Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘g‘il farzand istagi nimaga olib kelishi ma’lum qilindi

O‘g‘il farzand istagi nimaga olib kelishi ma’lum qilindi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekistonda ayollar birinchi farzandini asosan 20-24 yosh oralig‘ida dunyoga keltirishni ma’qul ko‘rishadi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Oila va xotin-qizlar ilmiy tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Hamid Abduramov ma’lum qildi.

Anjumanda aytilishicha, 8 avgustdan 15 sentyabrga qadar O‘zbekistonda ayollarning reproduktiv xulq-atvori va unga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar yuzasidan tadqiqot o‘tkazilgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar birinchi farzandini asosan 20-24 yosh oralig‘ida dunyoga keltirishni ma’qul ko‘rishadi. 27,1 foizi bu haqda o‘ylab ko‘rmaganliklarini, 13,2 foizi esa buni taqdir bilan bog‘lashlarini bildirishgan.

Tahlillar so‘nggi farzandni dunyoga keltirishning eng maqbul yosh oralig‘i 30-35 yosh ekanligini ko‘rsatgan. Deyarli 10 foiz xotin-qizlar so‘nggi farzandni 36-40 yosh oralig‘ida ko‘rishni istaydi. 30 foizi bu to‘g‘risida hali o‘ylab ko‘rmaganliklari, 19 foizi bu holat ularning istaklariga bog‘liq emasligini qayd etgan.

Ayollardan ko‘p farzandli bo‘lishning asosiy sababi so‘ralganida, ularning ota-onalarga keksalikda tayanch bo‘lishi asosiy omil sifatida aksariyat ayollar tomonidan aytib o‘tilgan. Ayrim hollarda oilada o‘g‘il farzand ko‘rish istagi farzandlar sonining ko‘p bo‘lishiga sabab bo‘luvchi asosiy omil hisoblanadi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, har o‘ninchi (10,6 %) respondent «diniy e’tiqod»ni ko‘p farzandli bo‘lishning asosiy omili sifatida ko‘rsatgan.

Ayollarning o‘z reproduktiv xulq-atvorini o‘zi belgilashi, oilada nechta farzand ko‘rishni rejalashtirishi ularning ma’lumot darajasiga ham bog‘liq. Tadqiqot farzandlar soni o‘zining qaroriga bog‘liq emasligi holati o‘rta ma’lumotli ayollarda yuqori, oliy ma’lumotlilarda esa bir muncha past (26,5 foiz) ekanligini ko‘rsatgan.

Olingan natijalarga ko‘ra, har yettinchi xotin-qizlar (15,3 %) 2 nafar farzand bitta oila uchun yetarli degan fikrni bildirdi. Bunday javob ko‘proq oliy ma’lumotli ayollarda qayd etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring