Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Pasportingiz endi telefonda-mi?

Pasportingiz endi telefonda-mi?

Foto: Spot

Raqamli hujjatlar haqida bilishimiz kerak bo‘lgan muhim jihatlar

O‘tgan bir necha kun davomida raqamli hujjatlar mavzusi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamada bo‘ldi. Endi pasportingiz, ID-kartangiz, diplomingiz kabi hujjatlarni yoningizda olib yurishga hojat qolmaydi – ular mobil qurilmangizda bo‘ladi, mazmunidagi xabarlarni o‘qidik.

Raqamli hujjatlar o‘zining bosma muqobilini to‘liq almashtira oladimi? Qay holatlarda u tan olinadiyu, qay holatda asil hujjatning o‘rnini bosa olmaydi?

Bugun shu mavzuni tahlil qilishga urinib ko‘ramiz.

Gap nima haqida ketmoqda?

1-iyuldan O‘zbekistonda raqamli hujjatlar tizimi rasman joriy etildi. Unga ko‘ra, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining MyGov mobil ilovasi orqali barcha hujjatlaringizni elektron shaklda ko‘rish va saqlash imkoni yaratildi.

Bu turdagi raqamli hujjatlar banklar, notarial idoralar, aeroportlar (ichki reyslar), poyezdlar, davlat va korporativ xizmat ko‘rsatish jarayonlarida va boshqa holatlarda qog‘oz hujjat o‘rnini bosadi. Chunki raqamli servislar asl qog‘oz hujjatlaringiz asosida shakllantiriladi.

Raqamli hujjatlardan foydalanish uchun MyGov mobil ilovasi  Play Market yoki App Store orqali telefonga yuklab olinib, ilovada ro‘yxatdan o‘tiladi va shaxsiy kabinetdan kerakli hujjat (masalan, pasport) tanlanadi. Ekranda hujjatning raqamli shakli va haqiqiyligini tasdiqlovchi QR-kod ko‘rinadi – uni so‘ralgan joyga taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Tashkilotlar raqamli hujjatni tekshirish uchun MyGov ilovasining "MyScan" funksiyasini ochib, taqdim etilgan QR-kodni skaner qiladi. Chiqqan ma’lumotlar fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari bilan solishtiriladi.

Raqamli hujjatlar faqat rasmiy MyGov ilovasi orqali taqdim etilganida tan olinadi. Boshqa shaxs tomonidan yoki o‘zga manbalardagi ma’lumotlar hamda hujjatlarning rasmlari, nusxalari qabul qilinmaydi.

Jarayon iziga tushgunicha...

Aholi, tadbirkorlar va davlat idoralari har bir yangilikni qabul qilishi uchun albatta vaqt kerak. Shu sabab raqamli hujjatlardan yoppasiga hamma foydalanishni boshlaydi, u hamma joyda o‘tadi, deb ishonch bilan aytishga hali biroz erta. Hali bu haqda eshitmaganlar, undan qanday foydalanishni bilmaydiganlar ham yo‘q emas.

Misol uchun, bir necha yil avval bolalarni bog‘chaga joylash uchun navbatda turish xizmati yagona portal va davlat xizmatlari markazlari orqali yo‘lga qo‘yilganida ham boshlanishiga ko‘p tushunmovchiliklar bo‘lgan, kim qaysi vazifani bajarishini bilib olgunicha, bir necha oy vaqt o‘tgandi.

O‘shanda bog‘cha mudiralari yagona portal orqali taqdim etilgan elektron yo‘llanmani tan olmay, unga tegishli joydan muhr qo‘ydirib kelishni so‘rashgandi. Vaqt o‘tib hammasi izga tushdi.

Raqamli hujjatlar masalasida ham shunday: siz uni taqdim etganingiz bilan tashkilotlar MyGov ilovasining “MyScan” funksiyasi orqali  QR-kodni skaner qilishni hali bilmasa, tushunmovchilik kelib chiqishi mumkin.

Masala faqat bunda emas...

Tizim o‘z iziga tushguniga qadar hujjatlarning asl nusxasini olib yurishni cheklamay turganingiz ma’qul. Ayniqsa, abituriyent bo‘lsangiz, shu kunlarga quyidagi ma’lumot sizga suv va havodek zarur!

Bilimni baholash agentligining ogohlantirishicha, test sinovlari kuni shaxsni tasdiqlovchi pasport (ID-karta)ning asl nusxasi majburiy ravishda taqdim etilishi shart. Aks holda siz test sinoviga kiritilmaysiz!

“Nega? 2025 yil 1 iyuldan boshlab my.gov.uz orqali pasport va boshqa hujjatlarning elektron shakllari rasman tan olinadi-ku”, deyishingiz mumkin. Biroq bu test sinovlariga taalluqli emas.

Chunki test sinovi hududiga mobil telefon va boshqa raqamli qurilmalarni olib kirish qat’iyan taqiqlangan. Imtihonga telefonsiz kirarkansiz, o‘z-o‘zidan raqamli hujjatlarni ham taqdim eta olmaysiz. Shuning uchun sizda pasportning asl nusxasi – ID-karta yoki biometrik pasport, abituriyent ruxsatnomasi bo‘lishi shart.

Shu sabab“hujjatlarning raqamli shaklini ko‘rsataman-da”, deb yanglish xayolga borib qolmang. Aks holda, test sinovlaridan o‘tishni yana kamida bir yil kutishingizga to‘g‘ri keladi.

Qolaversa, raqamli hujjatlarni qog‘ozlisiga teng deb tan olish qoidalari haydovchilar va YPX xodimlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga ham taalluqli emas.

Haydovchilar YPX xodimiga guvohnomasi va pasportining raqamli nusxalarini ko‘rsata olmaydi. “Nega? Raqamli hujjatlar servisida haydovchilik guvohnomam va “texpasport”ning nusxalari bor-ku?”, dersiz yana. Lekin bu hujjatlarning raqamli ko‘rinishi faqat Ma’muriy amaliyot markazida hamda imtihon va ro‘yxatga olish bo‘limlarida inobatga olinadi.

YHXX matbuot xizmatining ogohlantirishicha, O‘zbekiston fuqarolari yo‘l-patrul xizmati xodimining so‘roviga ko‘ra pasport (ID karta) yoki haydovchilik guvohnomasini ko‘rsatishi shart. 1 iyuldan kuchga kirgan hujjatlarning raqamli nusxalarini qog‘ozdagilari bilan teng asosda tan olish to‘g‘risidagi qoidalar ushbu sohaga taalluqli emas ekan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pasport yoki haydovchilik guvohnomasi ularsiz transport vositasini boshqarish mumkin bo‘lmagan hujjatlar qatoriga kiritilgan, deb izohlaydi YHXX.

Shunday ekan, rulga o‘tirganingizda yoningizda albatta haydovchilik guvohnomasi yoki ID kartangiz bo‘lsin.

Raqamlashuv – mas’uliyat

So‘nggi vaqtlarda butun dunyoda raqamli hujjatlar tizimining qiymati yanada oshib bormoqda. Chunki ular oddiy qog‘oz hujjatlardan farqli o‘laroq, yo‘qolishi, o‘g‘irlanishi yoki yaroqsizlanishi mumkin emas. Buning afzalligi Ukrainadagi urush va Braziliyadagi toshqinlar paytida yaqqol ko‘ringan: fuqarolar o‘z hujjatlarini yo‘qotgan bo‘lsa ham, raqamli ID orqali yordam olishda muammoga duch kelmagan.

Shunga qaramasdan, jahonda hali ham taxminan 850 million kishi rasmiy shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz yashamoqda. Davlat tomonidan berilgan hujjat shaxsni tasdiqlashidan tashqari, eng muhim xizmatlar: tibbiy yordam, bank xizmatlari, mulk huquqini rasmiylashtirish kabi sohalarda juda ham kerak.

O‘zbekiston taraqqiyotdan ortda qolmagan holda, raqamli hujjatlar tizimini joriy etdi. Tizim vaqt o‘tishi bilan takomillashadi, ommalashadi. Eng asosiysi, muhim jarayonga o‘z vaqtida qadam tashlandi. Misol uchun, 8-9 yil avval sanoqli kishi davlat xizmatlaridan onlayn foydalanar edi, bugun esa ular soni 11 millionga yetgan. Raqamli hujjatlardan foydalanish ham tez orada ommalashib ketadi.

Bugun masala shundaki, faqat hujjatlarning o‘zi emas, fuqarolik madaniyatimiz ham raqamlashish sari yuzlanmoqda. Demak, texnologiyalarni o‘zlashtirish bilan birga, undan oqilona va mas’uliyatli foydalanish madaniyati ham shakllanib boraveradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring