Omadsizlik ortidagi... ulkan omad
«Men omadsizman, ishim hech o‘ngidan kelmaydi. Pul topishni bilmayman, uddaburon emasman. Qani edi boyib ketsam...» Oramizda shunday deydigan odamlar oz emas. Xo‘sh, ular chindan ham chorasizmi? Balki taqdir bu odamlarni siylashni unutib qo‘ygandir? Rahmingiz kelmay, achinmay iloji yo‘q. Lekin aslida bularning barchasi oddiygina bahona desak ishonasizmi?!
Ular kimlar?
Hayoti mobaynida har bir hodisadan ijobiy tomonni ko‘radigan insonning doimo omadi chopadi! Zero, biz, hammamiz omadlimiz, faqat omadni tanlay bilish, ko‘ra olish kerak. Omad hech kimga berilmay qolmaydi, shuni unutmang. Kimdir sizni xafa qildi, ishdan bo‘shab ketdingiz, bir so‘z bilan aytganda, qaltis vaziyatlar yuzaga keldi, ammo yodda tuting, mazkur hodisa ortida omad yashiringan bo‘ladi. Buni to‘g‘ri qabul qilish nihoyatda muhim.
Agar inson murakkab voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarmasa, noto‘g‘ri tahlil qilsa, kimnidir ayblasa, ma’naviyati qashshoqligidan darak beradi. Bundaylar o‘zlari uchun boshqalarning nimadir tayyorlab berishlarini istaydi, aybni o‘zgaga ag‘darib, mavjud holatdan aybsiz bo‘lib chiqib ketishga harakat qiladi. Aynan shu kabi insonlarning omadi chopmaydi, qolaversa, ular yutuqlarga ham erisha olmaydi.
Xatolardan nega qo‘rqamiz?
Har bir odam hayotida turli-tuman to‘siqlar uchraydi. Maqsadga erishaman degan inson ularni yengishi zarur. Buning uchun esa ijobiy tafakkurga ega bo‘lmoq kerak. Ketma-ket xato qilsa ham, «hali vaqtim bor, intilishdan to‘xtamasligim kerak», – deyishi lozim. Har bir xato tufayli «men omadsizman, muvaffaqiyatsizman» deyaversa, ishi orqaga ketishi tayin. Xatolardan ijobiy jihatlarni topib, «bunday xatolarga boshqa yo‘l qo‘ymasligim kerak» deb, keyingisiga to‘g‘ri xulosa chiqarib o‘tadigan odamlar muvaffaqiyatga erishadilar.
Bir misol keltiraman, lampochka ixtirochisi Tomas Edison 10.000 marta tajriba o‘tkazgan, xatolar qilavergan, chiroq baribir yonmagan. Tajribalardan birini o‘tkazayotganda uning butun boshli laboratoriyasi yonib ketadi. Edison shu qadar ijobiy fikrlovchi inson bo‘lganki, yong‘inni ko‘rsatib ayoliga shunday degan: «Qara, laboratoriyamiz yonyapti. Men eski tajriba, eski fikrlarda qolib ketganman. Yangi g‘oyalar topsamgina o‘ylagan natijamga erishaman. Hozir yonayotgani esa – xatolarimdir». Edison favqulodda yong‘inni yaxshilikka yo‘ygan.
Xatosiz yutuqqa erishib bo‘lmaydi. Muvaffaqiyat pog‘onalariga chiqaman desangiz, omadsizlik yuz berishi haqida ham o‘ylab qo‘ying. Muvaffaqiyatsizlikka uchrashim mumkin, deb xayol qilmas ekansiz, omad bilan ham yuzlasha olmaysiz.
Baxtiniso Azimboyeva,
shifokor-ruhshunos


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter