Kattaqo‘rg‘on hokimi Qashqadaryo hokimidan arz qildi
Qashqadaryoning yozilmagan Qonuni bormi? Yo‘q, albatta. Unda bu viloyatga mamlakatimizning barcha viloyatlarida amal qilinayotgan qonun va qoidalarga nega amal qilinmayapti? – deb yozadi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, senator Gavhar Alimova.
Shahar hokimining qayd etishicha, 2021 yil 28 dekabr kuni «Marokand gold oil extraksiya» MChJ rahbari Saydin Ro‘ziyev hokimiyatga kelib, Respublika tovar va xom-ashyo birjasidan ochiq savdolar asosida sotib olingan 100 tonna chigit mahsuloti Qashqadaryodan Samarqandga kirish chegarasida YPX xodimlari tomonidan Qashqadaryo viloyat hokimi birinchi o‘rinbosari Nodir Xudoyberdiyevichning topshirig‘i asosida ushlab turilganligini aytgan.
«Shundan so‘ng men Nodir Xudoyberdiyevichning telefon raqamini topib telefon qildim. Bir necha bor qilgan telefon qo‘ng‘iroqlarimga javob bermagandan so‘ng SMS orqali telefonimni ko‘tarishini iltimos qildim. Bir necha marta urinishlardan so‘ng va nihoyat Nodir Xudoyberdiyevich bilan telefon orqali bog‘lanib chigit ortilgan yuk mashinalarini chegaradan o‘tkazishga yordam qilishini iltimos qildim. Nodir Xudoyberdiyevich «...opajon chigitni viloyat hokimi ruxsat bermasa chegaradan chiqara olmayman» dedi. Shundan so‘ng viloyat hokimi Murotjon Berdialiyevichning telefon raqamini qiyinchilik bilan topib vaziyatni tushuntirdim va chigitni qo‘yib yuborishini iltimos qildim. Viloyatning yangi hokimi esa «... masalani o‘rganib chiqib ma’lum qilaman» dedi. Men umid bilan barcha tegishli hujjatlarni hokimning telegramiga tashlab berdim. Javob bo‘lmagandan so‘ng telegramiga va qo‘l telefoniga SMS lar yozdim, afsuski hech qanday javob olishning iloji bo‘lmadi», deb yozadi senator Gavhar Alimova.
Oradan 3 kun o‘tib va nihoyat 2 yanvar kuni tadbirkorga chegaradan yuk ortilgan mashinalarini olib ketishini so‘rab Farhod va Jahongir deb o‘zini tanishtirgan YPX xodimlari telefon qilishgan.
«Tadbirkor S.Ro‘ziyev bundan xursand bo‘lib, menga telefon qildi. Biroq, xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Tadbirkor menga telefon qilib YPX xodimlari viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Xudoyberdiyevich ruxsat bermayotganligi vajidan yuk mashinalarini qo‘yib yubora olmasliklarini ma’lum qilgan.
Shundan so‘ng men yana janob Nodir Xudoyberdiyevichga qo‘ng‘iroq qilganimda «...hozirgina viloyat hokimi bilan gaplashdim, chigitni qo‘yib yuborishga hech qanday ruxsat yo‘q» deb aytdi. «Opajon ming afsus men yuk mashinalarini qo‘yib yubora olmayman» dedi», – qayd etadi Kattaqo‘rg‘on hokimi.
Senator o‘z murojaati yakunida, 100 tonna chigitni olib o‘tish uchun 4 kun sarson bo‘lganini, murojaatiga va yozgan SMS lariga viloyat hokimi «ha» yoki «yo‘q» deb javob berishi ham qiyin bo‘lganini aytadi.
«Yangi yil bayrami tadbirkorga, haydovchilarga va menga ham afsuski tatimadi. Axir bitta shahar hokimi 100 tonna chigitni o‘tkazish uchun 4 kun bezovta bo‘lishini qanday izohlash mumkin? Men shaxsiy manfaatim uchun jon kuydirayotganim yo‘qku...! Men bu murojaatimga umid bilan javob kutaman», deb yozadi Gavhar Alimova.
Kattaqo‘rg‘on hokimi o‘z murojaatida Qashqadaryo rahbarlariga yuborgan SMSlarini ham ilova qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter