OITSga chalingan bemor: «O‘z umrining so‘nggi kunlarida yashayotganini bilib yashash — o‘limdan oldin o‘lim...» (video)
Buxoro viloyat OITSga qarshi kurashish markazi. Bildirilishicha, markazdagi moslashtirilgan xonalarda davolanayotgan bemorlar doimiy muolajada. Markazda bemorlar uchun ishonch xonalari mavjud bo‘lib, «Do‘stlik xonasi» degan atama bilan yuritiladi.
Bu xonalarda bemorlarning ism-shariflari mutlaqo sir tutilishi kafolatlangan. Chunki, bu kasallikka chalinganlar jamoatchilik tomonidan kamsitilishi mumkin. Markazda bemorlar aql-idrokka, jismoniy harakatlarga asoslangan mashg‘ulotlar o‘tkazilib, ruhiy holatlari o‘rganilar ekan.
Ushbu markazga kirar ekanmiz, qabulxonada bir shifokorning mijozlarni qabul qilayotgan paytidagi suhbati e’tiborimizni tortdi.
«Sizga haqiqatni aytishim kerak. Hali bu kasallikning davosi topilmagan. Faqat uzoq va tinimsiz muolajalar bilangina sizga biroz yordam bera olishimiz mumkin!»
Shifokorning so‘zlarini eshitib, ikki bukilib, yetmish yashar choldek bukchayib qolgan bemor yigit uchun borliq zulmatga aylandi. Tahlil natijalaridan xabar topgan bemorning onasi esa boshini changallab qoldi.
«Unashtirib qo‘ygandik, do‘xtir bolam, endi qanday bahona bilan to‘yni to‘xtatamiz. Bo‘lajak quda-andalar oldida nima degan odam bo‘ldik?!»
Ma’lum bo‘lishicha, bu yigit xorijga ish qidirib borib, u yerda durustgina daromad topgan. Ota-ona, yaqinlaridan yiroqda yurgan yigit o‘z bilganicha yashagan. Oqibatda og‘ir va tuzalmas dard – OITSga chalingan.
«Garchi OIV infeksiyasini bartaraf qilishga ega bo‘lgan to‘la qudratli vaksina ishlab chiqarilmagan bo‘lsa ham bunda kasallikni davolash usullari va kasalning umrini uzaytirish yo‘llari mavjud. Ammo, kasallikka chalinayotganlarning aksariyatini yoshlar tashkil etayotgani kishini tashvishga soladi. Ularning ko‘pchiligi o‘z umrining so‘nggi daqiqalarini yashayotganini ham biladi...»,— dedi bizga hamroh bo‘lgan shifokor.
O‘z umrining so‘nggi kunlarini bilib yashash - shunchaki og‘riq emas, uni ifodalashning o‘zi qiyin... Og‘ir, vazmin qadamlar bilan markaz dahlizidan yura boshlaymiz. Turli chehralar bizni qarshilaydi: barining nigohida bir xil sarosima, bir xil hadik, go‘yo hayot bilan bir xil vidolashuv...
Dahlizning qarama-qarshi tomonidan bizga tomon ehtiyotkorlik bilan zo‘rg‘a qadam tashlab kela boshladi. Yosh yigit: ko‘pchilik qizlar orzulagan qomatdor, uchqur nigoh.
«Uzog‘i bilan bir oycha umri qolgan... » —sekin ship-ship qo‘ydi hamrohimiz.
«O‘limdan juda-juda qo‘rqayapman... »
«Xabar.uz» muxbiri markazga najot izlab kelgan ilk uchratgan bemori bilan qisqacha salomlashuvdan so‘ng u bilan suhbatlashish istagi borligini bildirdi. Yigit markazning uzoq yillik bemori Murtazo Habibov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) ekan.
U hech ikkilanishlarsiz suhbatdan bosh tortmasligini bildirdi. Murtazo bilan muolaja xonasida suhbatlashdik.
«Yoshim 27 da. Bu dardning oxiri nima bilan tugashini hamma biladi. Gaplarimni yozinglar, odamlar o‘qisin. Toki, boshqalar menga o‘xshab bir lahzalik ko‘ngilxushlik, deb o‘z umrini o‘zi xazon qilmasin. Men o‘laman, ha, o‘laman! Balki o‘n kundan keyin, balki erta, balki bugun, balki hozir sizga intervyu berayotgan chog‘imda. Lekin, yozing, mening qismatim o‘ziga bino qo‘ygan va begona yurt orzu-havasida yurganlarga saboq bo‘lsin»,— dedi Murtazo va o‘z hikoyasini boshladi.
Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, uning ota-onasi 19 yoshida avtohalokat tufayli qazo qilishgan. Ikki singlisi bilan yolg‘iz qolgan. Ota-onasidan qolgan mashinani naridan-beri tuzatib, kirakashlik qila boshlagan. O‘zi oilaga bosh bo‘lib qolgani uchun ham singillari uning qaramog‘ida qolishgan. Singillarining har ikkisi ham maktab o‘quvchisi bo‘lgan. Ularning o‘qishi, yeb-ichishi, usti-boshi, degandek... ikki yilcha oilani bir navi qilib sudrab turgan. Keyinchalik ikki voyaga yetmagan singlisini tashlab, xorijga ishga jo‘nab ketgan.
«Rossiyada ham kirakashlik qildim. Ikki-uch yilcha singillarimga yaxshi ishlab, pul jo‘nata boshladim. Shunday kunlarning birida mashinamga o‘tirgan ikki mijoz qistovi bilan narkotik moddani hidlab ko‘rganman. Oradan bir necha kun o‘tib, uning yana xumori tuta boshladi. O‘sha mijozlarni izlab topdim. Ular bilan mashinamda bir xonadonga keldik. Maishat avjida. Qizlar-yigitlar. Qiy-chuv tom qadar. Kayfiyatlar a’lo. Haligidan yana bir-ikki hidlatishdi. Rus, o‘zbek, tojik, koreys qizlari, eh-he-ye, ular orasidan istaganim bilan ko‘ngilxushlikka chog‘lashdi. O‘zim tanimagan, bilmagan xorij qizlari bilan ishqiy munosabatda bo‘ldim. Qizlar bilan kunora uchrasha boshladim.
Oradan o‘n-o‘n besh kun o‘tmay, isitmalab, o‘zimni batamom lohas seza boshladim. Yana o‘sha mijozlarimni izlab topdim. Topgan-tutganlarimni qo‘llariga tutqazdim. Endi men giyohvand moddani shunchaki hidlab turishnimas, balki bora-bora uni tomirga igna orqali o‘tkazish izmiga ham tushib qolgandim. Avvaliga kuniga bir marta bilan kifoyalanganman. Asta-sekin ikki-uch martagacha «doza» qabul qila boshlaganman. Afsuski, shu orada «SPID» otli bedavo kasalga ham yo‘liqqan ekanman.
Infeksiyani yuqtirganimni bilganimdan so‘ng zudlik bilan Buxoroga qaytdim. O‘z yurtimga qaytgach esa xesh-birodarlardan uyalibmi, kasalligimni oshkor qilishni, shifokor ko‘rigiga borishni paysalga soldim. «Nasha»ning xumori tutganda esa bir-ikkita oshna-og‘ayni orqali uni ham toptirib, yana chekishda davom etaverdim. Singillarimning jovrashlariyu, ko‘z yoshlari meni ortimga qaytara olmadi. Ularni urib-so‘kib, tepkilashdan ham tonmasdim. Mahallamiz oqsoqoli va qo‘ni-qo‘shnilar singillarimga meni uyga yo‘latmaslikni tayinlabdi. Shunday bo‘ldi ham... Uyga ham kelmay qo‘ydim, singillarim holidan xabar ham olmay qo‘ydim.
Shu orada bir boyvuchcha qiz bilan ko‘ngil qo‘yishdik. Mahalladan haydalganimni, singillarim borligi haqida unga mutlaqo so‘z ochmadim. O‘zimni «g‘irt» yetim ko‘rsatdim. Uning ota-onasi uchun ham «ota-onasi yo‘q yetim» kerak ekani ayon edi. O‘sha men bo‘ldim. O‘ziga bino qo‘ygan kirollardek mana-man, degan boyning qiziga uylandim. Biroq, OITS kasalligiga chalinganimni aytmadim. To‘ydan keyin xotinim homilador bo‘lgach, hammasi oshkor bo‘ldi. Lekin shunda ham xotinim mendan voz kechmadi. Afsuski, ota-onasi, qarindoshlari meni quvib solishdi. Eshitishimcha, xotinimning homilasini ham oldirib tashlattirishgan ekan...
Ha, bu bevoshlik meni xarob qildi. Hammasiga o‘zim aybdorman. Bu qora og‘uyu, bedavo xastalik hayotimni zaharladi. Umrimni sindirdi. To‘g‘ri, uzoq yildan buyon davolanyapman. Lekin bu vaqtinchalik ekanligini, umrim poyoniga yetayotganini, bugun davolanishni, hayotga qaytishni chin dildan istasam-da, shifokorlar harakati besamar ketishi ayonligini allaqachon tushunib yetganman. Chunki o‘z vaqtida davolanmadim, xastaligimni bilib turib, yashirib keldim. Eshitishimcha, mahalladoshlarim bosh-qosh bo‘lishib, singillarimni bir yaxshi xonadonga uzatishgan ekan. Shugina meni quvontiradi, xolos. Men esa na akalik, na farzandlik burchini ado eta oldim... »,-so‘zladi Murtazo.
«Singillaringiz xastaligingizdan xabardormi?»— so‘raymiz.
«Ha, kunora xabar olib ketishyapti... »— dedi u.
Ortiqcha savol berishni o‘zimizga ep ko‘rmadik. O‘rtaga og‘riqli sukunat cho‘kdi.
«Sizga savolim bor edi»,-dedi suhbatdosh bir muddat jimlikdan so‘ng.
«Bemalol!»-deymiz.
«Siz nega mendan o‘limdan qo‘rqmaysizmi?»— deb so‘ramayapsiz?»
Uning bu savolidan yuragimiz qalqib ketdi va o‘z savoliga o‘zi javob berdi:
«Bilasizmi, odamning o‘z umrining so‘nggi kunlarida yashayotganini bilib yashashi – bu o‘limdan oldin o‘lim, degani. Qo‘rqaman. O‘limdan juda-juda qo‘rqayapman. Yashagim kelayapti, yashagim... », — dedi Murtazo. U yuzlarini qo‘llari bilan berkitgancha, yig‘lab yubordi.
Shifokorning imosi bilan Murtazoning xonasidan uzoqlashdik.
«Farzandimni qo‘limga sog‘lom olishim kerak... »
Keyingi suhbatdoshimiz markazda muolaja olayotgan navnihol kelinchak. U o‘zini Nigora Shoyimova (ismi-sharifi o‘zgartirilgan), deb tanishtirdi.
«Hali kollejni tugatmagan edim. Qarshiligimga qaramay, meni toparmon-tutarmon, deya bir boy xonadon sohibining o‘g‘liga nikohlab qo‘yishdi. Bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘im mendan 7-8 yosh katta edi. To‘ygacha u bilan tuzuk tanishib, gaplashib ham ololmaganmiz. Chunki u uzoq yillardan buyon xorijda ishlar, yurtiga ikki-uch yilda bir-ikki kelib ketar ekan. Oradan ko‘p o‘tmay, otam: «Kuyov bola ikki kundan keyin kelar ekan, qudalar to‘y taraddudini tezlashtirishyapti. Hafta oxirida to‘y» — deb qoldi. Men esa «hangu-mang» qoldim.
Kuyov bola keldi ham. Ikki kun ichida to‘ydan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishimiz lozimligi ta’kidlandi. Bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘im esa vaqtni tig‘iz bilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tmadi, ammo, qandaydir yo‘llar bilan sog‘lomligi haqida tibbiyot varag‘ini yozdirib olgandi...
Ne-ne orzu-umidlar bilan elga osh berib, to‘y qilgan ota-onamning, mening orzularim sarob bo‘ldi. Kelinligimning birinchi oyidayoq erimning, nafaqat, giyohvandligi, balki uning OITS kasalligiga chalingani ham ma’lum bo‘ldi. Bularning barini to‘yga qadar aniqlash va chora ko‘rish mumkin edi. Ming afsuski, bu bedavo kasallik menga ham yuqib ulgurgan ekan. Qiyin-qistov bilan meni boy xonadonga uzatgan ota-onam shifokorlar bilan gaplashib, homilamni ham oldirmoqchi bo‘lishdi. Lekin men qarshilik qilyapman. Men farzandimni qo‘limga sog‘lom olishim kerak. Shifokorlarga ishonaman»,— dedi kelinchak.
Ha, Nigora singari hayotining ilk ostonalarida baxtsizlik domiga tushganlar talay. Ayrim ota-onalarning qiyin-qistovlari bilan turmush qurib, jabru sitam ko‘rgan, yohud hayot yo‘llarida adashib, o‘zini, oilasini, avlodini kasallik domiga tortganlar qancha!
«Pala-partish turmush tarzida bo‘lgan erkaklar tufayli jabr ko‘rayotgan bunday ayollarimiz ko‘p. Ular orasida ona bo‘lish istagida yurganlar ham bor. Biz esa bolani ona qornidaligidayoq qattiq nazorat ostiga olamiz. Muntazam ravishda sog‘ligiga daxl bo‘lmaydigan dori-darmonlar bilan oziqlantirib boramiz. Bola tug‘ilgach esa doimiy ravishda dispanser nazoratida bo‘ladi. Bunday vaziyatda bola ona suti bilan emas, balki bolaning o‘sishi va rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan, immunitetni ko‘taradigan sun’iy oziqlar bilan to‘yintirib boriladi. Bir yarim yoshgacha bola bizning qat’iy nazoratimizda bo‘ladi va bu davr ichida organizmidagi qon infeksiyasiz holga keladi»,— deydi markaz vrach-genekologi Muqaddam Ismatova.
Muqaddam Ismatovaning so‘ziga ko‘ra, infeksiyaga chalingan ota-ona muolajalardan to‘xtamay, dori-darmonlarni o‘z vaqtida qabul qilishgan bo‘lishsa, ularning bolalari infeksiyasiz va asoratsiz dunyoga keladi. 2011-yildan hozirga qadar viloyatda faqat ikki nafar bolada infeksiya bilan tug‘ilish holati kuzatilgan. Bu esa onaning homiladorlik paytida muolajalarga befarqlik bilan munosabatda bo‘lgani oqibatida yuzaga kelgan.
Shifokorlarning so‘ziga ko‘ra, infeksiya tarqatuvchilar asosan, muhojirlar bo‘lib qolishgan. Keyingi yaqin yillardan buyon esa muhojirlar o‘z ixtiyorlari bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tishmoqda.
«Tibbiy ko‘rikdan o‘tishgani natijasiga qarab, ular bilan muolajalar boshlanadi. OIVga qon tahlillari bepul va xufyona tarzda amalga oshiriladi. Bemorlar «Ishonch xonalari»da davolanishadi,— dedi markaz shifokori Bahodir Avezov.
«Xabar.uz» muxbiri markazda davolanayotgan bolaligidan tamaki chekishga rujo‘ qo‘yib, keyinchalik giyohvand moddalar qabul qilgan va alal-oqibat, tartibsiz yashashi oqibati orttirilga immunititet tanqisligi sindromiga uchragan 35 yoshli A.J. bilan suhbatda bo‘ldi.
«Buxoro viloyati OITSga qarshi kurash markazi ro‘yxatiga olingunimga qadar viloyat narkologiya dispanserida ham bir necha bor davolanib chiqqanman. Ilk bor otamga qiziqib, sigareta tutatganimda, 5-6 yoshlarda edim. Shunga ham o‘ttiz yilcha bo‘libdi. O‘shanda ota-onam, hali bola-da, deyishib, qiziqishlarimga qarshi chiqishmagan. Chunki mening oilada bor-yo‘qligim ham ularni hech qachon tashvishlantirmagan. Hammaning e’tiboridan chetda, aniqrog‘i, katta oilada yolg‘iz edim. Oradan ko‘p o‘tmay, giyohvand modalarning ham iste’molchisiga aylanib ketdim.
Ishonsangiz, mana shunday dispanser va markazlardagina o‘zimning borligimni, kerakligimni his qilaman. Ammo, har qancha harakat qilishmasin, o‘zimda irodaning yetishmasligi ularning say’-harakatlariga pand berib kelmoqda. To‘g‘ri, shifokorlar yosh umrimga achinishyapti, tanbeh berishyapti. Meni hayotga qaytarish uchun ko‘p urinishyapti. Biroq, men irodasizligim bilan o‘zimga jabr qilishdan to‘xtamayapman. Avvaliga sigareta, keyin giyohvandlik... Mana, ko‘rib turganingizdek, bugun OITSdan vujudim zirqirraydi. Umrim besamar o‘tib ketganidan pushaymonman. Xuddi 35 yil umrimni qamoqda o‘tkazayotgandekman. Ammo, men bu qismatim, achchiq hayotim uchun o‘zimni emas, ota-onamni aybdor va javobgar, deb bilaman»
A.J. bilan uzoq suhbatlashdik. Qo‘llarining mushti tugilgan, vujudida titroq, qisiq ko‘zlarida yosh qalqib turardi uning.
OITS. Hushyorlik talab qiladi.
«Aytish joizki, ushbu xastalikning 18 foizi migratsiya bilan bog‘liq. Noqonuniy yo‘l bilan uzoq muddatga ishlashga ketib, OITS kasalligidek bedavo dardga chalinganlar, deportatsiya qilinayotganlar ham bor. Eng xavflisi, bedavo dard iskanjasiga tushganlar yurtiga qaytgach, o‘z oilalariga bu kasallikni yuqtirmasliklariga kim kafolat beradi?! Bu borada mahalla faollari va nikohni qayd etuvchi organlar vakillari hushyorroq bo‘lishlari talab etiladi, — dedi viloyat OITSga qarshi kurashish markaz vrachi Dilafro‘z Sattorova, - «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning 15-moddasi bilan nikohlanuvchilarni to‘ydan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bejizga belgilab qo‘yilmagan. OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik vaziyat, OIV infeksiyasi epidemiyasining o‘sishida mehnat migrantlarining roli respublika hukumati, Sog‘likni saqlash vazirligi hamda viloyat hokimligi sog‘likni saqlash boshqarmasi tomonidan bejizga nazorat ostiga olinmagan».
Dilafro‘z Sattorovaning bildirishicha, migrantlar o‘rtasida OIV infeksiyasidan xabardorlik darajalarini oshirish ishlari Buxoro temiryo‘l vokzali, Xalqaro aeroportda aholining profilaktik xabardorlik darajasini oshirish maqsadida o‘zbek va rus tillaridagi audiodisklar taqdim qilinmoqda.
«Shu o‘rinda aytish joizki, ko‘pchilik bunday bemorlardan kasallikni yuqtirish xavfi bor, degan mulohazaga ham boradi. Ammo shuni ishonch bilan ayta olamizki, mazkur kasallik hech qachon bir joydan nafas olganda yoki bir idishdan suv ichganda yuqmaydi»,-dedi shifokor.
Biz markaz ro‘yxatiga olingan keyingi bemorlar bilan suhbatda davom etdik.
M.L., Kogon tumani, 34 yosh:
«Qo‘limda yaxshigina kasbim bo‘lsa-da, oila tashvishi, ro‘zg‘orni tortishda qiynalib, ko‘proq daromad topish istagida Rossiyaga qatnadim. To muhojir bo‘lmagunimcha, sigareta tutatmaganman. Afsuski, xorij hayoti meni, nafaqat, sigareta, balki, giyohvand moddalarni ham iste’mol qilishimga yo‘l ochib berdi. Bu orada o‘sha yerdagi yengiltabiat ayollarga ham o‘ralashib qoldim. Bu xastalikni yuqtirganimni bilgan chog‘imda hayotim do‘zaxga aylanganini tushunib yetgandim. Ammo shifokorlarning o‘z vaqtida bergan maslahatu muolajalari meni hayotga qaytarishmoqda. Hech bo‘lmasa, umrimni nisbatan uzayishiga sabab bo‘lishyapti, deb o‘ylayman. Ulardan minnatdorman. Bugun qilgan gunohlarimdan tovba-tazarrular qilaman. Atrofimda bu xastalikni yengishga irodasizlik qilayotganlarni ham yangi hayot sari chorlagim keladi. Axir inson o‘ziga shifokor, dori-darmonlar esa uning ishonchi-ku!» —deydi u.
Suhbatdosh kasallikdan qutilish uchun irodasini mustahkam tutib, oilasi, bola-chaqasi uchun ishonch bilan muolajalarni olishda davom etayotgan ekan.
«Nosog‘lom oila»ning farzandi»lik meni bevosh qildi... »
24 yoshli M.N. ismli ayol esa muxbir bilan suhbat chog‘ida o‘z yurish-turishidan pushaymonligini, infeksiyaga chalinganini bilib turib, boshqa shaxslarga ham qasddan yuqtirganini ikkilanishlarsiz bildirgan.
«Yashirmayman, bolaligimdan «nosog‘lom oila»ning farzandi» degan dakki bilan o‘sdim. Aynan shu narsa meni battar bevosh bo‘lishimga turtki bo‘ldi. Chunki bolaligimdan sinfdoshlarim orasida kamsitildim. Keyin kollejdayam yakkalanib qoldim. Hamma ota-onamni ham, meni ham qo‘li bilan ko‘rsatardi. Men ham tengqurlarimdek esli-hushli qiz bo‘lgim kelardi. Ammo, durtqi-surtqilar meni battar nosog‘lom hayotga uloqtirdi. Xorijga borib, yengil-yelpi hayotga berilib ketdim. «Fohisha» degan haqoratni eshita-eshita ko‘ndim, hatto, xafa ham bo‘lmay qo‘ydim.
O‘zimga yarasha husni-latofatim, chiroyim bor. «Mana-man, degan erkaklarning ham aqlu-hushini o‘g‘irlay olaman». Ana shunday fikru-o‘y bilan balchiqqa botdim. Tozalanmas, tuzalmas balchiq ekan bu. Yengil-yelpi hayot mani o‘ziga tortdi. Iskanjasiga oldi. So‘ng vujud-vujudimni xanjarlab tashladi. Butun boshli tanam og‘riqdan qaqshaganda buni his qilaman. O‘lim ham, hayot ham men uchun baribir bo‘lib qolgan. Faqat la’natlaydiganim bitta: jamiyatdagi «nosog‘lom oila» yoki «nosog‘lom oilaning farzandi» degan iborani yo‘qotishsin. Bu achchiq kamsitishdan boshqa narsa emas! U faqat battar yomonlashishga xizmat qiladi. Boshqa gapim yo‘q!»
Buxoro viloyat IIB xodimi, podpolkovnik Sharif Ostonovning so‘ziga ko‘ra, OITS infeksiyasi 1989 yildan ro‘yxatga olingan bo‘lsa, viloyat bo‘yicha hozirgi kunga qadar 2300 nafardan ortiq shaxslar «D» nazoratga olingan. Shundan 700 nafari vafot etgan. Hozirda nazoratda bo‘lgan va yashab turganlar 1600 nafarni tashkil etadi.
«Buxoroda OIV infeksiyasining intensiv ko‘rsatkichi (har 100000 aholiga) o‘tgan yilning 10 oyida 6.1 foizga, joriy yilda 7.0 foizga teng, bu ko‘rsatkich kasallikning joriy yilda 0.9 foizga oshganligidan darak beradi. Raqamlarga tayaniladigan bo‘lsa, o‘tgan 2022 yilda 11 nafar shaxs tomonidan 60 nafardan ortiq boshqa fuqarolarga bu xastalikni qasddan yuqtirgan yoki kasallikni yuqtirish xavfi ostida qoldirgan»,— deydi Sharif Ostonov.
Ma’lumot o‘rnida: OITS — orttirilgan immunititet tanqisligi sindromi. Hozirgi kunda dunyo bo‘yicha 35 milliondan ortiq kishi OIV infeksiyasi bilan ro‘yxatga olingan. Ma’lumotga ko‘ra, bu kasallikka har yili 2.2 million, har kuni 7 ming kishi, bir soatda 300 nafar kishi chalinadi. Kasallikni yuqtirganlarning 42% ayollar, 58% erkaklardan iborat. Bildirilishicha, dunyoda 15 million bola OITS tufayli yo otasi, yo onasi, yo har ikkalasidan judo bo‘lgan. Har kuni ushbu xastalikni yuqtirayotganlarning 60-65 foizini yoshlar tashkil qilmoqda.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter