Moskvada 500 nafardan ortiq o‘zbekistonlik norozilikka chiqdi
Moskva shahrida 500 nafardan ortiq o‘zbekistonlik muhojir norozilik bildirib, ish joyi hovlisiga chiqqan. Jonli efir vaqtida migrantlar muammosiga O‘zbekiston mas’ullari, o‘zbek OAVlari va Rossiya OAVlari e’tibor berishini xohlashayotganini bildirishgan.
Qayd etilishicha, 500 nafardan ortiq muhojirlar Rossiyaga O‘zbekistonning Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tarafidan rasmiy ravishda olib kelingan. Ya’ni, ular Belarus yoki boshqa yo‘llar orqali noqonuniy kirib kelganlardan emas. Davlat tarafidan Rossiyaning «ANTEK» qurilish tashkilotiga ishlashga kelgan muhojirlarga ish beruvchi bilet olib bergan. Yotoqxonaga joylashishgan. Jonli efir vaqtida namoyish o‘tkazayotgan migrantlar uch oydan buyon yotoqxonadan hech qayerga chiqa olishmayotganini aytishgan.
Holat yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bayonot berdi.
Rossiya Federatsiyasining «ANTEK» qurilish kompaniyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jalb qilingan O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq holatni o‘rganish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi rahbari S.Mansurov, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi maslahatchisi A.Ziyamuxamedovlar voqea joyiga borgan, fuqarolar va mas’ul shaxslar bilan uchrashib, hamyurtlarimizning yashash va ishlash sharoitlari bilan tanishgan.
O‘rganish jarayonida quyidagilar ma’lum bo‘ldi:
- fuqarolarning karantin sharoitida bo‘lish davri cho‘zilib ketgan. Rossiya Federatsiyasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish bo‘yicha federal xizmati (Rospotrebnadzor) tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida ayrim fuqarolarda koronavirus infeksiyasi aniqlangani sababli ular ikki oyga yaqin vaqt davomida karantin hududida bo‘lib turibdi;
- ish beruvchi tashkilotlar xodimlari tomonidan ishchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari olib qo‘yilgan.
Natijada, karantin hududida bo‘lib turgan fuqarolarda ishlash huquqini beruvchi patentni rasmiylashtirish uchun vakolatli organlarga murojaat qilish muddatining o‘tib ketayotgani va rasmiylashtirilgan patent uchun to‘lovlarning amalga oshirilmayotgani sababli bekor bo‘lishi kabi xavotirlar paydo bo‘lgan.
Shuningdek, fuqarolar uchun ovqat tashkil etish bilan bog‘liq hamda yotoqxona xavfsizligi xodimlari bilan muammolar yuzaga kelgan.
«Ayni paytda ushbu vaziyat nazoratga olingan bo‘lib, yuqoridagi muammolarni bartaraf etish, xususan, pasportlarni fuqarolarga qaytarish, qurilish ob’yektlarida ish boshlash jarayonini tezlashtirish, ularning yashash va ishlash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha «ANTEK» MChJ rahbariyati bilan muzokaralar olib borilmoqda», deyiladi rasmiy bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter