Kasb etikasini etik qilib kiyganlar yoxud aybsiz aybdor, aybdor aybsizmi...
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan shaxs bilan IIO xodimi o‘rtasidagi og‘zaki mojaro aks etgan video tarqaldi va turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB quyidagicha ma’lumot berdi: «Joriy yilning 18 dekabr kuni taxminan soat 14.30 larda voyaga yetmagan 2007 yilda tug‘ilgan Yu.S. «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Bektemir tumanidagi savdo majmualaridan birida qandolat mahsulotlari xodimlari bilan o‘zaro janjal yuzaga kelgani haqida xabar bergan. Mazkur xabar yuzasidan yetib kelgan tuman IIO FMB PPX xodimlari voyaga yetmagan Yu.S.ga nisbatan qo‘pollik qilgan.
Toshkent shahar IIBB rahbariyati fuqarolarga nisbatan xodimlar tomonidan qo‘pol muomalada bo‘lish holatlarini qoralaydi. Videodagi holat yuzasidan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruv tayinlandi, qisqa muddat ichida xizmat tekshiruvi yakunlanib, aybdor xodimlarga nisbatan qat’iy chora ko‘rilishi ta’minlanadi».
Xodimlar tomonidan nafaqat qo‘pol muomala, agar befarqlik bo‘lsa-chi? Shikoyat qiluvchining arizasiga o‘z vaqtida javob berilmasa, jabrlanuvchining shikoyat arizasi qondirilmasa-chi?
Ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar qiz kechasi bir yigitning tegajog‘lik qilgani, u qizlar ichki ishlarga ariza yozishganida «qiz bola nega ko‘chada bemahal yuradi» deganga o‘xshash bepisandlarcha javob aytishgani ham katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Mana shu keys ko‘pgina ichki ishlarning befarqligidan zada bo‘lganlarning «dil yara»sini ochgan bo‘lsa ajabmas.
200 dollarlik 200 mashmasha
«O‘tgan yilning 5 dekabr kuni uyimga mebel yasattirish uchun tanish ustaga qo‘ng‘iroq qildim, deb post qoldiradi o‘z sahifasida hamkasbimiz — jurnalist Gulruh Yormatova. — U hozir vaqti yo‘qligini, agar xohlasam boshqa mebelchi tanishining raqamini berishini aytdi. Xullas, tanishim aytgan mebelchi bolaning telefon raqamini olib, qo‘ng‘iroqlashdim. U ertasi kuni uyimga kelib, mebel o‘lchamlarini oldi va 15 kun ichida tayyorlab berishini aytib, oldindan 200$ so‘radi. Shunda sal ko‘nglimga shubha paydo bo‘ldi-yu, ammo mebelchi bolaning og‘zidan Xudo xohlasa, alhamdililloh, inshoolloh, degan so‘zlar tushmagani uchun Xudoni taniydigan bola ekan, degan xayolda aytgan pulini berdim. Oradan bir kun o‘tgach, menga qo‘ng‘iroq qilib, o‘lchamlarni xato olganini, yana kelib o‘lcham olmoqchiligini aytdi. Xo‘p, dedim.
Ishdan qaytganimdan so‘ng kechki payt bir bola bilan uyimga keldi. Yana o‘lchamlarni oldi va ketayotganida qolgan pulni ham berishimni so‘radi. Hayron bo‘ldim. Buyurtma bitgandan keyin beriladi-yu qolgan pul, hozir berolmayman, dedim. Yonidagi bolaning avzoyi o‘zgargandek bo‘ldi. Nazarimda, u o‘sha boladan qarzdoru, pulini qaytarish uchun mendan pul undirgani kelgandek tuyuldi. Xullas, qolgan pulni mebel bitgach beraman, deganimdan so‘ng mebelchi butunlay yo‘qolib ketdi. Telefon raqamimni qora ro‘yxatga kiritib, telegramidan yozsam, javob ham qaytarmadi. Oradan 2 oy o‘tdi hamki undan dom-darak yo‘q.
Mushtumdek bola meni laqillatib ketgani alam qila boshladi. Surishtirib manzilini ham topdim. Kelesda yashar ekan. Uyini topib borgandim, darvozani hayotdan bir umr norozi bo‘lib yashagan bir boboy ochdi. Mebelchini ismini aytib, shu yerda yashaydimi deyishim bilan darvozadan irg‘ib chiqib, mani sal nariga yetakladi. Hayron bo‘ldim. Keyin bilsam mebelchi uchiga chiqqan firibgar ekan. Ko‘plarni chuv tushirib, pulini yeyaverganidan dadasi bezor bo‘lib o‘g‘lini itdek kaltaklarkan. Xullas, chol nabirasi mendan olgan pulni uzog‘i bilan bir haftada qaytarishini, bu haqda o‘g‘liga ya’ni firibgarning dadasiga bildirmasligimni aytib, jo‘natib yubordi. Ammo oradan ikki hafta o‘tsa hamki na puldan, na mebeldan darak bo‘lmadi.
Axiyri Yunusobod tuman IIB ga ariza yozdim. Arizam Ro‘zimurod degan tergovchiga tushdi. U mendan voqea tafsilotini yozdirib olgach, suvga tushgan toshdek yo‘q bo‘lib ketdi. 15 kundan so‘ng qo‘ng‘iroq qilsam: «ishingizni ko‘ryapmiz», — dedi qo‘rslik bilan. Yana 10 kun o‘tdi. Telefon qilib, ishim nima bo‘lyapti deb so‘rasam chiyabo‘ridek o‘kirib, «sizning arzimas 200$ dollaringizdan ham muhimroq ishlarim tiqilib yotibdi», — deb telefonini o‘chirib qo‘ydi.
Qachon vaqti bo‘lsa o‘zi chaqirar, deb boshqa telefon qilmadim. Oradan 2 oy o‘tdi. Shunday kunlarning birida radioda Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan jonli muloqot o‘tkazildi. Shunda ularga bo‘lgan voqeani aytib berdim. Vazirlikka yozma ravishda ariza qilishimni so‘rashdi. Yozdim va o‘sha kuniyoq ishi ko‘p Ro‘zimurod janoblari manga telefon qilib, Yunusobod IIBga borishimni, javobgar bilan yuzlashtiruv qilmoqchiligini aytdi. Avzoyidan, dumi bosilgani sezilib turgani uchun har ehtimolga qarshi ovozini yozib olishga shaylanib bordim. Kutganimdek bo‘ldi.
Kirsam, tergovchining oldida mebelchi turibdi tirjayib. Ikkalasi obdon gaplashib olganligi kundek ravshan. Kirishim bilan salom yo‘q, alik yo‘q, tergovchi manga po‘pisa qila ketdi. Vazirlikka yozibsiz, manga desa BMTga yozmaysizmi, qo‘rqadigan joyim yo‘q, jurnalist bo‘lsangiz o‘zingizga, yoshingiz kichkina bo‘lsa o‘zim bilardim, balo-battar, deb valdirab ketdi. Jim turib eshitdim. Vaysashidan kasb etikasini etik qilib kiygani ko‘rinib turibdi.
Obdon vaysagach, «sizga qachon, qaysi joyda jurnalist sifatida murojaat qildim yoki biror marta sizga jurnalistman, deb pisanda qildimmi, arizadagi kasbi degan joyga ish joyimni ko‘rsatganman, xolos.
Ikkinchidan, agar yoshim sizdan kichkina bo‘lsa nima qilardingiz, umuman yoshi kichkina murojaatchilarga IIB da qanday munosabatda bo‘linadi, bu sizning yo‘riqnomangizda alohida ko‘rsatilganmi», deb savol berdim.
Savolga javob bermay shallaqilik qilib meni qo‘rqitmoqchi bo‘ldi. Shartta xonasidan chiqib, bo‘lim boshlig‘ining oldiga kirdimda holat haqida aytdim. Darhol tergovchini chaqirdi. Ammo u ko‘zini lo‘q qilib aytgan gapini tan olmadi. Ovozini yozib olganimni bildirganimdan so‘ng gapni aylantirishga tushdi.
Boshlig‘i mening ko‘zimcha tergovchiga xo‘jako‘rsinga do‘q qildi. Bildimki, qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi. Bu paytda soat 22:00 larga yaqinlashib qolgandi. Ertasi kuni IIVga qo‘ng‘iroq qilib, tergovchining qilig‘ini aytdim, ovozini yozib olganligimni ham qistirib o‘tdim. Xullas, oradan yarim soat o‘tar o‘tmas Yunusobod IIB dan qo‘ng‘iroq qilib, borishim kerakligini aytishdi. Ishdan chiqib borsam mebelchi bilan Ro‘zimurod tergovchi tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgandek bo‘zrayib turishibdi. Ish Ro‘zimuroddan boshqa tergovchiga o‘tibdi allaqachon, mebelchi ham menga yetkazilgan zararni qoplashga shay. Bu yoqdan onasining qornidan norozi bo‘lib tushgan bobo ham tinmay menga qo‘ng‘iroq qilyapti. Avvalo, tergovchiga chora ko‘rishlarini talab qilib turib oldim. (Bu haqda vazirlikka ham ariza yozgandim).
Boshlig‘i tergovchini rosa tuzladi (bu ham yasama do‘qdek tuyuldi menga) va mendan uni kechirishimni so‘radi. Mebelchi zararni qoplamoqchiligini aytdi. Men pulimni qaytarsa ham da’voyimdan o‘tmasligimni, ish sudgacha chiqib, firibgar jazoga tortilishi, menga yetkazilgan ma’naviy zararni ham qoplashi kerakligini aytdim va shunday ariza yozib berdim. Tergovchi haqidagi arizam ochiq qoldi. Pulimni undirdim, lekin firibgarning ishi sudgacha chiqmadi baribir. Ishni qanday yopishgan, bu yog‘i menga qorong‘u. Shu mashmashalardan asablarim azbaroyi qaqshab ketgani uchun oxirigacha kurashmadim. Endi esa afsusdaman. Firibgardan ham ko‘ra anavi manqurt tergovchining ishdan bo‘shatilishiga erishishim kerak edi. Shunday qilganimda zo‘ravon, firibgar, qallob bir chetda qolib jabrlanuvchining o‘zini aybdor qiladigan IIBlardagi befahm xodimlar bittaga kamaygan bo‘larmidi....
Bu post tagiga yozilgan sharhlarni o‘qisangiz go‘yoki yurtimizda ichki ishlar xodimidan aziyat chekmagan odam qolmagandek tuyuladi.
«Meni eshitmadi», «ishimni yopib yubordi», «mendan pul so‘radi»
Dilafruz Mamajonova: Mendan ham birov qarzdor edi. 4 yil bermadi. Prokuraturaga yozsam, ichki ishlarga chiqardi. U yerdan yoshroq tergovchi kelishimni so‘rab, telefon qildi. Borsam, voqeani yozdirdi. Pasport nusxa oldi. Keyin kog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirdi. Bitta deloga tikdi. Ketavering, dedi.
Shundan so‘ng umuman chaqirishmadi. Telefon kilaverganim uchun umuman ko‘tarmay qo‘ydi. Boshqa nomerdan telefon qilsam «bandman», deb qo‘yib qo‘ydi. O‘shanda delo ochganidayoq ishimni yopgan ekan. Ishim shunday yakun topdi...
Abdinabi Abdiyev: Ayniqsa tergov bo‘limidagilarning oyog‘i yerdan uzilgan, yo‘lini topsangiz aybdorni aybsiz, aybsizni aybdor qilishga ustasi farang bu tizimdagilar. Buyurtma ishlarni bajarish uchun tergovchilarni u yoqdan bu yoqqa rotatsiya qilishdan ham qaytishmaydi. Rotatsiya qilingan xodim buyurtmani bajargach yana boshqa joyga o‘tib ketadi. Bunga uzim bir necha bor guvoh bo‘lganman. Aynan misollar keltiraman: 2020 yil nihoyasida Qarshi transport militsiyasi tergovchisi Dilnoza Ahrorova o‘zi ishlaydigan tizimga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ishni, tergov jarayonida noqonuniy xatti-harakatlar qilib chiqargan uydirma ayblov xulosasi asosida ikki nafar farzandimning qonunda kuzda tutilganidan ortiqcha kamalishiga sababchi bo‘ldi. Bu haqda bir necha bor yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat etsamda haqiqat g‘alaba qozonishiga erisholmadim.
Yana biri o‘tgan yili Mirishkor tumaniga yollanib keltirilgan Azamat ismli tergovchi tuman prokurori o‘rinbosarining buyurtmasi asosida menga soxta ayblovlar qo‘yib, sudga oshirdi. Sud jarayonida barcha uydirmalari fosh bo‘lganidan keyin iltimos qilib yotib olishdi. Men insongarchilik nuqtai-nazaridan ularning bergan va’dalariga ishonib, kechirim qildim.
Xullas bunday misollarni yana keltirish mumkin. Xulosa: Tergov bo‘limining ishini obdon ko‘rib chiqib, bu tizimda ishlovchilarning javobgarligini oshiradigan qonunlar chiqarish, kadrlarini saralash foydadan holi bo‘lmaydi.
Azamat Ziyo: Hozir postni o‘qiyapmanu, men bilan bo‘lgan ishning aynan o‘ziga o‘xsharkan degan xayol o‘tyapti! Farg‘onalik bir fibirgar ustaga bergan matohimning pulini hazm qilib, telefoniniyam o‘chirvolgandi. Ustidan IIBga yozsam tebsa tebranmas tergovchiga uchradim. Farg‘onaga qatnayverib oyog‘im to‘zidi. Bir yil deganda firibgar bilan yuzlashtirishdi. Soddalik qilib yarashuvga imzo qo‘yibman. Pulimni yarmini olgandim. Qolganini yarashuv bo‘lgan qo‘lingdan kelganini qil deb bermay yuribdi! Yana borgani judayam bezilladim!
Gulnara Abduraxmanova: Voy bu noinsoflarga ishing tushmasin, bir ishim tushib tavba qilganman, qizimning ijarada yashayotgan uyini tunab ketishdi, tilla taqinchoqlari yo‘qoldi, eshik buzilmagan, kalit bilan ochilgan, kimda yana kalit borligini so‘rashganda qizim o‘zida, erida va uy egasida borligini aytsa, bular uy egasiga, jabrlanuvchilarning gumoni sizdan ekan, deb yolg‘on to‘qib, oraga sovuqchilik solishdi, keyin homilador qizimni chaqirib, ering olgan, sotgan yoki ota-onasiga berib yuborgan, uni javobgarlikka tortamiz, deb qo‘rqitgan, kuyovimga esa, xotining yoki uni qarindoshlari olishgan, hozir hammasini bo‘limga olib borib, so‘roq qilamiz, deb qo‘rqitgan. Mendan ham tushuntirish xati olib, keyingi kuni yana kuyovimga do‘q-po‘pisa qilib, bizni aybdor qilishdi, kuyovimning do‘stlari, qo‘y shu narsalarning bahridan o‘t, xotining vaqtidan oldin dard tutib qiynaladi, degan maslahati bilan, arizasini qaytarib oldi, ham jabrlanuvchi, ham aybdor bo‘ldi bolalarim, bular har qanaqasiga aylantirib, qonunni o‘zlarining foydasiga (ishlamasdan, izlamasdan, yengilgina) hal qilishadi, haqiqat yo‘q bularda.
Axmadullo Xoji Baratxojiyev: Menda ham shunga o‘xshash holat bo‘lgan. 2016 yil ariza orqali Viloyat IIBga, Viloyat Prokuraturasiga, Respublika IIB va prokuraturasiga, portalga, inson huquqlarini himoya qiladigan tashkilotgacha yozdim. Qarg‘a qarg‘ani ko‘zini cho‘qimaydi deganidek (aslida qarg‘a xam bulardan yaxshiroq) bir-birining ishini berkitishib firibgarning pulini olib o‘zini Rossiyaga ketkazib yuborgan, arizani esa tashlab yuborgan. Birga ishlaydigan jinoyat qidiruv bo‘limining xodimlari menga yalinib yolvorib ishingizni hal qilib, pulingizni undirib beramiz deb menga qo‘l qo‘ydirib olib, ishni yopib yuborishdi. Hozir o‘sha xodim ishdan ketib, tuman MIBni boshlig‘i bo‘lib olgan. Men umuman ishonmayman. Pullarim unmadi, men esa ularni xudoga soldim. Nasib qilsa hayotda ko‘rarman qanday xor bo‘lishini.
Matluba Qosimova: Juda to‘g‘ri yozibsiz. 2018 yili bir firibgar meni tomorqam etagidagi 32 tup to‘rt yillik teraklarimni kuppa-kunduz kuni kesib ketganda vazirlikka shikoyat qilsam viloyat ichki ishlar boshqarmasidan ishida jinoyat alomatlari yo‘q bo‘lgani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilmadi, degan xat kelgan. Undan oldin 62 tup yosh teraklarimni otlariga yedirib yuborgan organ xodimi bo‘lgan qo‘shnimdan tuman ichki ishlar bo‘limiga shikoyat qilgan edim, hech qanday chora ko‘rishmagan.
Fazilat Zarifbayeva: Mendayam xuddi shunaqa holat bo‘lgan, firibgar mebelchi oldindan pulimni olgan, 30 foiz bermasang ish boshlolmayman deb, 2 mln 800 so‘m bo‘ladi, deb pul olgan, shundan keyin bugun, erta deb 2 oy, keyin 3 oy ham o‘tib ketdi, telefonni o‘chirib tashlagan. Menga ham IIBga ariza yoz deb maslahat berishdi, boshida rosa o‘ylandim shu pulni olguncha rosa sarson qilishsa kerak, deb. Keyin tavakkaliga Olmazor tuman IIBga ariza yozdim. Darhol ustani topib berishdi, rosa xursand bo‘ldim, 10 kun muhlat berishdi ustaga bo‘lmasa qamalasan deb. Bu birinchi marta emas ekan, uchiga chiqqan firibgar tergovchilarga ham tanish bo‘lib qolgan ekan. 10 kunlardan keyin chaqirishdi, bordim, mana siz uchun rosa harakat qildik pulni undirishning o‘zi bo‘lmadi, yana u-bu gaplar, xullas undirilgan pulning yarmini olib qolishdi, xursand bo‘lishniyam, yig‘lashniyam bilmadim.
Odamlarning ijtimoiy tarmoqlardagi qoldirgan izohlari aslida bir necha arizalar, shikoyatlar, haqiqatlardir. Ular orasida Nasimov Bahodir qoldirgan izoh esa juda achchiq: «Bu butun boshli bir zanjirdek tizim. Uyimni bir yilda 4 marotaba o‘g‘ri urdi. Ariza, shikoyatlarni kami qolmadi, oxiri shunga amin bo‘ldimki, ichki ishlar degan tizim korrupsiyaga botgan. Bular jamiyat uchun jinoyatchidan ham xavfli. O‘g‘ri moddiy boyligingizni o‘g‘irlaydi. Bular insondagi ishonch, davlatga sadoqatni o‘g‘irlaydi. Insonlarni ma’nan ezadi. Jamiyatda nafratni shakllantiradi. Xalqni bezdiradi».
Barno Sultonova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter