Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Odirmontepa sirlarini ochmoqda

Odirmontepa sirlarini ochmoqda

Foto: Madaniy meros agentligi

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Odirmontepa (Odirmon) qadimiy shahar arxeologik yodgorligida olib borilayotgan tadqiqotlar davomida diniy marosimlarga oid noyob mehrob va ostodon (suyakdon) topildi. Mazkur tarixiy yodgorlikda arxeologik qazishma ishlari joriy yilda ilk bor Samarqand arxeologiya instituti xodimi Sanjar Abdurahimov tomonidan yo‘lga qo‘yildi.

Qazishmalar davomida yodgorlikning shimoli-sharqiy qismidan aniqlangan mehrobda yong‘in izlari yaxshi saqlangan. Uning balandligi — 70 santimetr, eni — 90 santimetr. Pol qismiga 18×28×2,5 santimetr o‘lchamdagi pishgan kafelsimon g‘ishtlar terilgan bo‘lib, inshoot atrofi 2,5–3 santimetr qalinlikdagi loy suvoq bilan qoplangan. Suvoq qatlamlarining bir necha bor yangilangani mehrobdan uzoq vaqt davomida foydalanilganini va u muntazam ta’mirlanganini ko‘rsatadi.

Yodgorlikdan aniqlangan ostodon ham alohida ilmiy ahamiyatga bo‘lib, uning tashqi yuzasida kiyik hamda archa daraxtiga o‘xshash naqshlar aks etgan. Mazkur tasvirlarning mazmuni restavratsiya ishlari yakunlangach yanada aniqroq o‘rganilishi kutilmoqda. Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, Odirmon shahar yodgorligi miloddan avvalgi III asr va milodiy III asrlar oralig‘iga oid. Aniqlangan mehrob va ostodon yodgorlikda yashagan qadimgi aholining diniy qarashlari, marosimlari hamda dafn an’analarini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Arxeologik tadqiqotlarning davom ettirilishi Odirmon shahar yodgorligining tarixiy-madaniy ahamiyatini yanada chuqurroq ochib berishga xizmat qilishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring