Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kelgusi yildan ko‘chmas mulk ijara shartnomasini hisobga qo‘yish uchun to‘lov undirilmaydi

Kelgusi yildan ko‘chmas mulk ijara shartnomasini hisobga qo‘yish uchun to‘lov undirilmaydi

Foto: «todabahia.com.br»

«Notariat tizimini nizolarni oldini oluvchi institut sifatida yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga muvofiq 2019-yil 1-yanvardan boshlab ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilinib, ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish tartibi joriy etilgan edi.

Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish shartlari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Unga ko‘ra, ijaraga beruvchi yoki uning vakili ko‘chmas mulk (uy-joy, kvartira va hok.) ijara shartnomasini shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay davlat soliq organida hisobga qo‘yishi shart.

Ko‘chmas mulk ijara shartnomasini hisobga qo‘yish ijara beruvchi tomonidan Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytidagi shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda amalga oshiriladi.

Bunda ijara beruvchi tomonidan so‘rovnoma to‘ldirilib, unga ko‘chmas mulk ijara shartnomasi hamda ijaraga beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi biriktiriladi.

Shuningdek, hisobga qo‘yish ijaraga beruvchining xohishiga ko‘ra ko‘chmas mulk joylashgan joydagi soliq inspeksiyasiga kelgan holda ham amalga oshirilishi mumkin.

Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yishda to‘lov undirilmaydi.

Ushbu tartib 2019-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring