Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Normurodov

Axir u besh yoshda edi...

Axir u besh yoshda edi...

Illyustrativ foto / Sun’iy intellekt

Besh yosh. Men besh yoshlik paytimni eslasam, ko‘z oldimga shiftdan tushib ketgan qaldirg‘och bolasi keladi. O‘shanda o‘sha mitti jonivorning taqdiriga chidolmay, necha kunlab achinib, ko‘z yosh to‘kkandim. Besh yoshli bolaning idroki shunchalik beg‘ubor, shunchalik sof va rahmdil bo‘ladi. U dunyodagi har bir tirik jonning og‘rig‘ini o‘zinikidek his qiladi. Uning olami faqat mehrdan, ertaklardan va beg‘ubor orzulardan iborat.

Ammo bugun... Namangandagi o‘sha besh yoshli mitti farishtaning beg‘ubor olamini vahshiylarcha chil-chil qilishdi. Biz qaldirg‘ochning bolasi yerga tushsa yig‘laydigan tarbiyadan, o‘z go‘dagini himoya qila olmaydigan, jamiyatda maxluqlarni voyaga yetkazadigan darajaga qanday kelib qoldik?

Besh yosh — hali hayot nimaligini, yomonlik neligini bilmaydigan davr. Bu yoshda bolaning eng katta dardi o‘yinchog‘i sinishi yoki kapalakning uchib ketishi bo‘lishi kerak edi. Ammo qaysidir bir maxluqning nafsi sabab, bir murg‘ak qalbning butun umri, sofligi va bolaligi kuyib kul bo‘ldi. Bu zulm faqat u go‘dakka emas, butun insoniyatga, millatning yuziga tushirilgan qora dog‘dir! Mitti qaldirg‘och beg‘ubor bolalikning ramzi edi. Bugun esa o‘sha qaldirg‘ochning qanotlarini sindirishdi.

Bugun men yana o‘sha besh yoshli go‘dakdek hayronman va bir narsani aqlimga sig‘dirolmayapman: qanday qilib?

Qanday qilib inson bu vahshiylikka qo‘l urishi mumkin?! Bugun jamiyatimizdagi mana shunday iblislar borligi uchun, go‘daklarni himoya qila olmayotganimiz uchun, erkak bo‘lganimdan uyalaman va boshim yerga tekkuncha egik. Nomusi toptalgan farishtagina emas, bugun butun millatning vijdoni zo‘rlandi. Kechir bizni, bolajonim... Biz seni asrolmadik. Bu vahshiylikka jim turish — jinoyatga sherik bo‘lishdir! Maxluqlar eng oliy jazoga mahkum etilishi shart, toki yer yuzida besh yoshli qaldirg‘ochlarning qanoti boshqa hech qachon sinmasin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring