Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kaliy zavodi atrofidagi mojarolar hal bo‘lmoqda: ishchilar maoshi uchun 70 ming dollar ajratildi

Kaliy zavodi atrofidagi mojarolar hal bo‘lmoqda: ishchilar maoshi uchun 70 ming dollar ajratildi

Foto: O‘zA

Yodingizda bo‘lsa, bundan bir necha kun oldin «Kaliy zavodidagi yirik mojaro: kim aybdor — rus kompaniyasimi, MIBmi yoki 3 yildan beri maosh olmayotgan oddiy ishchilar?» nomli maqola e’lon qilgan edik.

Maqolada Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi pudratchisi — Rossiyaning «ZUMK injiniring» kompaniyasi besh yuzdan ziyod ishchining uch yillik maoshini bermay, ikki yildan buyon sarson qilayotgani aytilgan, zavod direktori Hamidullo Shermatov ushbu muammoni ijobiy hal etish uchun yordam berishni va’da qilgan edi.

«Xabar.uz»ga ma’lum qilinishicha, kuni kecha «ZUMK injiniring» ishchilarning oylik maoshi uchun Majburiy ijro byurosining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi hisob raqamiga 70 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ o‘tkazgan. Ushbu mablag‘ hozir konvertatsiya qilingan va shu hafta ichida ishchilarga tarqatiladi.

Bu jarayonda zavod rahbariyati, xususan, direktor Hamidullo Shermatovning jonbozligini alohida e’tirof etmoq joiz. Chunki zavod rahbariyati o‘z pudratchisi — «ZUMK injiniring» kompaniyasiga ishchilar oyligini to‘lash shartini qo‘ygan va natijada yuqorida aytilgan pul o‘tkazilgan.  To‘g‘ri, «ZUMK injiniring» kompaniyasi ajratgan pul jami qarzdorlikni qoplash uchun yetarli bo‘lmasa-da, har holda muammoni hal qilish uchun ilk qadam qo‘yildi.

Umid qilamizki, qarzning qolgan qismi ham undiriladi. Har holda zavod vakillari bizni shunga ishontirmoqda. Ularning aytishicha, bundan keyin ham ushbu masala e’tibordan chetda qolmaydi, vaziyat nazorat qilib boriladi.

Shu o‘rinda o‘quvchilarimizga yana bir ma’lumotni keltirishni lozim topdik. Shu kunlarda Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi va «ZUMK injiniring» kompaniyasi o‘rtasida sud jarayonlari davom etmoqda.

Gap shundaki, zavod va rus kompaniyasi o‘rtasida 2010, 2011 va 2013-yillarda sanoat-tajriba ishi bo‘yicha tuzilgan pudrat shartnomasi 2015-yilning 10-sentyabrida Toshkent shahar xo‘jalik sudi apellyasiya instansiyasi qarori asosida haqiqiy emas deya topilgan edi (bunga bajarilgan ish ko‘lami asossiz ravishda oshirib ko‘rsatilgani sabab bo‘lib, bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi qarori ham chiqqan).

Ammo shu yilning 27-fevral kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi «ZUMK injiniring» foydasiga 6,2 million AQSh dollari undirish haqida ajrim chiqargan.

Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi vakillarining aytishicha, zavodning xo‘jalik sudi tomonidan tan olingan 2010–2011-yillarda qilgan 8,2 million dollarlik xarajati Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi e’tiboridan chetda qolgan.

Ertaga, 17-aprel kuni ushbu ish Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqiladi. Zavod mutasaddilarining ma’lum qilishicha, agar sud qarori kuchida qolsa, bu Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi iqtisodiy faoliyatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Chunki da’vo qilinayotgan summa zavod eksportining deyarli uch oylik hajmiga teng bo‘lib, minglab odamlar mehnat qilayotgan zavod ishlab chiqarishini so‘roq ostiga qo‘yadi.

Ushbu sud majlisida «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali muxbiri ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring