Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

50 ming dollar — mening oylik maoshim emas, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uchun berilgan bir martalik mukofot puli edi...

50 ming dollar — mening oylik maoshim emas, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uchun berilgan bir martalik mukofot puli edi...

Ustozlik — inson hayotiga ta’sir o‘tkazish, uning kelajagiga daxldor qarorlarga sababchi bo‘lish demak. Ayniqsa, bu kasbni yillar davomida chekka hududda sidqidildan ado etib, ilmiy izlanishni ham, oilaviy mas’uliyatni ham birdek yelkada ko‘tarib kelayotgan pedagog uchun e’tirofning har qanday shakli ortida katta mehnat va mas’uliyat bor.

Qoraqalpog‘istonlik pedagog, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nigora Allambergenova ana shunday ustozlardan biri. Uning kasbiy faoliyatida maktab, ilm-fan va shogirdlar hayoti bir-biridan ayro tushmaydi. Ustozlik unga oiladan meros bo‘lgan qadriyat bo‘lsa, ilmiy izlanish uning dunyoqarashini boyitgan, shogirdlarining yutuqlari esa mehnatining eng katta mukofotiga aylangan. Ayniqsa, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uning hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi...

— Nigora opa, bugun sizni xalqimiz «Yil o‘qituvchisi» va 616 million so‘mlik mukofot sohibasi sifatida yaxshi taniydi. Ammo bu mukofotlarni bir chetga surib qo‘ysak, o‘zingizni yana qaysi yutuqlaringiz, ta’lim sohasiga qo‘shgan hissangiz bilan kim deb tanishtirgan bo‘lardingiz?

— Avvalo, men o‘zimni oddiy maktab o‘qituvchisi, Qonliko‘l tumanidagi maktabda faoliyat yurituvchi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, o‘z kasbiga mehr qo‘ygan pedagog va ilmiy izlanishdan to‘xtamaydigan tadqiqotchi sifatida tanishtirgan bo‘lardim. «Yil o‘qituvchisi» unvoni men uchun katta sharaf, ammo mening eng katta yutug‘im shogirdlarimning natijasi.

— Nega aynan o‘qituvchi bo‘lishni tanlagansiz, kim sababchi bo‘lgan bu sohani tanlab, shu darajaga yetishishingizga?

— Bolalikdan o‘qituvchilik muhitida ulg‘ayganman. Ota-onam, bobom, buvim, amakim va ammalarim ham o‘zbek tili o‘qituvchisi bo‘lgan. Dadam Qurbaneyazov Gulmurza — Ajiniyoz nomidagi NDPI professori, fan doktori. Onam Sobirova Hakima Nukus shahridagi 38-sonli maktabda o‘zbek tili fani o‘qituvchisi. Opam Allambergenova Nodira ham filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent. Ona tomondan katta bobom Xivadagi madrasada xon farzandlariga ta’lim bergan. Shuning uchun oilamizda bu kasbga alohida hurmat bilan qaraladi.

Men juda kichikligimdan ilm muhitida ulg‘ayganman. Olti yoshimdayoq barcha harflarni tanirdim. 1997-yilda dadam fan nomzodi bo‘lgan. Undan oldin ilmiy ishini yozuv mashinasida yozardi. Men esa yonida o‘tirib, kitobdan belgilangan joylarni o‘qib turardim. Aks holda bir vaqtning o‘zida kitobga ham, yozuv mashinasiga ham qarash ko‘p vaqt olardi.

13 yoshimda birinchi kompyuterimizni oldik. Dadam doktorlik ishini qo‘lda yozar, men esa kompyuterda ko‘chirib berardim. Shunday qilib, ilmga kirib kelganman. Institutda ham ustozlarim bilan birdek mulohaza yurita olardim, garchi hali ilmiy darajam bo‘lmasa ham.

— Bugungi Nigora Allambergenova o‘zi o‘quvchilik yillaridagi Nigora bilan uchrashsa, unga birinchi navbatda nima degan bo‘lardi?

— «Sen to‘g‘ri ketyapsan, faqat to‘xtama», derdim. Chunki inson o‘z yo‘liga ishonch bilan borsa, natija albatta bo‘ladi. Balki o‘sha paytda bugungi kunlarimni tasavvur ham qilmagandirman. Lekin orzu qilishdan va harakat qilishdan to‘xtamagan bo‘lardim.

— Qonliko‘lda ishlashning shaharda o‘qituvchilik qilishdan farqi nimada, deb o‘ylaysiz? Bu hududda pedagog bo‘lishning siz aytmagan, faqat o‘zingiz biladigan qiyin va o‘ziga xos tomoni nimada?

— Qishloqda o‘qituvchini nafaqat o‘quvchisi, balki uning ota-onasi, mahallasi ham taniydi. Shuning uchun siz har bir harakatingiz bilan o‘quvchiga ham, jamiyatga ham namuna bo‘lasiz. Qishloqda o‘qituvchilar juda qadrlanadi. O‘quvchilar bilan samimiy munosabat o‘rnatish imkoniyati bor. Ammo imkoniyatlar o‘quvchilarga shahardagi bolalar bilan teng bilim berish uchun o‘qituvchidan yanada ko‘proq izlanish talab etiladi.

— Sizni ishdan ketish yoki boshqa kasb tanlash haqida jiddiy o‘ylashga majbur qilgan voqea bo‘lganmi?

— Jiddiy ravishda kasbimni tashlash haqida o‘ylagan davrim bo‘lmagan. Albatta, har bir kasbda qiyinchiliklar bo‘ladi. Lekin o‘quvchining bir og‘iz yaxshi gapi yoki kichik yutug‘i ham insonga yana kuch beradi. Ba’zida o‘quvchilar «Maylimi siz bilan do‘stona gaplashsam», deb kelishadi. Ularni tinglab, meni o‘ziga yaqin olayotganliklaridan quvonaman. Sizni o‘z idealidagi inson sifatida ko‘ra olsa, har qanday o‘quvchi sizga ergashadi.

— Olis hududda ishlayotgan o‘qituvchi uchun eng katta muammo — maosh, sharoit, kadrlar, o‘quvchilar imkoniyati yoki boshqa narsami?

— Menimcha, bitta muammoni ajratib ko‘rsatish qiyin. Sharoit, kadrlar, o‘quvchining imkoniyati — bularning barchasi bir-biri bilan bog‘liq. Lekin eng muhimi yaxshi mutaxassisni hududda ushlab qolish. Chunki aksariyat bilimli va yaxshi kadrlar doim markazga intiladi.

— Sizda «shu bolaning hayoti o‘zgarsa, mening mehnatim bekor ketmabdi», degan hisni uyg‘otgan o‘quvchingiz bormi?

— Albatta, bunday o‘quvchilar bor. O‘quvchining siz bergan bilimdan foydalanib, o‘z yo‘lini topganini ko‘rish — o‘qituvchi uchun eng katta mukofot.

Bir oilada faqat qiz bolalar edi. Dadasi qizlarini «o‘g‘il emas», deb ba’zan xafa bo‘lardi. O‘sha qiz juda yaxshi o‘qib, tanlovlarda qatnashdi. O‘qishga kirdi va o‘zining hech bir o‘g‘ildan kam emasligini isbotladi.

— O‘quvchilaringiz sizning «Yil o‘qituvchisi» bo‘lganingizni qanday qabul qildi? Ular orasida sizga aytilgan eng ta’sirli gap qaysi?

— Juda samimiy qabul qilishdi. Ayniqsa, kichik yoshdagi o‘quvchilarning munosabati menga juda ta’sir qildi.

2024-yilda davlatimiz rahbari bilan ilk muloqotimni 2-sinf o‘quvchisi ko‘rgan ekan. Keyin menga: «Ustoz, Prezident bilan telefonda gaplashgandingizmi?» deb so‘radi. «Ha, gaplashdim», desam, «sizda ularning raqami bormi», deydi. Bu oqko‘ngillik va samimiyat to‘la ko‘zlarni sira unutmasam kerak. Men o‘shanda unga «Hozircha yo‘q, nasib shunday kunlar kelib qolar» deb javob bergandim.

— Prezident bilan muloqotda siz «50 ming dollar olyapman», dedingiz. Bu jumla jamoatchilikda turlicha talqin qilindi. Aniqlik kiritadigan bo‘lsak, 50 ming dollar — sizning oylik maoshingiz emas, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uchun berilgan bir martalik mukofot puli, shundaymi?

— Ha, bu hayajonga to‘la so‘zlar edi. Bu mening oylik maoshim emas, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uchun berilgan bir martalik mukofot puli edi. Yaratilgan imkoniyatlar uchun yurtboshimizga o‘z minnatdorchiligimni aytmoqchi edim. Avvalgi muloqotda «4 ming dollar maosh oling», deb aytganlarini eslab, bugun ham izlanishdaman, sizning oldingizdagi va’damni bajardim, demoqchi edim aslida. Bu tushunmovchilik uchun barchadan uzr so‘rayman.

— Ikki yil avval muhtaram Prezidentimiz bilan suhbatda 2 ming dollar maosh olishingizni aytganingizda, ular maoshingiz 4 ming dollarga yetishiga umid qilgandilar. Sir bo‘lmasa, hozirgi oylik maoshingiz qancha? 616 millionlik mukofotdan keyin doimiy oylik daromadingiz o‘zgarganmi?

— Hozirgi oylik daromadim 26 million so‘m. Bundan tashqari, uch yildan buyon «Vazir ustamasi»ni ham olyapman. 24 soat darsim bor, 300 foiz ustama egasiman.

— O‘sha kuni Prezidentga «50 ming dollar olyapman», deganingizda, bu gapingiz qanday tushunilishi haqida o‘yladingizmi yoki o‘sha lahzada hissiyot ustun keldimi?

— O‘sha lahzada hissiyot ustun kelgan. Men oddiy maktab o‘qituvchisiman va so‘zlarim yurakdan chiqdi. Videomuloqot bo‘lsa ham, Prezident bilan muloqotning o‘zi insonda katta hayajon uyg‘otar ekan, salobatlari bosar ekan.

— Ijtimoiy tarmoqlarda tushunmovchilik sabab negativlar juda ko‘paydi, ularni o‘qib ko‘nglingizdan nimalar o‘tdi?

— Albatta, og‘ir ta’sir qildi. O‘quvchilarim, ota-onam, farzandlarim o‘qiganidan juda uyaldim. Bu tanlovda qatnashish 3 bosqichdan iborat edi. Farzandlar, oila, ro‘zg‘or va maktabdan bo‘sh vaqtimda necha tunlar bedorlikda tayyorgarlik ko‘rdim. Ustozlarimdan maslahat oldim. Huddi Martin Iden kabi uyqu vaqtini 4 soat qilib belgilab oldim. Insonni noto‘g‘ri tushunishlari, aytmagan ma’noni gapiga yuklashlarini qabul qilish oson emas.

— Prezidentning siz aytgan gapga munosabatini eshitgan paytingizda nimani his qildingiz?

— U kishining xursand bo‘lib ketganlarini ko‘rib, o‘zim ham juda hayajonlanib ketdim. Ularning maqtovlarini «qani endi dadam ham eshitsalar», degan o‘y eng birinchi hayolimga keldi. Chunki ilm yo‘lidagi ilk ustozim — bu dadam.

— 616 million so‘mlik mukofot puli qo‘lingizga tekkan ilk daqiqada birinchi bo‘lib nimani o‘yladingiz?

— Avvalo, Allohga shukurlar aytdim. Buni ta’riflash qiyin. Shu bilan birga, bu mukofot menga yanada katta mas’uliyat yuklaganini his qildim. Attestatsiya sinoviga kirayotganimda juda istagan edim. «Allohim, shu mukofotni menga nasib qilgin», deb juda niyat qilgan edim.

— Sizningcha, o‘qituvchi mehnatini katta pul mukofoti bilan rag‘batlantirish pedagoglarning kasbga munosabatiga qanday ta’sir qiladi?

— Bu, avvalo, o‘qituvchi mehnati jamiyat tomonidan qadrlanayotganini ko‘rsatadi. Moddiy rag‘bat insonga katta motivatsiya beradi. Lekin o‘qituvchilikni faqat pul uchun tanlab bo‘lmaydi. Chunki har kuni bola bilan ishlash, uning muammosini tushunish, o‘z ustida ishlash uchun kasbga mehr ham kerak.

— Mukofot puli olganingizdan keyin odamlarning sizga munosabati o‘zgardimi, hamkasblaringiz buni qanday qabul qildi?

— Hamkasblarim juda yaxshi qabul qilishdi. «Siz bunga loyiqsiz», «Sizga ishonar edik», «Halolingiz bo‘lsin», degan gaplarni aytishdi. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar sabab, o‘zimni juda yomon his qildim. Lekin jamoam meni doimo qo‘llab-quvvatladi. Bu men uchun juda muhim. Ahil jamoamga har doim rahmat aytaman.

— Prezident bilan ikki marta muloqot qilgan inson sifatida ayta olasizmi, birinchi uchrashuvingizdagi Nigora bilan bugungi Nigora o‘rtasida qanday farq bor? Keyingi galgi uchrashuv nima munosabat bilan bo‘lishini istardingiz?

— Bundan oldingi muloqotda eng chekka hududda yashasam ham, oddiy maktab o‘qituvchisi bo‘lsam ham, inson qadriga sadoqat bilan xizmat qilsa, «mo‘jizalar» yuz berishini his qildim. Keyingi gal Prezidentimiz bilan Qo‘rako‘lda uchrashishni istar edim.

— Ko‘pincha muvaffaqiyatli inson haqida gapirganda uning ortidagi oila a’zolarining ham mehnatini unutib qo‘yamiz. Sizning yutug‘ingiz ortida kimlarning mehnati bor?

— Bu yutuq ortida, birinchi navbatda, oilam bor. Meni hamisha tushunib, qo‘llab-quvvatlaydigan yaqinlarim boriga shukur. Shu fursatdan foydalanib, turmush o‘rtog‘im, qaynonam va farzandlarimga rahmat aytaman.

— Ish, ilmiy izlanishlar va oilaviy hayot o‘rtasida muvozanatni qanday saqlaysiz?

— Oson emas. Kunduzi oddiy ona, uy bekasi va ustozman. Ilmiy ishlarim bilan asosan tunda yoki tongda shug‘ullanaman.

— Filolog-tadqiqotchi sifatida o‘zbek va qoraqalpoq tillarining frazeologiyasi bo‘yicha tadqiqot olib borgan ekansiz, PhD dissertatsiyasini himoya qildingizmi? Tadqiqot ishingiz orqali qanday yangilik qila oldingiz yoki endi qilmoqchisiz?

— Ha, 2023-yil 18-martda ilmiy ishimni himoya qilganman. Ilmiy rahbarim — Xudayarova Muhabbat bilan tadqiqotimizda o‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi nutq ma’noli frazemalarni qiyoslab, ma’nolarini tahlil qildik. Bu qoraqalpoq grammatikasida o‘rganilmagan yo‘nalish edi.

— Ilmiy izlanishlaringizda o‘rgangan narsalaringiz dars berish uslubingizni o‘zgartirganmi?

— Albatta, chunki ta’lim jarayoni qoraqalpoq tilida bo‘lgan maktabda dars beraman. Ilmiy ish sabab bu tilni ham mukammal o‘rganib, o‘quvchilarimga mavzularni ikki tilda solishtirib, o‘rgata olyapman.

— Sizning eng katta tanqidchingiz kim — o‘zingizmi, yaqinlaringiz yoki hamkasblaringizmi?

— Ham tanqidchim, ham ustozim — dadam. Ular eng yaqin maslahatchim.

— Uyga charchab qaytgan kuningizda ham ertangi dars haqida o‘ylaysizmi? Yoki ishni maktabda qoldirib ketishni o‘rganganmisiz?

— Hech qachon ishim maktabda qolmaydi, menimcha. Ko‘pincha o‘qituvchilar farzandidan ham ko‘proq o‘quvchilarini o‘ylab yashaydilar. Men ham doimo o‘quvchilarimni o‘ylab yuraman. Ularning kichik yutug‘i ham meni quvontiradi.

— Ota-onangiz bugungi yutug‘ingizni ko‘rib, sizga nima dedi? Ularning qaysi gapi siz uchun eng ta’sirli bo‘ldi?

— «Qizim, Sirojiddin Sayyid boshqa hech qaysi Nigora ustoz haqida she’r yozmagan. Sen yurtboshimizning yodida qolgansan. Bu o‘qituvchi uchun eng katta sharaf» deyishdi.

— Agar bugungi mukofot, Prezident bilan muloqot va «Yil o‘qituvchisi» unvoni hamda hozirgidek yuqori maoshingiz bo‘lmaganida ham, ertaga yana maktabga borishga sizni nima undardi?

— Hayotim mazmuniga aylangan jonajon maktabim, o‘quvchilarim. Bir kun bormay qolsam, sog‘inib qolaman.

— O‘qituvchi uchun yaxshi maosh muhimmi yoki jamiyatdagi hurmat?

— Hurmat va e’tibor muhim.

— Bugungi bolalarni o‘qitish qiyinlashdimi yoki fanlar avvalgidan qiyinlashdimi? Balki biz, kattalar, hozirgi zumerlarni tushunishga harakat qilmayotgandirmiz?

— Bolalar nimani bilishini, qaysi fanni o‘rganishni, qaysi mavzuga qiziqishini bilmasangiz, yaxshi o‘qituvchi bo‘la olmaysiz. Ularni qalban his qila olsangizgina sizni hurmat qilishadi.

— O‘quvchining bahosi past bo‘lsa, siz birinchi navbatda bolani ayblaysizmi yoki «men bu bolaga bilimni boshqacha usulda tushuntirishim kerak», deb o‘ylaysizmi?

— Avvalo, o‘zimni ayblayman. «Nega o‘zlashtira olmayapti?», deb o‘ylayman. Keyingi darsimda o‘sha o‘quvchimga ko‘proq e’tibor beraman.

— Bugungi kunda davlat maktablari avvalgidek dars bermayotgandek, puli bor inson iloji boricha farzandini xususiy maktabga berishga intiladi. Bunga o‘qituvchilar aybdormi yoki maoshlar kamligi sababmi?

— Jamiyatda shunday fikr shakllanib qolgan. Aslida hali ham fidoyi hamkasblarimiz bor. Ularning shogirdlari tushdan keyin maktabga kelib to‘garaklarda qatnashib, hatto qo‘shimcha ishlab ham turli sertifikatlarni olayotganlar bor. Lekin ota-onalar ko‘p hollarda repetitorni afzal ko‘rishadi.

— Siz o‘quvchilarni faqat fan bo‘yicha o‘qitasizmi yoki uni hayotga tayyorlashni ham o‘z vazifangiz deb bilasizmi?

— Faqat fanni emas, hayotni ham o‘rgatish kerak, deb bilaman. O‘quvchilarga to‘g‘rilik, halollik, do‘stlikni qadrlash, mehnat qilish va insonni hurmat qilishni o‘rgatishga harakat qilaman. Chunki maktab faqat bilim beradigan emas, inson shaxsi shakllanadigan muhit.

— Hayotingizda hech kim bilmaydigan, lekin bugungi Nigora bo‘lishingizga sabab bo‘lgan bir qiyin davr bo‘lganmi?

— Hayotimda bir farzandimni baxtsiz hodisa sabab yo‘qotganman. Bu og‘riqni so‘z bilan ifodalash qiyin. Lekin bu voqeadan olgan eng katta sabog‘im boladan qadrli hech bir ne’mat yo‘q. Shuning uchun har bir o‘quvchimga kimningdir jondek aziz farzandi sifatida qarayman. Unga shunday munosabatda bo‘lish kerakki, ertaga qilgan ishingizdan afsus chekmasligingiz kerak.

— Siz uchun eng katta qo‘rquv nima — muvaffaqiyatsizlikmi yoki muvaffaqiyatdan keyin unga mos bo‘la olmaslikmi?

— Muvaffaqiyatga munosib bo‘la olish eng qiyini.

— Bugun minglab o‘qituvchilar sizga havas bilan qarashadi. Sizning ularga aytar gapingiz?

— Har bir o‘quvchingizni o‘z farzandingizdek ko‘ring. Ulardagi imkoniyatni ko‘rishga harakat qiling va o‘zingizda bor bilimni berishga erinmang. Doimo o‘qing, o‘rganing, o‘z faningizdagi yangiliklarni kuzatib boring. Eng muhimi, kasbingizni seving!

— Kun kelib o‘quvchilaringiz xotirasida qaysi gapingiz bilan qolishini istar edingiz?

— Faqat yaxshi xotiralar bilan eslashlarini xohlardim.

— Bugun sizga «Yil o‘qituvchisi» degan unvon berildi. Ammo o‘zingiz uchun hali olinmagan eng katta unvon yoki erishilmagan eng katta maqsad nima?

— «Xalq o‘qituvchisi» bo‘lish!

Yana bir katta maqsadim o‘quvchilarimni asosiy olimpiadaning respublika bosqichida g‘olib qilish. Chunki shogirdlarning muvaffaqqiyati — ustozning eng katta yutug‘idir!

E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring