Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Jonli efir uzilgach, nima gaplar bo‘ldi?

Jonli efir uzilgach, nima gaplar bo‘ldi?

Foto: Xalqaro press-klub

Menga eng ko‘p berilayotgan savol shu hozir.

O‘zi g‘alati zanjir reaksiyasi kuzatilyapti: AOKA saytlarga xat chiqardi – savollar tug‘ildi, uning oqibatlarini bartaraf etish uchun bayonot chiqdi – savollar to‘xtamadi, XPKda davra suhbati uyushtirildi va yana savollar paydo bo‘ldi. Ulardan hozir menga eng ko‘p berilayotgani: nega jonli efir uzilib qoldi? Efir uzilgach, nimalar bo‘ldi va uni keng omma to‘liq ko‘ra oladimi?

Avvaliga fikrimni aytay: shaxsan mening nazarimda hozir muammo axborot olishdan ko‘ra ko‘proq, olingan axborotlarni uzatish va xulosalarni aytishda. Ya’ni, davlat idoralarida ochiqlik birmuncha ta’minlangan, axborot xizmatlari, turli portallar, matbuot anjumanlariyu press-turlar bor. Biroq shu axborotni olish, qayta ishlash, faktlar bilan o‘ynash, kontekstdan uzish, nomuvofiq sarlavhalar qo‘yish kabilar bir tomon, tanqidiy fikrlar va xulosalarni zarbulmasal qilmay, ochiq aytish va keyin u aytilgan gaplar o‘chirib yuborilmasligi boshqa tomon – muammolar shu chegaralarda. Shuning uchun matbuot kotiblarining malakasini oshirish kerak bo‘lsa-da, hozir asosiy muammo bu emas (menimcha).

Axborot maydonidagi muammolarga ham matbuot kotiblarining malakasidan ko‘ra ko‘proq ta’sir qilayotgan boshqa omillar bor. Hozir asosiy muammo axborot makonida tomonlarning o‘yin qoidalarini kelishib olib, ularga og‘ishmay amal qilishida.

Davra suhbatiga qaytsam.

Jonli efir uzilgach, munozara va muhokamalar boshlandi. «O‘zbekiston24» jurnalisti Nozima Toshpo‘latova (doim jurnalistikaning yuqori standartlarini gapirib kelgani uchun hurmat qilaman shu qizni) bugun eng katta auditoriyaga ega «Kun.uz» axborot portali bilan ko‘ngilochar telegram kanallari auditoriyasi ko‘lamini misol keltirib, jiddiy jurnalistikaga o‘qilmay va eshitilmay qolish xavf solayotgani haqida gapirdi.

Bloger va huquqshunos Zafarbek Solijonov jurnalistik faoliyatga tazyiq o‘tkazganlik uchun javobgarlik joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi taqdiri bilan qiziqdi. Sodiq  Safoyev bu masala kun tartibida turganini ma’lum qildi.

«Adabiyot» gazetasi bosh muharriri Baxtiyor Karim gazetaning soxta nusxalari chop etilgani va bu holat yetarlicha o‘rganilmagani masalasini ko‘tardi. S.Safoyev bu vaziyat albatta nazoratga olinishini aytdi.

Mavjuda Mirzayeva jurnalistlarga bosimlar bo‘layotgani, xususan, o‘zining ishdan bo‘shatilganini aytdi. Anora Sodiqova OAVning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun maxsus davlat tashkiloti yana qaysi davlatlarda bor deb so‘radi. Akmal Saidov davlatning OAV faoliyatini muvofiqlashtirishi barcha davlatlarda bor deb javob berdi.

Yana bir jurnalist «Ichki senzurani yo‘qotish uchun tashqi senzurani yo‘qotish kerak» degan qiziq tezisni ilgari surdi. Qolganlarga mikrofon tegmadi, vaqt yetmadi.

Tez orada jurnalistlar va blogerlar uchun muhokama portali ochilishi va o‘sha yerda bemalol fikr almashish imkoniyati yaratilishi va’da qilinib, tadbirga yakun yasaldi.

Moderator Sherzod Qudratxo‘jayev jonli efir uzib qo‘yilishiga sabab qilib reglamentni va efir uchun olingan vaqt tugaganini aytdi («Youtube»ga to‘g‘ridan to‘g‘ri translyasiyani ulab qo‘yish mumkin edi, masalan).

Shaxsiy fikrim: moderator tadbir reglamentini va unga ajratilgan vaqtni avvaldan bilar edi. 2 soatlik tadbir uchun 12 ta(!) spiker chaqirish maqsadga muvofiqmidi? Xushnud aytganidek, rasmiylar uzoq gapirishlari to‘g‘rimidi? 2 soat ma’ruzalar va 20 daqiqa savollar – bu muvozanatsizlik, har holda.

So‘z erkinligi uchun qilingan ishlarni va bo‘layotgan o‘zgarishlarni men shaxsiy tajribamdan kuzatib kelmoqdaman: 20 yildan beri shuning ichidaman. «Navoiy 30»dagi bosh senzordan muhr bostirib kelinadigan zamonlardan tortib, bugun rasmiylarga tikka savol beriladigan darajagacha – bari ko‘z oldimdan o‘tdi. Fikr aytish erkinligi bugungi darajada shaxsan mening tajribamda, avval kuzatilmagan. Bularni e’tirof etmay iloji yo‘q. Aynan shu ochiqlik va erkinlik yangi O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini ham oshirdi.

Biroq baribir bu kam, OAV va blogerlar ko‘prog‘ini istaydi, ya’ni sohada rivojlanish dinamikasi susaymasligi kerak. Bugungidek tadbirlar aynan shu mujdani yetkazish uchun zarur.

Faqat ularni niyatlarimiz samimiy ekaniga savollar qoldirmaydigan darajada tashkillashtirish lozim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring