Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nizoli vaziyatda qanday yo‘l tutish kerak? Taniqli ulamolar Qoraqalpog‘istondagi vaziyatga munosabat bildirmoqda

Nizoli vaziyatda qanday yo‘l tutish kerak? Taniqli ulamolar Qoraqalpog‘istondagi vaziyatga munosabat bildirmoqda

So‘nggi kunlarda Qoraqalpog‘istonda kuzatilgan noxush vaziyat mamlakatimizdagi taniqli ulamolarni ham befarq qoldirgani yo‘q.

Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati qozisi Shamsuddin Bahouddinov videomurojaat bilan chiqib, aholini provokatsiyaga berilmaslikka da’vat etdi.

«Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida «Ikki ne’mat borki, odamlarning ko‘plari ularning qadriga yetmaydilar – ular tan salomatligi va tinchlikdir», dedilar. Azizlar, bir-ikki kundan beri elimizda bo‘lib turgan voqealardan hammamizning xabarimiz bor. Shu maqsadda hurmatli prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Nukus shahriga kelib, deputatlar, faollar va nuroniylar bilan uchrashib, xalqimizning tilak-istaklarini eshitdi. Bugungi kunda norozilik uyg‘otayotgan ba’zi masalalarga oydinlik kiritdi», – dedi Shamsuddin domla.

Ulamo davlat rahbari O‘zbekiston Konstitutsiyasining 17-bobida ko‘rsatilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tegishli moddalar o‘zgarishsiz qolishini ma’lum qilgani, demak, xalqning fikri inobatga olinganini ta’kidladi.

Shamsuddin Bahouddinov tinchlikdek ulkan ne’matning qadriga yetish har bir fuqaro, mo‘min-mo‘minaning burchi ekanini urg‘ulab, qoraqalpog‘istonlik yoshlarni vazminlikka undagan, bilim olib, yurt ravnaqiga hissa qo‘shishga chorlagan.

Taniqli ulamo Mubashshir Ahmad esa vaziyatni «nozik va nizoli» deb baholar ekan, bunday pallada qanday yo‘l tutish lozimligini tushuntirdi.

«Kecha yozgan munosabatimda rasmiy xabar va munosabatlar bo‘lmaguncha Qoraqalpog‘iston masalasida fikr yozmay turishni so‘ragan edim. Bugun alhamdulillah, voqealar haqida rasmiy xabarlar ham, munosabatlar ham berildi. Asosiysi, Prezidentimiz voqealarga joyida baho berib, Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘iston suverenitetiga tegishli qismi tahrirsiz avvalgidek qolishi kerakligi haqidagi qarorlari e’lon qilindi. Prezidentning qarorlarini ikki sabab bilan to‘liq qo‘llab-quvvatlayman:

  1. Vaziyat ko‘proq u kishi va atrofidagi qaror sohiblariga ayonroq va tushunarliroq. Bizga ular bir tomondan va noaniq shaklda ko‘rinadi.
  2. Insonlar his-tuyg‘ularga beriladigan bunday nozik va nizoli vaziyatlarda faqatgina oliy rahbarga itoat etish va mojarolarni uzil-kesil hal qilishda ular vakolatli ekanini e’tirof etish islom dinimiz ta’limotlaridan hisoblanadi», – deb yozdi u.

Ulamo o‘zbek va qoraqalpoq xalqi dini, mazhabi va tili bir ikki jondosh el ekanini ta’kidladi.

«Mojaroli vaziyatga nuqta qo‘yildi. Endi hamma tomon tinchlanishi kerak. Xususan, qoraqalpoq birodarlarimiz. Chunki ularni norozi qilgan muammo yechildi. Endi buyog‘iga qondosh o‘zbeklari bilan oldingiday yaxshi qo‘shnichilik, tinch-totuvlik va o‘zaro ishonch bilan kelajaklarini qurmoqlari kerak. Chunki necha asrdan beri yelkama-yelka yashayotgan o‘zbekdan yaqin do‘sti yo‘q qoraqalpoqning. Qolganlar faqat millat fojiasidan o‘zining manfaati uchun «yig‘laydigan do‘stlar” hisoblanadi. Bu yillar isbotlab qo‘ygan haqiqatdir», – deydi Mubashshir domla.

Ijtimoiy tarmoqda katta auditoriyaga ega Abror Muxtor Aliy ham provokatorlarning gijgijlashidan ogoh etdi.

«Vaziyatni qaltis tarafga og‘dirib, millatni bir-biriga qirdirishni xohlaydigan siyosatchilar hech qachon millat uchun foydali ishga bosh qo‘shmaydi. Hozirda barcha qoraqalpoq qardoshlarimizni sokinlik bilan ish tutishga, provokatorlarning gijgijlashiga quloq solmaslikka chaqiraman! Chunki bir necha bor takror va takror aytib kelayotganim hodisalar utopiya emasdi, balki xoh separatizmni, xoh panturkizmni va xoh ateizm-LGBTizmni bahona qilib, rivojlanib kelayotgan O‘zbekistonda inqilob harakatlari bor edi. Gapimiz to‘qima emasdi, piar uchun aytilgan gap ham emasdi. Bu fitnaning sharafsiz «aktyor»lari kimlar ekanini ham ko‘rsatib kelayotgandik. Ogoh bo‘ling! Xullas, bu fitna o‘chog‘iga tushmang, aziz qoraqalpoq qardoshim» – deya bong urdi Abror Muxtor Aliy.

Holat bo‘yicha munosabat bildirayotgan ulamolar «Mo‘minlar hech shak-shubhasiz og‘a-inilardir. Bas, sizlar ikki og‘a-iningizning o‘rtasini isloh qilinglar! Allohdan qo‘rqinglar – shoyad U zot tomonidan bo‘ladigan rahmatga erishsangizlar» (Qur’oni karimning «Hujurot» surasi, 10-oyat) degan ilohiy amrni qayta-qayta eslatmoqdalar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring