«Kitob ― rashkchi kundosh...»
Odam ming aqlli bo‘lmasin, kitob o‘qimasa, johilligicha qolaveradi. Aqlni Xudo beradi, oriflik esa kitob o‘qimaguncha kelmaydi.
Chunki inson kitob o‘qir ekan, o‘zi bilan yolg‘iz qoladi, xulosalarini o‘zi mushohada qilib chiqaradi, haqiqatlarga o‘zi yetib boradi. O‘zingiz yetib borgan haqiqatlar bo‘lmasa, «ayqu» indeksingiz necha bo‘lishidan qat’i nazar, mustaqil, chuqur mushohadali inson bo‘lolmaysiz.
Albatta, «ayqu»ni oshirishning kitobsiz iloji yo‘q. Lekin ma’lum darajaga yetgach, odam o‘qimay qo‘yishi ham mumkin. Aslida, o‘sha darajadan boshlab yo‘lingizdan haqiqiy kitoblar chiqa boshlaydi.
Kitob o‘qishni intizomga aylantirib olish hammaga nasib etmasligi mumkin, ammo shunday qila olganlar yutadi. Ba’zida kitob ko‘p o‘qiganlar o‘z yoshidan katta ko‘rinadi. Lekin olimlarning aniqlashicha, inson miyasi faqat kitob o‘qiganda va zinadan tepaga ko‘tarilganda yosharar ekan. Demak, kitob o‘qib, yetuklikka erta erishgan miya bu holatini uzoq vaqt saqlab tura oladi, agar mutolaa intizomini buzmasa. 17 yoshida yetuk miya 80 yoshida ham qarimay tursa, mazza-ku.
Lekin kitob o‘zi uchun muhit va alohida jiddu-jahdni talab qilishi ham bor gap. Yugur-yugur, muammolar, chalg‘ishlar ― mutolaaning dushmani. Bir kitobni boshlab, oxiriga yetkaza olmagan holatlarimiz shuning uchun.
Kitob ― e’tibortalab rashkchi kundosh, ongning boshqaga chalg‘ishini ko‘tara olmaydi, javharini yashirib oladi, tarovatini ochmaydi. Natijada oxiriga yetolmagan kitoblarimizning o‘zi ham alohida kutubxonaga aylanib qoladi. O‘qilmagan kitoblar kutubxonasi...
Yana 30 yoshgacha kitob o‘qishni odat qilib ulgurmagan insonga endi kech degan gap ham bor.
Xullas, mutolaaga kechikmang.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter