Nega hammaning dami ichida?
Men katta bo‘lgan dashtlar orasida Qizilbuloqbuva degan bir qaynarbuloq bo‘lardi. Buloqning kunbotar tomonida 5 tup keksayib qolgan tut daraxti bor edi. Biz o‘yinqaroq bolalar saraton kunlari qo‘ylarni sug‘orib, ana shu keksa tutlarning soyasida ozgina tin olardik. Ha, ozgina! U yerda uzoq qolishga qo‘rqardik.
Gap shundaki, buloqdan besh-olti qadam narida kichikroq sandiqdek keladigan ikkita tosh bor. Aytishlaricha, yonma-yon turgan shu toshlarning orasida qizil chakmonli bir odam yovdan qochib kelib, g‘oyib bo‘lib ketgan ekan. Ya’ni, tiriklay yerga kirib ketgan emish. Shuning uchun ham bu joyning nomi Qizilbuloqbuva ekan. U buva kim bo‘lgan? Qayerdan kelgan? Qaysi yovdan qochgan? Bu savollarning hech biriga javob yo‘q! Lekin shu toshning oldiga borish bizga taqiqlangan edi. «Tutib oladi, zinhor yaqiniga bormanglar», — deb bot-bot aytilgandi. Toshga yaqinlashish tugul, ovozimizni ham balandlata olmasdik. Jimgina omin qilib o‘tib ketardik.
Oradan yillar o‘tdi. Ulg‘aydik, odam bo‘ldik. Bir inson o‘z-o‘zidan yerga kirib ketmasligiga, Alloh taoloning iznisiz daraxtning bargi ham uzilmasligiga aqlimiz yetadigan bo‘ldi.
Yaqinda ana shunday «yuksak malaka» bilan o‘sha qadrdon dashtlarni, buloqlarni ziyorat qildim. Yo tavba, sandiqcha toshga ko‘zim tushishi bilan ichimda bir qo‘rquv uyg‘ondi.
– Yaqinlashma! – deydi u.
Aqlim istehzo qiladi:
– Oddiy tosh-ku bu!
– Ha, oddiygina tosh bu, buning nimasidan qo‘rqaman, – deyman o‘zimni beparvo ko‘rsatib. Eng yomoni, beparvo emasman-da! Ichimda nimadir shu yerdan tezroq ketishga, uzoqlashishga undaydi. Men ichkaridagi bu kuchni tanidim: qo‘rquv! Yillar davomida ichimga singib ketgan qo‘rquv! Bildimki, mana shu qo‘rquvni o‘ldirsamgina qarshimdagi sandiqcha tosh «muqaddas»ligini yo‘qotadi, oddiy toshga aylanadi. Aks holda...
Ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi so‘nggi o‘zgarishlarni kuzata turib, ana shu «sandiqcha tosh»ni o‘ylayman. Dindan, erkinlikdan, erkin so‘zdan qo‘rquv ich-ichimizga kirib ketgan ekan. Xo‘sh, buni yengib o‘tolamizmi? Hamma gap shunda!
Bemor tuzalishi uchun avvalo uning o‘zida xohish bo‘lishi kerak. Afsuski, bizda ana shu xohish yo‘q! Hamon «sandiqcha tosh» oldidan tinchgina omin qilib o‘tib ketayapmiz.
Hech o‘ylab ko‘rdingizmi, so‘nggi ikki yil ichida nimalar o‘zgardi? Menimcha, O‘zbekistonda bir kishi o‘zgardi va u kishi o‘zgartirgan narsalar o‘zgardi, xolos! Yoki siz biror marta Xalq ta’limi vaziri minbarga chiqib, «mamlakatimizda ta’lim tizimi tubdan isloh qilishga muhtoj» deganini eshitdingizmi? «Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi mutlaqo talabga javob bermay qolgan» degan tibbiyot mutasaddisining tashabbusini-chi?! Yoki diniy idoraning «Ahlining 94 foizini musulmonlar tashkil etadigan bu mamlakatga e’tiqod erkinligi berilishi kerak» deganini kim eshitdi?
Nega faqat bir kishi tashabbus qilishi, islohotchi bo‘lishi, muammoni hal etishi kerak? Nega boshqalarning dami ichida?
Vaqti-vaqti bilan prezident bir muammoni «yiqitib» beradi, orqasidan matbuot, televideniye, mutaxassislar borib «tepishadi». Shu bilan ish bitadimi? Prezident ta’lim haqida gapirsa, uch-to‘rt kun joylardagi abgor ta’lim muassasalari, «mas’uliyatsiz o‘qituvchilar» nishonga aylanib ketadi. To‘y haqida gapirsa, to‘ylarimizning milliy fojiaga aylanib ketgani esimizga tushib qoladi.
O‘tgan hafta DXXning ma’ruzasidan keyin esa ichimizdagi qo‘rquv yanada quyuqlashib, qarshimizdagi «sandiqcha tosh» yanada sirliroq ko‘rina boshladi.
Xullas, hammasi o‘zgacha qiyofada boshqatdan boshlanmasa bo‘ldi.
Alisher Nazar
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter