Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashhurlar mashhur bo‘lguncha...

Mashhurlar mashhur bo‘lguncha...

Insonning tashqi ko‘rinishiga qarab xulosa chiqarish unchalik ham to‘g‘ri ish emas. Bugungi qahramonlarimiz buni isbotlashga harakat qilishadi. Ilm-fan sohasidagi natijalari ular haqidagi shu kungacha bo‘lgan tasavvurlaringizni o‘zgartirib yuborishi aniq. Ular haqiqatan ham biz o‘ylagandan ancha aqlli ekan.

Shakil Onil

Basketbol o‘ynashni maktab davridayoq boshlagan Shakil kollejga kelgach mazkur sport turi bilan professional tarzda shug‘ullana boshlaydi. Natijada o‘qish ikkinchi darajali bo‘lib qoladi. Ammo u o‘qishni tashlab qo‘ymadi, hatto 2012 yilda «Xodimlarni korporativ o‘qitish va boshqarish» mavzusida ilmiy ish qilib, fan doktori darajasini oldi.

Silvestr Stallone

Biz bilgan Silvestr Stallone nafaqat yakkakurashlar ustasi va aktyor, balki rejissyor, ssenariynavis va prodyuser ham hisoblanadi. U odatda o‘z filmlarini ipidan-ignasigacha o‘zi tayyorlaydi.

Brayan Mey

Britaniyalik rok-musiqachi Brayan Mey ko‘proq «Queen» guruhining gitarachisi sifatida tanilgan va ushbu guruhning ko‘pgina xit qo‘shiqlarining muallifi hisoblanadi. Shu bilan birga, u astrofizik olim hamdir. Brayan «Queen»ning muvaffaqiyatlariga qadar ilmiy daraja olish maqsadida astronomiya sohasida ikkita ilmiy qo‘llanma chop ettirgan.

Devid Duxovni

Bo‘lajak «agent Malder» teatr va aktyorlik bilan jiddiy shug‘ullangunga qadar Yel universitetida ingliz adabiyoti magistri darajasini olgan, doktorlik dissertatsiyasini yoqlamoqchi bo‘lgan.

 Rouen Atkinson

Albatta kulgili va tentaknamo Mister Bin ekrandagi obrazdan boshqa narsa emas. Biroq Rouen Atkinsonning ko‘rinishiga qarab, u diplomli muhandis – elektrotexnika magistri ekanligiga ishonish qiyin. U bu darajaga Nyukasl universitetida erishgan.

 Ken Jong

Ko‘ngliga keladiganini qiladigan millioner obrazi bilan ko‘pchilikka tanilgan amerikalik aktyor Ken Jong 1995 yilda Shimoliy Korolina tibbiyot universitetini tamomlagan. O‘qishdan keyin hatto terapevt sifatida bir muddat faoliyat yuritgan.

Sindi Krouford

Amerikalik model, aktrisa va MTV boshlovchisi maktabni tamomlab, yuqori ballar bilan Shimoli-g‘arbiy universitetga o‘qishga kirib, akademik stipendiyaga sazovor bo‘ladi. Biroq birinchi chorakdan so‘ng o‘qishni tashlab, modellikka sho‘ng‘ib ketadi.

Dolf Lundgren

Uning bahaybat ko‘rinishi hecham aqlli odamni eslatmaydi. Ammo Dolf Lundgren Sidney universitetida kimyo mashinasozligi sohasida magistr darajasini olgan. Shuningdek, u Massachusets texnologiya institutining Fulbrayt dasturi bo‘yicha stipendiati bo‘lgan.

Natali Portman

Bo‘lajak aktrisa 1998 yili maktabdagi tadqiqotlari sabab «Intel» kompaniyasi tashkil etgan ilmiy tanlovda qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. Yakunda yarim finalgacha yetib borgan Portman imtihonlarga tayyorlanishga shunchalik berilib ketadiki, hatto «Yulduzlar jangi. 1-epizod» filmining premerasini o‘tkazib yuboradi.

2003 yilning iyunida Natali Harvardni bitirib, psixologiya sohasida bakalavr darajasini qo‘lga kiritdi. «Kollejdagi o‘qish mening kareramga ta’sir qilishidan xavotirlanmayman. Kinoyulduz bo‘lishdan ma’lumotli odam bo‘lgan yaxshiroq», – degan edi intervyularidan birida Portman.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring