Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiy: o‘lim guvohnomasi marhum vafotidan 10 yil o‘tgach berildi

Navoiy: o‘lim guvohnomasi marhum vafotidan 10 yil o‘tgach berildi

Foto:«IP.Spravka.ru»

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida istiqomat qiladigan Oyzoda Islomova vafot etganiga 10 yil bo‘lgan farzandi uchun o‘lim haqidagi guvohnoma olishda yordam so‘rab tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi.

Islomovaning aytishicha, uning farzandi Nurbek Quvondiqov mahalla hududidan o‘tuvchi «Chovli» kanalida oqib ketgan. Oila yillar mobaynida bolasining o‘limi to‘g‘risidagi faktni belgilatolmagan. Ularning 10 yil davomida o‘lim haqidagi guvohnoma ololmasligi ham aynan shu bilan bog‘liq.

Adliya bo‘limiga Navbahor tumani Qizilrabot mahallasi tomonidan taqdim etilgan dalolatnomada ma’lum qilinishicha, Quvondiqov Nurbek Bozor o‘g‘li haqiqatdan ham B.Q.Islomov va O.M.Islomovalarning farzandi. Bola 2005 yilda tug‘ilgan bo‘lib, 2010-yilning oktyabr oyida «Chovli» kanalida oqib ketishi oqibatida vafot etgan. Dafn marosimlari belgilangan tartibda o‘tkazilib dafn etilgan.

Ammo mazkur o‘lim holati Navbahor tuman FHDYo bo‘limining dalolatnoma yozuvlarini qayd etish jurnallarida mavjud bo‘lmagan. Bo‘limning o‘lim haqida dalolatnoma yozuvini tiklashni rad etish xulosasida bolaning vafotini tasdiqlovchi asoslar yetarlicha emasligi ko‘rsatilgan.Boisi, mayit sud tibbiy ekspertiza bo‘linmasida tekshiruvdan o‘tkazilmagan.Tabiiyki, bu to‘g‘ridagi ma’lumot ruyxatga olish daftarida yo‘q. Hududdagi 11-son qishloq oilaviy poliklinikasi  hujjatlarida N .Quvondiqovning  o‘limi qayd etilmagan.

E’tiborlisi, qabriston jurnallarida ham N.Quvondiqovning shu yerga dafn etilgani to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q. Surishtiruvlar davomida qabristoning dafn etilganlar haqida ma’lumotlar saqlanadigan jurnali 2013-yildan yuritila boshlangani ma’lum bo‘ldi. Hudud ahli va qabriston qorovuli O.Islomovaning farzandi vafot etgani va ko‘milganini tasdiqlagan. 

Navbahor tumani adliya bo‘limi tomonidan yig‘ilgan ma’lumotlar va Fuqarolik protsessual kodeksining 4, 26, 293-295-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 13.04.2018 yildagi PQ–3666-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risida»gi Nizomga asosan fuqaro manfaati uchun sudga da’vo arizasi kiritilib, murojaat ijobiy hal etib berildi.

Nurali Isroilov,
Navbahor tumani adliya
bo‘limi boshlig‘i

                                                                    

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring