Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ohangaronda tuman kadastr bo‘limiga yozilgan ariza qidirilmoqda. Alohida belgilari...

Ohangaronda tuman kadastr bo‘limiga yozilgan ariza qidirilmoqda. Alohida belgilari...

Foto: Storifoks

«Tut» MFYdagi 13-umumta’lim maktabi o‘tgan asrning 30-yillarida qurilgan. 2008-yilda maktab o‘rnida 320 o‘ringa mo‘ljallangan yangi ta’lim muassasasi barpo etildi. Maktab stadioni ham o‘sha davrdan buyon mavjud. Mazkur stadionda chaqiriqqacha yoshlarni tarbiyalash bo‘yicha mashqlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan tayyorlash maydonchasi mavjud. Maktabda sportning futbol, mini futbol, voleybol, shaxmat-shashka, kurash va boshqa turlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bir qarashda hamma narsa binoyidek – maktab, stadion, sport to‘garaklari, biroq…

Qariyb 100  yillik tarixga ega ushbu maktabning stadioni atrofida shu kunlarda gap-so‘zlar ko‘paydi. Ba’zi olg‘irlar stadion va unga yondosh hududlar ayni vaqtda tuman hokimligi zaxira yerlar balansida turganidan foydalanib…

Stop. Orada boshqa gaplar bor.

Bir qarasang, hamma gap maktabning hozirgi va sobiq rahbarlarida bo‘lib chiqadi. Chunki o‘z vaqtida hujjat ishlarining pishiq-puxta qilib qo‘yilmagani, bugungi kunda ko‘pchilikning bolalik yo‘ldoshi, hudud aholisining umumiy mulki, joiz bo‘lsa, fayzi, merosiga aylanib bo‘lgan maskanga xaridorlar chiqishiga turtki bo‘layotibdi. Shu jihatdan olganda, bu maskan va uning yon-veriga ko‘z tikib, halol biznes boshlayotganlarni ham ayb-lash noo‘rin. Ammo…

Bu olamda xususiylashtirib bo‘lmaydigan narsalar bor. Elning nazaridagi joylar, allaqachon xalq mulkiga aylangan maskanlar ana shular jumlasidandir. Bugun nainki Tutdagi, qolaversa, boshqa barcha  qishloqlardagi aksariyat maktab stadionlari ham necha-necha avlodning suyagi qotgan, o‘zining kechagi kuni, yoshligi haqida xotiralar soladigan bir maskanga aylangan. Shu jihatdan olganda, ko‘pning nazaridagi joylarga ko‘z tikayotganlar masalaning bu tomonlarini ham bir mulohaza qilib ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi.

Maktab direktori  Abduqahhor aka Ernazarov bilan suhbatlashar ekanmiz, o‘z vaqtida kadastr hujjatlari qildirilmaganiga astoydil achindi. «Hechdan ko‘ra kech», deganlaridek, bu masala yuzasidan o‘qituvchilar, bir qator fuqarolar tomonidan hududiy sektorga murojaat qilingan.

Oradan to‘rt oy o‘tdi. Nima o‘zgardi?

Hech nima. Sektor rahbari bilan suhbatlashganimizda, masalaning unga bog‘liq jihati bo‘yicha muammo yo‘qligi, murojaat tushgan zahoti tegishli tartibda tuman yer resurslari va davlat kadastr bo‘limiga rasmiy xat yuborilgani aytildi. Mas’ullar tomonidan esa hanuzgacha rasman javob yo‘q. Muammoning ijobiy yechimini 4 oydan beri kuta-kuta toqati toq bo‘lgan o‘qituvchilar yana tuman yer bo‘limiga uchrashadi. Mas’ulning javobi esa shunchaki, nima desak ekan-a?.. Afsus, jurnalistik etikaga ko‘ra, matbuotda so‘kinish mumkin emas-da… Xullas, gapning avvaliga qaytamiz.

O‘rtoqlar, qadrli  Ohangaron ahli! Mabodo Tut qishlog‘idagi 13-maktab o‘qituvchilarining tuman kadastr bo‘limiga yozgan arizasini ko‘rmadingizmi? U qayerda bo‘lishi mumkin? Iltimos, bordiyu ko‘cha-ko‘yda, noravo joylarda g‘ijimlangan, e’tiborsizlarcha tashlab yuborilgan bu arizani topib olsangiz, tuman yer resurslari va davlat kadastr bo‘limiga eltib bering. Ular bu arizani yo‘qotib qo‘yishgan – topilmayapti. Yordam bermasangiz bo‘lmaydi. Chunki bu ketishda, yillar o‘tib ketishi mumkin, ungacha stadion va unga yondosh hududlar boshqalarga hatlab berilsa, ertaga kim degan odam bo‘lamiz?..

Behzod Qobulov,
«Xabar.uz»ning Toshkent viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring