Rossiya uchun Janubiy Kavkazda yana bir yo‘qotish

Janubiy Kavkazning geosiyosiy arteriyasi deb ataladigan Zangezur yo‘lagi AQSh nazoratiga o‘tishi mumkin. Bu haqda Armaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mnatsakan Safaryan ma’lum qilgan.
O‘tgan hafta BAAda uchrashgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mazkur yo‘lakni ochish masalasini ham muhokama qilgan.
Armaniston bu borada aniq kelishuv yo‘qligi, ammo tomonlar til topisha olsa, Zangezur yo‘lagi nazorati AQShga o‘tishini aytmoqda.
Davlat departamenti bu xabarni na inkor qilgan, na tasdiqlagan, faqat “AQSh Janubiy Kavkazda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashi”ni qayd etish bilan cheklangan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Zangezur yo‘lagini ochishga oyoq tirab kelgan Armanistonning pozitsiyasi o‘zgarmoqda. Yerevan iqtisodiy integratsiya jarayonlarida faol qatnashishni ma’qul ko‘rmoqda.
Ayni paytda Boku va Yerevan Zangezur yo‘lagining yo‘nalishi emas, balki huquqiy maqomi borasida kelisha olmayotir. Ozarbayjon yo‘lak orqali Naxichevanga transport va yuklar Armaniston nazoratisiz o‘tishi kerakligini aytmoqda. Armaniston esa bunga qarshi chiqmoqda.
Armanistonlik jurnalist Roman Bagdasaryanga ko‘ra, Boku Zangezurni “yo‘lak” deb ataydi, Yerevan esa uni “yo‘l” deb hisoblaydi. Ya’ni ob’yektning “yo‘l” deb hisoblanishi Zangezur ustidan Armaniston suvereniteti saqlanib qolishini anglatadi.
Rossiya Ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin ushbu yo‘nalish ustidan nazoratni saqlab qolishga uringan edi. 2020 yilda Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon tomonidan imzolangan uch tomonlama bitimda ham shu ko‘zda tutilgan. Zangezur yo‘lagi ustidan nazoratning AQSh kompaniyalariga o‘tishi Rossiya uchun Janubiy Kavkazda yana bir yirik yo‘qotish bo‘lishi aniq.
So‘nggi vaqtlarda Armaniston Rossiya bilan munosabatlari taranglashuvi fonida G‘arb tomon yuz burmoqda.
Moskvaning Boku bilan munosabatlari ham tobora sovuqlashmoqda.
Ekspertlar Naxichevan Muxtor Respublikasi va Ozarbayjonning g‘arbiy viloyatlari o‘rtasidagi Zangezur yo‘lagi nafaqat hududning, balki butun mintaqaning muhim transport yo‘lagi bo‘la olishini aytib keladi. Ushbu yo‘lak turkiy davlatlarni bir-biri bilan bog‘lashda ham muhim o‘rin tutadi. Osiyodan Yevropaga eng qisqa quruqlik yo‘li hisoblangan Zangezur transport yo‘lagining ochilishidan O‘zbekiston ham manfaatdor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter