Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda Yaponiya ko‘magida iqlim markazi ishga tushirildi

Namanganda Yaponiya ko‘magida iqlim markazi ishga tushirildi

Foto: Yaponiya elchisi T.Hatori O‘zbekistonga ko‘mak loyihalari davom etishini ta’kidladi.

23 may kuni Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani hududida Iqlim vaziyat markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori, BMT Taraqqiyot dasturining yurtimizdagi doimiy vakili Matilda Dimovska, «O‘zgidrometerologiya» agentligi direktori Sherzod Habibullayev va viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Nuriddinov qatnashdi.

Iqlim vaziyat markazi bu – aloqa vositalari bilan jihozlangan va axborotni interaktiv ravishda taqdim etishga mo‘ljallangan inshootdir.

«Farg‘ona vodiysida meva-sabzavot yetishtiruvchilarning iqlim o‘zgarishiga moslashuvini oshirish» loyihasi Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, umumiy byudjeti qariyb 955 ming dollarni tashkil qiladi. BMT Taraqqiyot dasturi va «O‘zgidrometerologiya» agentligi hamkor sifatida qatnashmoqda.

Loyiha doirasida hozirga qadar Farg‘ona vodiysida 20 ta kichik agrometeostansiya o‘rnatildi. Meteorologik stansiya agrometeorologik ma’lumotlarni real vaqt rejimida to‘plash, monitoring qilish, qayta ishlash va tarqatish imkonini beradi. Bu esa qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qiluvchilar uchun juda muhim. Sababi, so‘nggi yillarda noqulay ob-havo oqibatida ekinlarga ziyon yetmoqda.   

«O‘zgidrometerologiya» ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda tabiiy ofatlar har yili o‘rtacha 1,4 million kishi hayotiga ta’sir o‘tkazadi. Zarar miqdori esa yiliga qariyb 3 milliard dollarni tashkil etadi.

Meteorologik lokatorlar o‘rnatish orqali iqtisodiyotning ob-havoga bog‘liq tarmoqlari va aholi xavfsizligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Agrometeo ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan fermerlar iqlim o‘zgarishi asosida agrotexnika ishlarini rejalashtirishi, xarajatlarni kamaytirishi va mahsulot sifatini oshirishi mumkin.

Meteorologik lokator 200 km radiusda kutilayotgan ob-havo xodisalari to‘g‘risida xabardor qiladi. Ma’lumotlar har 5 daqiqada yangilanadi va muntazam ravishda «O‘zgidromet»ning axborot-tahliliy geoportaliga uzatiladi.

Kelajakda shu kabi meteolakatorlarni yagona platformaga birlashtirish orqali respublika hududini to‘liq qamrab oluvchi yer usti meteorologik radiolokatorlar tarmog‘ini tashkil etish rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring