Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kokosh»lagancha cho‘kayotgan yoxud bemor bolalariga o‘gay jamiyat

«Kokosh»lagancha cho‘kayotgan yoxud bemor bolalariga o‘gay jamiyat

foto: internet, ochiq manba

Jamiyat uyalmay rosa «kokoshlayapdi».
Internet xususiy kasalxonada bo‘layotgan janjal va mojarolarga to‘la.
Bepul amaliyot uchun betayin klinika qurboniga aylangan vaynchi uchun «dodala - dod» avjida...
«Prosmotor»lar zo‘rligidan ilhomlangan kokoshchilar fursatdan foydalanib, oshqozon operatsiyasini reklama qilishni boshlab yuborishdi.
Mayli, Kokoshga ham pul kerak. Tirikchilik. Hamma o‘zi eplagancha kun ko‘radi. Biroq, hayotimiz shu vaynchilarning muammolari muhokamasiyu ularning tayin-betayin videolarini tomosha qilish bilan o‘tib ketmayapdimi? Saratonga chalingan qorako‘zlar xaqida bong uraman. Kasalxonalardagi achinarli ahvol haqida o‘nlab postlar qo‘yaman. Qurbon bo‘layotgan beg‘ubor go‘daklar haqida tinmay yozaman. Sanoqli bloger va jurnalistlarni aytmasa hech kimga bu mavzu qiziq emas! Muammolarni yoritishdan qochishadi.Ammo gap mashhurlar haqida ketsa, intervyu olishga chopishadi.
Bugun tongda taniqli bir bloger qo‘ng‘iroq qilib qoldi:
«Opa, siz Turkiya bilan yaxshi ekansiz. Hamma yoqni yorayotgan falonchidan teta-tet intervyu olishim kerak. Hamma narsaga tayyorman. Turkiyadagi adresini topib bering».
– Hamma narsaga-ya? – dedim hayron qolib.
– Albatta. Dayrektga yozsam javob bermayapdi. Sizni rozi qilamiz. Xavotir olmang. «Podpischik»larim qo‘ymayapdi. Millionga yaqin obunachilarim bor. Ramazonda zo‘r ishlar qildik-ku. Invalid bo‘lib qolgan Sabinaga pul yig‘ib berdi. Endi Kokoshaga jon kuydiryapdi. Eshitgandirsiz? Hurmat qilaman vashshshe.... Yo‘q demang. Katta savobga qolasiz. Joooon opo‘o‘o‘o‘....
Ensam qotdi. U aytayotgan blogerning manzilini bilmayman, biroq o‘zimni bilganday ko‘rsatib, atayin gapni aylantirib, shart qo‘ydim:
– Katta savob deng! Yaxshi. Unda bunday qilamiz. Anqara va Istanbulda ikkita bemor bolajonimiz bor. Bittasi o‘ta murakkab ikkita jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazdi. Tiyinlab 6800 $ yig‘dik. Yana 20200 $ qarzimiz bor klinikaga. Ramazonda tilanib ham yig‘a olmadik. Yo‘lkirangizni to‘laymiz. Siz Anqaraga borib, kasalxonadan intervyu qilasiz. Millionga yaqin obunachilaringiz o‘sha pulni yig‘ishga yordam berishadi. Savobning kattasi o‘sha bo‘ladi. Keyin men siz so‘ragan odamning manzilini aytaman.
– Vaaaaaa....jinnimisiz! – cho‘zildi bloger, – Nima deyapsiz? Obunachilar kasalga pul yig‘ishga majburmas, bu menga tegishli emas, mening temam shou biznes! Sizni odam deb iltimos qilgan edim, kerakmas, o‘zim topvolaman.
Suhbat uzildi, men chuqur uh tortdim.
Qanaqa jamiyatmiz o‘zi?
Anqarada shifokorlar Muxlisaning ikkinchi amaliyotini amalga oshirishdi. Agar ertaga Kokoshga bir million dollar kerak ekan deyishsa o‘ylab o‘tirmay yig‘ib beradigan xalqmiz.
Muxlisa uchun esa 27 000 $ ni yig‘a olmadik. Shifoxonadan qarzmiz. Yalinmagan blogerimiz, tashkilotlarimiz qolmadi hisob. Hatto taniqli instablogerlarning biriga «Anqaraga borib kelish xarajatingizni qoplaymiz, kasalxonaning o‘zidan bitta intervyu qilib bering. Pul yig‘ilib qolar. Istanbulda yana bir bemorimiz bor», deb murojaat qildik.
Vaqtim yo‘q, bemorlar bilan o‘ralashmaymiz degan bloger og‘zini to‘ldirgancha «Kokoshalab» yotibdi.
Bir emas, bir nechta blogerdan shunday javob oldik. Kecha markazimizga xospisdan Diyorbek keldi.
Bir oyog‘i kesilgan 14 yoshli yigitchaning hujjatlarini dekabr oyida Turkiya va Hindistonga jo‘natib, ikkala davlatdagi yetakchi klinikalardan ham imkon darajasida tezroq olib kelinglar degan javobni olgan edim. Afsus, Diyorbekka yetarli mablag‘ topilmadi... Oxirgi tekshiruvda saraton butun tanasiga ildiz otgani aniqlangan.
Bechora bu haqda bilmaydiyu, «Muazzam xola, protez oyoq qo‘ydirib bering, sentyabrdan maktabga chiqaman», deb javdirab turadi.
Ozib, to‘zib, yer rangiga kirib qolgan, bo‘yniga yopishtirilgan leykoplastr ustidan yozilgan raqami konslagerdagi mahbus raqamini eslatadigan Dilbekchi?
«Markazingizga borgan bolalar tuzalyapdi ekan. Men ham borsam bo‘ladimi?» deb bir dunyo umid bilan kirib kelgan Alinachi?
17 yoshida jussasi 8 yosh kabi ko‘rinuvchi Munisani-ku gapirmay, har kuni bitta iltimos bilan murojaat qiladi: «Muazzam opa, Turkiyada mening kasalimga davo bor ekanmi? Qachon olib borasiz?»
Namanganlik yana bir bemor qizchamiz bor. Onasi iztirob bilan ko‘zimizga mo‘ltiraydi.
– O‘zimizda ilik ko‘chirishmoqchi opa. Biroq do‘xtir «iloji boricha Hindiston yoki Turkiyada ilik ko‘chirtiring. Bizdagi aksariyat amaliyotlar muvafaqqiyatsiz chiqyapdi» deyapdi. Yordam beringlar, iltimos. Bizdan qaytmasa, Xudodan qaytsin! – deydi ko‘zi jiqqa yoshga to‘lib.
Yana bir bolajonning buvisi Termizdan murojaat qildi:
– Sizni tanimayman. Ko‘rmaganman. Telefoningizni berishdi. Nabiramni xospisga jo‘natishyapdi. Muolajani to‘xtatishgan. Do‘xtir «bo‘ldi, pishdi, boshqa qaramayman» debdi. Turkiyaga jo‘natishning iloji bormi? Lekin nevaram hali yugurib yuribdi. Yordam berib turinglar iltimos».
Yana bir bolajonning nogiron dadasi qo‘ng‘iroq qilib, yolvoradi:
«Yagona o‘g‘lim u. Men boshqa farzand ko‘rolmayman. Iltimos, do‘xtir bir chorasini toping! Shu bolam ortimda qolsin!».
Bunaqa murojaat va iltimoslar juda ko‘p. Biz fond emasligimiz va mablag‘imiz yo‘qligini aytib tushuntira olmayman. Ammo, qani imkon bo‘lsayu hamma, hammasiga yordam bersak. Buning uchun xalq birlashishi, hamma bir yoqadan bosh chiqarib saratonga qarshi kurashishi kerak. To‘g‘rimi?
Ba’zan o‘sha vaynchi blogerlarga o‘xshab bemaza vaynlar qilib, kontent yig‘ib, bolalar saratoniga jamiyatning diqqatini jalb qilsammikan deb o‘ylanib qolaman...
Lekin mendan masxaraboz chiqmaydi-da!
Kecha Diyorbek «Muazzam opa ko‘rgazmaga boramanmi? Chizgan suratlarim sotilsa, bir-ikkita kiyim olardim» dedi.
Unga «bu ko‘rgazmaga sen bora olmaysan. Ro‘yxatda boshqa bolalar bor, bolam» deya olmadim.
«Parkentga chiqib, varrak uchirgim kelyapdi» dedi. «Hozir mashinasizman, olib chiqa olmayman o‘g‘lim», deya olmadim.
Biroq shu postni o‘qib turgan do‘stlarim orasida imkoni borlar bor. Balki siz bolajonlarning istaklarini amalga oshirishga yordam berarsiz.
Balki siz sabab, ularning umri yana ozroq uzayar, balki butkul tuzalib ketishar.
***
Bugun vaynlarga kulib, hayotdagi og‘riqli masalalarga ko‘z yummoqdamiz.
Bu muammolar kun tartibidan chiqib, uning o‘rnini miyalarni kemiruvchi kontentlar egalladi.
Jamiyat yengil-yelpi mavzular bilan o‘ralashib qolgani uchun bemor bolajonlar ko‘zidan oqayotgan ulkan ummonga g‘arq bo‘lyapmiz.

Muazzam Ibrohimova,
«Sen kuchlisan» NNT koordinatori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring