamida yetti soat uxlash kerak, ayniqsa, aniq bir paytda yotib-turishga odatlanish lozim. Akademikning ta’kidlashicha, asab tizimi uchun uyqu va ovqatlanishning tartibli bo‘lishi uning miqdoridan ko‘ra muhimroq.
Uchinchi maslahat — jismoniy faollik. Haftasiga ikki soatdan yurishdan boshlang, o‘zingizga qulay, ammo juda sust ham bo‘lmasin, kamida bir kilometr. Keyinchalik boshqa sport turlarini qo‘shsangiz ham bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: Leo Antonovich Bokeriya (haqiqiy ismi — Leonid) — sovet va rus vrach-kardiojarrohi, ixtirochi, pedagog, professor. Rossiya Fanlar akademiyasi (2011) va Rossiya tibbiyot fanlari akademiyasi (1994) akademigi.
Leo Bokeriya 2019-yilning 22-dekabrida 80 yoshini qarshilaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter