Jarayonni kim sustlashtiryapti?
Davlat idoralari, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat vakolatli organlarining beparvoligi sababli, uy-joyga ega bo‘lish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud bo‘lishiga qaramasdan, minglab fuqarolar ko‘p yillar davomida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida uy-joylarni noqonuniy qurib kelishgan.
Hozirgi kunda bu masala butun respublika bo‘yicha ommaviy tus olib, uy-joy uchun zarur hujjatlar mavjud emasligi tufayli, aholi o‘rtasida boshqa ijtimoiy muammolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘lmoqda. Masalan, haqiqatan ham yashab turgan joyida ro‘yxatdan o‘tish, mulk huquqiga ega bo‘lish va uni amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligi va boshqa ko‘plab muammolar.
Mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga hamda deputatlar, senatorlar, davlat hokimiyati vakillari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullarda 8 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan.
Ularning yechimini topish maqsadida, Prezident farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori imzolangan. Unga ko‘ra, 2019-yil 1-mayiga qadar fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki tegishli ruxsatsiz qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi e’lon qilindi. Ijro etish uchun esa, mansabdor organlar vakillari qamrab olingan maxsus komissiya shakllantirildi.
Aybdor kim?
O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joyga mulk huquqini beruvchi qarorni olish uchun maxsus komissiya tuzilgan, uning a’zolari o‘rtasida axborot almashish uchun idoralararo elektron hamkorlik tizimi — «Kadastr 2.0» yo‘lga qo‘yilgan. Aslida, bu — fuqarolarning murojaatlari o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun joriy etilgan edi.
Fuqaro tuman yoki shahar Davlat xizmatlari markaziga ariza bilan murojaat etishi bilan, uning harakati to‘xtab, hujjatlar elektron harakatlanishni boshlashi, ishchi guruh tomonidan masala hal etilgach, tayyor hujjatlar yana elektron shaklda Davlat xizmatlari markaziga kelib tushishi, fuqaro esa belgilangan summani to‘lab, davlat organlari faoliyatidan rozi bo‘lib, tayyor hujjatlarni olib chiqib ketishi lozim edi.
Aslida-chi?
Davlat xizmatlari agentligi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda mazkur davlat xizmatini ko‘rsatishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar mutassadi xodimlari ko‘pgina xatoliklar, noqonuniy harakatlar va belgilangan reglamentni buzish holatlariga yo‘l qo‘ygani aniqlandi.
Xususan, shu kunga qadar Davlat xizmatlari markazlariga o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha 54 814 ta ariza kelib tushdi. Shundan, 8008 tasi bo‘yicha tuman yoki shahar hokimining qarori qabul qilindi, 8269 tasi bo‘yicha hisob-faktura berildi va 8747 tasi rad etildi.
Bu degani, kelib tushgan arizalarning bor yo‘g‘i 15 foiziga yaqini qanoatlantirilgan. Arizalarning 54 foizini ko‘rib chiqish jarayoni esa mansabdor organ vakillari tomonidan hali hamon cho‘zilyapti.
Ayrim viloyatlarda
O‘tkazilgan o‘rganishlar hamda «Kadastr 2.0» tizimidan olingan ma’lumotlar tahliliga ko‘ra, umumdavlat aksiyasi doirasida tashkil etilgan komissiya a’zolari tomonidan ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha xulosalar belgilangan muddat mobaynida taqdim qilinmasligi barcha viloyatlar kesimida kuzatilmoqda.
Namangan. Viloyatda bugunga qadar Namangan shahar soliq inspeksiyasi tomonidan 210 ta va Pop tuman soliq inspeksiyasi tomonidan 64 ta, Namangan shahar DSENM tomonidan 512 ta, Namangan shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan 203 ta, Namangan shahar qurilish bo‘limi tomonidan 510 ta holatda muddat buzilishi holatlari sodir etilganligi aniqlanib, mazkur holatlar yuzasidan ma’muriy bayonnoma tuzildi. 5 nafar mas’ul shaxsga nisbatan boshqarma tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
Surxondaryo. Viloyatda 5 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan, shundan faqat 949 ta murojaat bo‘yicha tuman hokimligining tegishli qarori chiqarilgan. 4500 dan ziyon arizalarning ijrosi ta’minlanmasdan qolmoqda.
Hatto shu kunga qadar umuman qaror berilmagan tumanlar ham bor. Misol uchun, Sho‘rchi tuman Davlat xizmatlari markaziga 447 ta murojaat kelib tushgan, ammo birortasi mutasaddi organlar vakillari tomonidan ko‘rib chiqilmagan va fuqarolarga yakuniy xulosa berilmagan. Denov tumanida 370 ta kelib tushgan murojaatdan bor-yo‘g‘i 25 tasi qanoatlantirildi, Jarqo‘rg‘onda 777 tadan 22 tasi, Boysunda 94 tadan 4 tasi, Oltinsoy tumanida 541 tadan 21 tasiga komissiya tomonidan ijobiy xulosa berildi. Xullas kalom, eng sust komissiyalardan biri — Surxondaryo viloyatiniki, berilgan qarorlar o‘rtacha ko‘rsatkichi 4 foizga ham yetmaydi.
Farg‘ona. Viloyatda kelib tushgan 3 640 ta arizadan 1712 tasining muddati o‘tkazib yuborilgan. Oqibati esa kaftdagidek namoyon: murojaat etgan fuqarolarning 50 foizga yaqini davlat idoralaridan va joriy etlayotgan islohotlardan norozi.
Andijon Bu viloyatning shahar va tumanlarida ham yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari, qurilish bo‘limlari, davlat soliq inspeksiyalari, ichki ishlar va yong‘in xavfsizligi bo‘limlari, davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limlari mutasaddilari normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarishmayapti.
Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha 800 dan ortiq kelib tushgan arizadan bor-yo‘g‘i 95 tasi hal qilinib, mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida qaror chiqarilgan. Qolgan arizalar hanuz ijrosini kutib yotibdi. Tumanlar bo‘yicha oladigan bo‘lsak, Jalaquduqda 152, Andijon shahrida 71, Paxtaobodda 72, Qo‘rg‘ontepada 70, Marhamatda 55 ta ana shunday ariza bor. Bular-ku mayli, Xonobod shahri, Andijon, Buloqboshi, Izboskan tumanlarida shu kunga qadar birorta ham noqonuniy qurilgan uyga nisbatan hokimliklarning qarori qabul qilinmagani hech bir qolipga sig‘maydi.
Aybdorlarga chora ko‘riladimi?
Bu savol arizasiga o‘z vaqtida tegishli javob ololmay halak bo‘layotgan minglab yurtdoshlarimizni qiynab kelayotgani kundek ravshan.
Yuqorida aytib o‘tilgan Vazirlar Mahkamasining qarorida, joylardagi komissiyalar qarorda nazarda tutilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob berishlari belgilab qo‘yilgan.
Hozirgi kunda ushbu davlat xizmatini ko‘rsatishda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan 184 nafar shaxsga nisbatan Davlat xizmatlari agentligi tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi va vakolatli organlarga 84 taqdimnoma kiritildi. Qo‘llanilgan ta’sir choralariga asosan mutasaddi organlarning 166 nafar xodimi ma’muriy, 61 nafari esa intizomiy javobgarlikka tortildi. Besh nafar shaxs vazifasidan ozod etildi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, hozirgi kunda respublikamiz bo‘ylab o‘tayotgan bir martalik umumdavlat aksiyasi yurtdoshlarimizga qulayliklar yaratish va yashab turgan uy-joylariga tegishli huquqni qo‘lga kiritishlariga qaratilgan.
Achinarli jihati, davlat idoralari vakillaring o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashuvi xalqning davlat organlariga bo‘lgan ishonchi susayishiga sabab bo‘lmoqda.
Davlat xizmatlari agentligi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter