Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mozordan dunyo izlagan aka-ukalar fojiasi

Mozordan dunyo izlagan aka-ukalar fojiasi

Illyustrativ foto.

- Kim shuni ko‘rib turibdi, ol. Yana qulflab qo‘yamiz!

- Sal noqulay-da!

- Qo‘ysang-chi, nimasi noqulay. Och, ol, tamom!

Uka akaning gapiga kirdi. Qabristonning kirish yo‘lagiga o‘rnatilgan «Xayriya qutisi» eshikchasini ochdi.

- Ehheyeye, ancha-muncha to‘planibdi-ku!-Nekning ko‘zlari yonib, akasiga qaradi.

- Sen nima deb o‘ylaganding! Tezda ol, yarim-yorti qolsin, bo‘ldi. Halizamon tong yorishadi!-buyruqnamo so‘zladi Jabbor.

Kechagina Romitan tumanidagi qabristonlardan birida onasini qo‘ygan va tuni bilan qabr boshida qolgan 17 yoshli Vahobjon qabriston qorovullari bo‘lgan aka-ukaning bu xatti-harakatlarini kuzatib, hangu-mang bo‘lib qoldi. Ularning harakatlarini ozroq bo‘lsa-da, qo‘l telefoniga tasvirga tushirishga ulgurdi. Ammo, tun g‘ira-shirasi tasvirlarda o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymagan.

«Hozir mavridi emas. Yaxshisi, bu haqda tegishli organlarga bildiraman...»-Vahobjon shu qarorda yana jim va sokin onasining qabri ustiga cho‘kkaladi.

Romitan tumanida yashovchi aka-uka Nek va Jabbor Choriyevlar (ism-shariflari o‘zgartirilgan) ning xatti-harakatlari huquq-tartibot idoralari tomonidan izchil o‘rganilib, qabristondagi «Xayriya quti»sida qabriston obodonchiligi uchun to‘plangan salkam bir million so‘mga yaqin pullarni talon-taroj qilishgani fosh etildi. Aka-ukalar O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan javobgarlikka tortilib, o‘z jazolarini olishdi.

«Nek va Jabbor Davronning o‘g‘illari-da. Otasi ham bir necha yillar ilgari jinoiy jazosini o‘tab qaytgandi. Hozir mahallaning to‘y-ma’rakalari, do‘stu birodarlar davrasi unga begona. U ham bir paytlar qabristondagi qurilish materiallarini o‘g‘irlagani uchun «o‘tirib» chiqqandi»,-deydi mahalla vakillaridan biri.

Ma’lum bo‘lishicha, aka-ukalarning otasi Davron Choriyev (ismi sharifi o‘zgartirilgan) ham bundan salkam 12 yilcha ilgari Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi hukmi bilan qamoq jazosiga tortilgan. U o‘shanda qabriston oldida tiklanishi lozim bo‘lgan masjid uchun kerakli qurilish materiallarini o‘g‘irlab, ularni pullagan bo‘lgan.

Mahalla vakili boshqa bir voqelik haqida so‘zlab ekan, mozorlardan nasiba izlagan ojizqalb kishilarning «ishlab topgan daromad»lari yuz ming jabr bilan qaytishi mumkinligiga ishora qiladi.

- Bundan 20 yillarcha burun.., biz u vaqtda hali o‘smir bola edik. Mahallamizda Mirsodiq aka degan bir puldor odam bo‘lardi. Qo‘li ochiq, saxovatli. Birovni ko‘ngliga ozor bermagan, savobtalab odam edi. Har ustki va pastki jag‘ tishlari tilladan bo‘lgan Mirsodiq aka kuni bitib, qazo qildi. Uni daft etishganidan so‘ng Ahmad va Tolib ismli qishloqdoshlarimiz marhumning qabrini kovlab, tishlarini sug‘irib olishni ko‘zlashgan.

- Ha, bunday holatlar, ayniqsa, 80-90 yillarda avj olgani haqida eshitganlarimiz bor,-deymiz mahalla vakilining suhbati davomiga qiziqib.

- Ular hali go‘ri sovimagan Mirsodiq akaning mozorini kovlashgan. Go‘r ichiga tushib, kafanni ochib, beburdlarcha murdaning jag‘larini kuch bilan shafqatsizlarcha ezib, pichoq bilan qo‘porib, tilla tishlarini sug‘irib olishgan. O‘sha kezda rahmatli Mirsodiq akaning ruhi qanchalar chirqirraganini tasavvur qilavering! Jasadni yana go‘rband qilib, yana ortga qaytgan «hamkorlar» yo‘lda tilla tishlarni bo‘lisholmay qolishgan,-so‘zlaydi mahalla vakili.

Holatga ko‘ra, marhumning tilla tishlari ustida o‘zaro tortishgan qishloqdoshlar janjalga, so‘ng mushtlashuvga borishgan. Ahmad jahl ustida murdaning tishlarini sug‘irgan pichoq bilan Tolibga tashlangan. Qattiq jarohatlangan Tolibning qo‘ynidagi tilla tishlarni olib, voqea joyidan qochgan. Yarim tunda qonli ust-boshi bilan uyiga kirmaslik uchun qon izlarini yo‘qotish maqsadida katta hovuz bo‘yiga kelgan. Vujudida sarosima, hayajon va qo‘rquv ustun kelgan Ahmadning oyoqlari o‘ziga bo‘ysinmay qolgan. Hovuzga ag‘anab ketgan.

- Hovuz, deyarli, chuqur emasdi... Ammo, ertasiga peshindan keyin pichoqlanib, ko‘p qon yo‘qotib, joni uzilgan Tolib va hovuzda cho‘kib o‘lgan Ahmadning tobutini mozorga olib ketishgandi..,-deydi mahalla vakili.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring