Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalist huquqi: «ochiq ma’lumotlar» yoki «maxfiy hujjatlar»

Jurnalist huquqi: «ochiq ma’lumotlar» yoki «maxfiy hujjatlar»

Jamiyat axborot xavfsizligini ta’minlash borasidagi qonun hujjatlarini amaliyotga tadbiq etishning ikkita yondashuvi bor: qonunlar barchaga – fuqarolar, tashkilotlar va davlat manfaatlari balansiga asoslanib, jamiyatni «axborot tahdididan himoyalash» maqsadida axborot almashinuvining oqilona rejimini o‘rnatadi yoki aksincha, shu mezon bahonasida axborot kanallarini yopadi.

Ommaviy axborot vositalaridan quyidagi maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi: amaldagi konstitutsiyaviy tuzumni, O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga chaqirish; urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish; davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni oshkor qilish; milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atuvchi ma’lumotlarni tarqatish; giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni, pornografiyani targ‘ib qilish; qonun hujjatlariga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish ta’qiqlanadi. Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati yoki obro‘sini kamsitishga, shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Sud qarori e’lon qilinib, qonuniy kuchga kirmaguncha, prokurorning yoki tergovchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini OAV, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilish qonunga xilof («Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonun, 6-modda).

 Jurnalistlar va OAV uchun ochiq ma’lumotlar

O‘zbekiston ochiq ma’lumotlar portalida turli sohalar yo‘nalishidagi minglab ma’lumotlar joylashtirilgan. Jurnalist har bir soha ma’lumotlariga kirib, ochiq ro‘yxatni ko‘rmasdan ham, qanday ma’lumotlar yopiqlikka tasniflanmasligini bilishi foydalidir. Bularga quyidagi ma’lumotlar kiradi:

  • aholi xavfsizligi va salomatligiga tahdid soluvchi favqulodda vaziyatlar, ofatlar, tabiiy ofatlar, ularning rasmiy prognozlari, oqibatlari to‘g‘risida;
  • ekologiya, sog‘liqni saqlash, sanitariya, demografiya, ta’lim, madaniyat, qishloq xo‘jaligining holati, shuningdek jinoyatchilik holati to‘g‘risida;
  • davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar, kompensatsiyalar to‘g‘risida;
  • fuqaroning huquq va erkinliklari buzilishi faktlari to‘g‘risida;
  • oltin zahiralari va davlat valyuta zahiralari miqdori to‘g‘risida;
  • yuqori mansabdor shaxslarning sog‘lig‘i holati to‘g‘risida;
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning mansabdor shaxslari tomonidan qonun buzilishi holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Bularning barchasi OAV (shuningdek, boshqa fuqarolar) uchun ochiq ma’lumotlar bo‘lib, tahririyat yoki jurnalist so‘roviga binoan taqdim etilishi shart.

 Jurnalist maxfiy hujjatlar bilan qanday ishlashi kerak?

Ba’zida jurnalist uchun tarkibida davlat sirlari yoki maxfiy saqlanishi kerak bo‘lgan hujjatlar, ma’lumotlar, ob’yektlar bilan tanishish zaruriyati paydo bo‘ladi. Aytish joizki, ma’lumotlar qonunan ikki turga ajratiladi: birinchisi bu – umumiy foydalanish uchun, ya’ni ochiq ma’lumotlar; ikkinchisi – foydalanishi cheklangan ma’lumotlar. Foydalanishi cheklangan ma’lumotlar (davlat sirlari, sirlar, maxfiy hujjatlar) bilan ishlashda jurnalist eng avvalo maxfiylik nima ekanligini, qanday ma’lumotlar qonunan sir saqlanishini, belgilangan mavzu doirasida nimalarni yoritishi kerakligi va qaysi mutaxassislar materialga ekspert sifatida taklif etilishi, o‘ziga kerakli ma’lumotni kimdan qanday olishi mumkinligi haqida reja tuzish bilan birga qonun doirasida himoyalangan axborotni oshkor qilganlik uchun qanday jazo belgilanishi haqida ham bilib olishi zarur. Bir qarashda bu mayda ishdek tuyuladi, lekin qunt qilinsa, amalga oshirish mumkin. Chunki qonun hujjatlari ham ochiq ma’lumotlar sirasiga kiradi.

Ba’zi tashkilotlarning axborot xizmatlari ichki tartib-qoidalarni ro‘kach qilib jurnalistga muammoli mavzularni yoritishda kerak bo‘ladigan ma’lumotlarni bermasligi mumkin. Bunday holatda jurnalist asos-hujjat talab qilish huquqiga ega. Ko‘pincha, bu kabi holatlarda tashkilot hujjatidagi maxfiylik ro‘yxatlari hajmi katta va ortiqcha ko‘rilgan ehtiyot chorasi sifatida murakkablashib ketgan bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 98-moddasiga xizmat va tijorat sirlari to‘g‘risidagi me’yor kiritilgan. Biroq, hujjatda ma’lumotlarni tayinlash uchun yagona tartib joriy etilmagan. Bu shuni anglatadiki, korxona va tashkilotlarning ichki tartibi doirasida o‘rnatilgan maxfiy ma’lumotlar sirasi ko‘p holatlarda asossizdir. Shu o‘rinda aytib o‘tish joiz, normativ hujjatlarda ko‘zda tutilmagan har qanday maxfiylikni ixtiro qilishdagi «havaskorlik faoliyati» ham mutlaqo noqonuniy harakat deb baholanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining 1993 yildagi «Davlat sirlari saqlash to‘g‘risida»gi qonunidagi 3-modda – davlat sirlarining kategoriyalari, 5-modda – axborotlarni davlat sirlariga mansub deb topish, 7-modda – axborotlarni maxfiylashtirish muddatlari haqidagi me’yorlar mavjud bo‘lib, har qanday sir yoki maxfiylik darajasi ushbu qonunlar doirasida ko‘rib chiqlishi va ularga asoslanishi zarur. Shundagina, ma’lumotlar qonunan «yopiq ma’lumotlar» sirasiga kiritilishi va rasman hujjatlashtirilishi mumkin.

Mazkur qonun «davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, mulk shaklidan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalar, O‘zbekiston Respublikasining harbiy tuzilmalari va fuqarolarining respublika hududidagi hamda uning tashqarisidagi faoliyatining barcha turlarida davlat sirlarini saqlashning huquqiy asoslab berib», «mutlaqo maxfiy va maxfiy bo‘lgan harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va o‘zga xil ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlari hisoblanadi» (1-modda). Demak, maxfiylik biror soha faoliyati va davlat xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgan ikkita asosiy xususiyatga ega bo‘lishi kerak.

Jurnalistning maxfiy ma’lumotlarga ega bo‘lishi bilan ushbu ma’lumotlarni oshkor qilish mas’uliyati boshqa-boshqa masalalardir.  Agar jurnalist beixtiyor tarzda maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, vaziyat boshqacha tus oladi. Jinoyat kodeksiga ko‘ra, davlat sirlari, maxfiy hujjatlarga mas’ul shaxslar belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda ish tutsa javobgarlikka tortiladilar («Davlat sirlari saqlash to‘g‘risida»gi qonun, 10-modda). Buni qarangki, barcha qonun talablari ushbu mezonlar asosida ishlaydi – xizmat yuzasidan jurnalist turli ma’lumotlarni yig‘adi. Biroq, maxfiylikka mas’ul shaxslarga oid mezonlar konteksidan ma’lumki, davlat sirlari bilan ishlash jurnalistning majburiyatiga kirmaydi. Bu esa o‘z navbatida, maxfiy ma’lumotni oshkor qilganlik uchun javobgarlikni talab qilmaydi.

Fuqarolarning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlar qanday himoyalanadi?

Fuqarolarning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarning himoyasi qonunlarda belgilab berilgan. «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunda bu borada quyidagi ta’rif berilgan: shaxs, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligini ta’minlash (19-modda). Ushbu ta’rif shaxsiy ma’lumotlarning to‘liq konsepsiyasini bermaydi. Biroq qonun doirasida shaxsiy va oilaviy ma’lumotlarni, ichki yozishmalar, telefon suhbatlari, pochta, telegraf va ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ishni, saqlashni, ulardan foydalanishni va tarqatishni ta’qiqlaydi. Davlat yoki boshqa tashkilotlar tomonidan to‘planadigan shaxsiy ma’lumotlar ro‘yxati mavjud qonunchilik doirasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan, ya’ni davlat tashkilotlari va jismoniy shaxslarning shaxsiy ma’lumotlarini yig‘ish, ularni qayta ishlash, tarqatish bilan bog‘liq faoliyatlar litsenziyalanishi kerak.

Turli faoliyat sohalarida shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishga maxsus, professional cheklovlar qo‘yadigan qonunlar mavjud. Masalan, 1996 yilda qabul qilingan «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni tomonidan shaxslarning shaxsiy omonat va operatsiyalar sirlari himoyalangan. Shuningdek, «Fuqarolar sog‘lig‘igini saqlash to‘g‘risida”gi qonunda (1996) shaxsga doir tibbiy ma’lumotlar ham himoya ostiga olingan. Shunday qilib, shaxsiy sirlarni saqlash mezonlari professional sirlarni o‘rnatish uchun asos bo‘ladi.

Jurnalistning biror shaxs to‘g‘risida beixtiyor tarzda OAVda xabar berishi shaxsiy manfaatlarga zid harakat tarzida talqin etilishi mumkin. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra mazkur shaxs jurnalist ustidan shikoyat qilib, ma’naviy, moddiy zararni qoplash masalasini sud orqali hal qilishga haqli.

Masalan, yetim bolalar haqidagi maqolaga duch kelgan bir fotosurat bilan to‘ldirish holati gazetalarning birida yuz bergan (1990-yillar). Gap shundaki, maqolaga ilova qilingan suratdagi bola yetim emas, ota-onali bola edi. Bu anglashmovchilik yuzasidan bolaning ota-onasi tahririyatga murojaat qilganlaridagina ma’lum bo‘lgan. Bu holatda tahririyat «uzr» so‘rash bilan cheklangan edi. Xozirgi vaziyat va qonunlar boshqa.

Yoki fotomuxbir siyosiy miting jarayonini suratga olish paytida ehtiyotsizlik qilib, jarayon fonida tasodifiy o‘tkinchilar aks etgan suratlarni OAVda e’lon qilgan bo‘lsa; taniqli bir shaxsning telefon suhbatlari yozilgan audio-kontentni OAVga berib yuborilsa; tergovga ma’lum bo‘lgan shaxsiy tibbiy xulosalarning OAVga tarqatilishi, shaxsiy hayotga tegishli bo‘lgan jarayonlarni yashirincha yoki xonadonga bostirib borib to‘satdan olingan videoyozuvlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilsa... bunday holatlar milliy jurnalistikamiz va blogerlik faoliyatimizda juda ko‘plab uchraydi. Tasodifan yoki kimlarningdir manfaatlari yo‘lida xizmat qilishiga qaratilgan bu kabi kontentlar ustidan ham tegishli idoralarga murojaat etib, qonun doirasida jurnalistlar, blogerlar va bu qilmishlarni amalga oshirgan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish mumkin.

OAV yoki jurnalistga tahdid

Ba’zida jurnalist yoki blogerlarning o‘zlari noqonuniy kuzatuv nishoniga aylanadi. OAV vakillariga nisbatan bu kabi «yuqori e’tibor» ularning professional faoliyatlari bilan bog‘liq. Jurnalist biror bir mansabdor shaxsning noqonuniy tijorat ishlarini fosh etishi ham o‘zining shaxsiy xavfsizligiga daxl etishi turgan gap. Garchi jurnalist qonun doirasida ish tutib, ma’lumotlarni ochiq axborot tizimlaridan, tashkilotlardan, mutaxassislardan, shaxsiy kuzatuvlari, surishtiruvlari orqali olgan bo‘lib, material jurnalistikaning barcha talablari doirasida bajarilgan («Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun, 9-modda) bo‘lsa-da, bu uning xavfsizligiga kafolat bo‘la olmaydi.

Agar noqonuniy ishlari fosh etilgan shaxs mashhur amaldor bo‘lsa, u holda jurnalistga darrov va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid etmaydi. Chunki u axmoq emas, e’lon qilingan materialdan keyin butun jurnalistlar ahli, xalq uni kuzatayotganini biladi. U to material o‘rnini boshqa biror sensatsiya egallab, odamlar bu haqda unutmaguncha jurnalistga tegmay, sabr qiladi. Hatto bu orada u jurnalistni tasodifiy falokatlardan himoya qiladi. Chunki biladiki, jurnalistning boshidan biror tuki to‘kilsa ham gumonlar unga borib taqaladi.

Ammo hamma fosh bo‘lganlar ham bunday yo‘l tutavermaydi, ba’zilari o‘ziga qattiq ishonadi va jurnalistga, hatto OAVga tahdid qilishni kechiktirib o‘tirmaydi. Tahdidlar ochiq yoki yopiq amalga oshiriladi. Ochiq tahdidda jurnalist o‘ziga moddiy, ma’naviy zarar kim tomonidan va nima uchun kelayotganini biladi. Yopiq tahdidda buning iloji yo‘q. Bunda tahdid mohiyati o‘zgarmaydi, zarar moddiy, ma’naviy va hatto, jismoniy bo‘lishi mumkin. Lekin bu zararlar kim tomonidan yetkazilayotganini bilib olish qiyin kechadi.

Jurnalist shu va boshqa mavjud qonunlarga asoslangan holda ta’qib olib borayotgan shaxs ustidan tegishli idoralarga murojaat etishi kerak. Tahdiddan himoya chorasi sifatidagi bu taklif kulgili tuyular, ayniqsa, fosh bo‘lgan qahramonimiz nufuzli shaxs bo‘lsa. Lekin «qonun hamma uchun barobar» degan iborani eslatish joiz (yanayam kulguli bo‘lsa-da). Har sohada «jamoatchilik nazoratini kuchaytirish» masalalari dolzarb bo‘lib turgan bir paytda, ijtimoiy tarmoqlarning roli beqiyos bo‘lmoqda. Ijtimoy tarmoqlar himoya choralaridan biri sifatida jurnalistning «joniga oro» bo‘lishi tayin. Chunki jurnalist o‘ziga nisbatan bo‘layotgan tahdidlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilikka gapirib berishi mumkin.

Muhayyo Saidova,
jurnalist.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring