Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kim jahldor, kim sabrsizroq? O‘zbekistonlik olim Yaponiya va Angliyani qiyosladi

Kim jahldor, kim sabrsizroq? O‘zbekistonlik olim Yaponiya va Angliyani qiyosladi

«Jamiyatdagi o‘zaro ishonch, ijtimoiy qoidalarga bo‘lgan hurmatga qarab uning qay darajada rivojlangan, qaysidir ma’noda ulg‘aygan jamiyat ekanini bilish mumkin. Bu ishonch va hurmatni esa kichkina, kundalik, bir qarashda arzimagandek tuyuladigan belgilarga qarab aniqlasa bo‘ladi», ؘؘ– deb yozadi Buyuk Britaniyadagi Sharqiy Angliya universiteti professori Sherzod Mo‘minov.

Nufuzli Kembrij universitetida PhD dissertatsiyasini himoya qilgan yurtdoshimiz o‘zi yashab ko‘rgan ikki davlat – Yaponiya hamda Angliyadagi vaziyatni muqoyasa etadi.

«Yapon jamiyati haqida, u yerda odamlar qoidalarga haddan tashqari jiddiy yondashadi, hamma narsa kitobidek bo‘lishi kerak, degan fikr keng tarqalgan. Siz ham eshitgandirsiz. Ko‘p aytiladigan misol: yaponlar mashina umuman yo‘q ko‘chada ham piyodalar uchun svetofor yashil bo‘lmaguncha kutib turishadi. Rostan ham shunday. Tokioda bir kun sayr qilsangiz, bir necha bor bunga guvoh bo‘lasiz. Bu misolni chet elliklar, jumladan, ba’zi vatandoshlarimiz ham yaponlarning ustidan kulishda ishlatishadi, chunki yaponlarning «robot»ligiga isbotdek tuyuladi. Tan olaman, o‘zim ham boshida hayron qolardim, bir joyga shoshib turganimda uzoq kuttiradigan svetoforlarda hamma qimirlamay kutib turishi biroz g‘ashimni keltirar edi», ؘ– deydi muallif.

Qayd etilishicha, Tokio ko‘chalarida axlat qutisi bo‘lmasa-da, hech kim muzqaymoq yo shirinlik qog‘ozini ko‘chaga tashlamaydi, saqich tuflamaydi. Haydovchilar 99% hollarda qoidaga rioya qiladi, sekin haydaydi va hech kimga jahl bilan signal chalmaydi. Poyezdga hamma navbat bilan chiqadi, hech tirsaklab oldinga o‘tishga urinmaydi. Shinjuku,  Ikebukuro kabi dunyoning eng gavjum poyezd bekatlarida ham millionlab odam to‘g‘ri tomonda yuradi va qoidalarga rioya qiladi, hech kim o‘zini jamiyatdan ustun qo‘ymaydi, shunga ko‘ra tizim yurg‘izilgan soat kabi ishlaydi.

To‘rt oylik tadqiqotdan keyin Yaponiyadan Angliyaga qaytgan muallif ikki jamiyat orasidagi farqni yaqqol his qilganini qayd etadi.

«Angliyaga kelib, birinchi bo‘lib sezganim – ko‘chalarning naqadar iflosligi bo‘ldi. Yaponiyaga ketishdan oldin shuncha yil yashab, bunga ahamiyat bermaganimga xayron qoldim. Keyingi bir hafta ichida boshqa farqlar ham ko‘zga tashlana bordi: haydovchilarning mayda qoida buzishlari, xizmat ko‘rsatish sohasi ishchilarining qo‘polligi va hokazo. Ammo eng ko‘p sezganim – men bo‘lmagan to‘rt oygina muddat ichida odamlar yanada jahldor va sabrsizroq bo‘lgandek, hatto bezbetlashgandek, bir-biriga oldingidek ishonmaydigan, kundalik vaziyatlarda boshqalarga mehr-oqibati kamaygandek tuyuldi», – deya kuzatuvlari bilan bo‘lishadi olim.

Ingliz jamiyatidagi asabiylikka energiya inqirozi, Breksit, koronavirus pandemiyasi sabab bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

«Yuqorida yozganim ijtimoiy ishonch va qoidalarga hurmat aslida o‘zbek tilidagi mehr-oqibatga yaqin tushuncha. Bitta farq bor: atrofdagilarga mehrli bo‘lish yoki bo‘lmaslik aslida tanlovdir. Ammo qoidalarga rioya qilish va boshqa fuqarolarga ishonch bilan yondashish – jamiyatda tartibning muhim sharti. Mehribon bo‘lmasdan ham hurmat qilish mumkin, chunki qoidalarga hamma amal qilsa, oxir-oqibat bundan hamma foyda ko‘radi. Onda-sonda mashinasi yo‘q ko‘chada svetofor kutib qolsa-da», – deya xulosa qiladi professor Sh.Mo‘minov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring