Jamoat joylarida alkogol iste’mol qilish rasman taqiqlandi
26-avgustdan boshlab O‘zbekistonda «Alkogolli va tamaki mahsulotlarining tarqalishi va iste’molini cheklash to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi.
Unga ko‘ra, alkogol mahsulotlarini ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, bog‘larda, barcha turdagi jamoat transportida va boshqa jamoat joylarida iste’mol qilish taqiqlanadi.
Chilim chekish uchun maxsus ajratilgan joylar faqat chilim berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladigan, ventilyasiya tizimlari bilan jihozlangan alohida ajratilgan binolar, inshootlar va ob’yektlarda tashkil etilishi mumkin.
Alkogol mahsulotlarining iste’mol idishida yorliq asosiy yuzasining kamida qirq foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, qonunga ko‘ra, alkogol va tamaki mahsulotlarini quyidagi holatlarda realizatsiya qilish (sotish, sotib olish va h.k.) taqiqlanadi:
- 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga va ular tomonidan;
- sotuvchining bevosita ishtirokisiz, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish tokchalaridan, elektron tijorat shaklida;
- sayyor savdo qilish yo‘li bilan, ko‘chmas savdo ob’yektlaridan tashqarida, dorixonalarda;
- bolalarga mo‘ljallangan tovarlar sotiladigan xonalarda;
- bolalar o‘yinchoqlariga, konfetlarga yoki bolalar uchun mo‘ljallangan boshqa tovarlarga o‘xshatib ishlangan bo‘lsa;
- sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat, sport inshootlari, sanatoriy hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalar hududlarida;
- ta’lim, sport va diniy tashkilotlardan 100 metrdan kam masofada joylashgan savdo ob’yektlarida;
- yaroqlilik muddati o‘tganda, mahsulot sifatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarsiz;
- donalab yoki ochilgan (yaxlitligi buzilgan), iste’mol o‘rovida (qutisida) sigaretalar va qizdiriladigan tamaki mahsulotiga nisbatan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter