Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Open budjet» yoxud ovoz savdosi bozori: kimga baxt kimga qayg‘u?!

«Open budjet» yoxud ovoz savdosi bozori: kimga baxt kimga qayg‘u?!

foto: xabar.uz, chatgpt

O‘tgan yili xuddi shu paytlari birovdan narsa so‘rashni o‘ziga ep ko‘rmaydigan, ishi tushsa ming hijolat bo‘ladigan tanishim «Open budjet»(«tashabbusli budjet») uchun ovoz berishimni aytib qoldi. Xo‘p, dedim, bir necha bor urinib oxiri ovoz berishga erishdim. Tanishim tinmay raxmat aytdi bitta ovozga, juda hijolat bo‘lib ketdim uning raxmatlariga. Qarindoshlar gruppasiga iltimoslar qilib yozdi, o‘zi salga hijolat bo‘lib ketadigan odamning ahvolini tasavvur qiling endi. Qiynalgan payti ham o‘ziga birovdan narsa so‘ramaydigan, ori kuchli shunday odamlarning qanchasining yuzi qizardi shu ovozni deb. Tilamchilik qilmasa bo‘lmasa, ishxonasida qanchadir ovoz yig‘ishi shart qilib qo‘yilgan, bosh ko‘tarsa aniq ishidan quruq qoladi. Unga yordam deya ikki-uch tanishimni ko‘z ostimga oldim, qani endi hijolatligimni yengolsam, qani endi ovoz berib yuboring deb aytishga yuzim chidasa. Endi o‘ylab ko‘ring bir xodim 100 ta ovoz yig‘ish uchun yuz ming marta yerga kirgudek bo‘lishini, bu xo‘rlikdan boshqa narsa emasligini o‘sha payti his qilgandim. «Open budjet» mashmashasi bugunning muammosi emas. Ya’ni shoir aytganidek, biz bahorni shunday qarshilaymiz: har bahor ham shu bo‘lar takror, har bahor ham shunday o‘tadi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlar va OAV nashrlarida tinimsiz chiqishlar qilinmoqda. Ammo foydasiz. Kuni kecha metrodan chiqaverishda juda ko‘p ovoz berishga chaqirayotganlar orasida bir yigit e’tiborimni tortdi: naq qulluq bilan, egilib iltimos qilayapti-da. Nahotki shu holatlarni «Open budjet» loyihasi tashkilotchilari ko‘rmayotgan bo‘lsa? «Open budjet» haqida mish-mishlar va haqiqatlar nahotki rahbarlarni befarq qoldirsa, nahotki ular ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan ko‘z yumishsa... Birgina facebookdagi ovoz yig‘ish voqealari bilan bog‘liq postlarga na kulishni, na kuyishni bilmaysiz.

(Surat internet, ochiq manbalardan olindi)

Hatto bu aqli noqislikdek ish, degandek fikr bildirgan o‘z sahifasida psixolog Nargiza Qurbonova: «Metrodan chiqsam «ovoz, ovoz» deb 20ga yaqin erkaklar baqirib turishibdi. Oldiniga tushunmadim, nima bo‘lyapti deb. Keyin «Bitta ovoz 250 000», «Ovozla 500 000 bo‘lib ketdi, ikkitasi» degandan keyin tushundim (narxni sarkazm qilib ko‘tarib aytishayotgan edi).  

«Open budjet» va shunaqa pul ketqazib ovoz yig‘ishni joriy qilganlarni klinik psixolog ko‘rigi keyin psixiatr kuzatuvi shart shekilli... »

Sharofiddin To‘laganovning sarkazm bilan qo‘ygan postini esa birov tushundi, birov tushunmadi:

«Metroning «Beruniy» bekatiga tushaverishda 10-15yigit «Open budjet 25ming so‘m» deb baqirib turibdi. Chiqishda ham shu holat. Demak, 30 kishi vaqtincha bo‘lsa ham ish bilan ta’minlangan. Yana deng pul berib muhtojlarning hojatini chiqarishmoqda. Shu sababli, siz ichi qoralar, negativ qidiravermanglar».

Nodirbek Raximovning tashvishi esa hammasidan o‘tib tushdi:

«Open budjet! Kecha ӯg‘lim 5 ta ovoz olib beribdi, tanish-bilishlarga telefon qilib. 150 ming so‘m ishlabdi. Bugun repetitoriga pul beraman desam, dada, pulim bor, bu hafta ichida sizdan pul olmay turaman dedi. Endi, shu pulni mendan yashirganida nima bo‘lardi? Boshqa, o‘zi qiziqqan biror ishga sarflab yuborsa nima bo‘lardi? Eng qizig‘i, berilgan ovozlarning birortasi sistemada sanoqdan o‘tmagan. Ya’ni, 150 mingga sotilgan ovozlar «Open budjet»sistemasidan o‘tmay qolgan.

Shunda kim aybdor?

Mening o‘g‘limmi yoki voyaga yetmagan o‘smirlardan ovoz yig‘ayotganlarmi?

Balki, farzandini yaxshi tarbiyalay olmayotgan, zamonning tobiga tutib berayotgan men aybdormi?»

To‘g‘ri bu borada ya’ni majburlab ovoz yig‘ishlarga barham berish maqsadida huquqiy hujjatlar ishlayapti: «O‘zbekiston Respublikasi prezidentining PQ-117-son qarori 6-bandiga asosan, tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari doirasida budjet tashkilotlarining rahbar xodimlari tomonidan majburiy ovoz yig‘ish bo‘yicha xodimlarga topshiriq berishlari taqiqlanadi. Bu majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanadi.

Mehnat kodeksining 5-moddasiga asosan majburiy mehnat taqiqlangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shu harakat takroran yoki voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 148²-moddasia asosan javobgarlikka tortiladi. Majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga duch kelsangiz Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 71 200-06-00 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiling», deyiladi Bandlik vazirligi  axborotida.

Kuni kecha Farg‘onada «Open budjet»uchun pul yiqqan maktab direktori ishdan olindi.

Ammo bu hujjatlar tor doirada ishlaydi. Yuqorida yozilganidek voyaga yetmaganlardan ovoz olish-chi? Umuman nima uchun mablag‘ sarflanib ovoz yig‘ilish kerak. Axir ovoz berayotganlarning o‘sha maktabga yoki ko‘chaga yoki kasalxonaga umuman aloqasi bo‘lmasa-chi? Qani bu yerda adolat?

Poytaxt ko‘chalarida kuzatishlarimizga qaraganda ovoz yig‘ib yurganlar asosan viloyatlaridan kelishgan. Ularning aytishicha, ovoz to‘plashga ketadigan mablag‘ni oddiy aholi, nafaqadagilar va hatto chet elda ishlayotgan muhojirlardan olayotgan emish. Endi savol tug‘iladi, aholidan ovoz olish uchun yig‘ilgan pullarga o‘sha muammolarni hal qilsa bo‘lmaydimi yoki «Open budjet» bahona buning ortida boshqa maqsadlar bormi? «XXI asr» gazetasidagi «Open budjet: halol va g‘irrom «o‘yinlar»mi?!»  maqolasida ham shu savollar o‘rtaga tashlangan:

«Aka, ishoning, necha yildan beri jonimizni jabborga berib ana shu «Open budjet» da qatnashamiz. Hatto Rossiyada mardikorlikda yurgan bechora hamqishloqlarimiz ham qancha million-million pul tashlashdi. Necha yuzlabdir, million so‘m pul yig‘ildi. Baribir yutolmadik. Yonimizdagi ...qishloq ikkinchimi, uchinchi martayam g‘olib chiqibdi. Yoqamizni ushladik, haloli bo‘lsin dedik. Lekin ular qanday yutayapti, hamma hayron. Oxiri o‘sha qishloqda yashayotgan yaqin bir tanishimdan so‘radim. «Open budjet»niyam chalg‘itayotgan ustamonlarning «maxinatsiyasi»ni eshitib, qotib qoldim. Ular, masalan, o‘tgan yilgi «Open budjet»da asfalt uchun ajratilgan mablag‘ning ma’lum bir qismini tenderda ana shu loyihani yutib olgan haligi «yo‘lsoz-tadbirkor» bilan o‘zaro kelishib qoldirisharkan va o‘sha pulni keyingi «ovoz berish»ga ishlatisharkan. Natija esa yana shu qishloq ahli g‘olib! Yaqinda yana shu qishloq ikkita mini-stadioncha uchun ovoz to‘playotgan ekan.

«Ming yugurganimiz bilan ular yana yutadi, bizlar kuyib qolaveramiz» dedi u g‘amgin ovozda... »

«Open budjet» mashmashasi bugungi yoki kechagi gap emas. Bu haqda taniqli blogerlardan biri Fotima Jo‘rayeva 2023 yil mart oyida to‘g‘ridan to‘g‘ri Prezidentimizga, Tanzilla Norboyevaga, Sardor Umrzaqovgacha murojaat bilan chiqdi: «Bozorga borib, har qadamda xalqimizning ovoz so‘rab yurganini ko‘rib, ko‘nglim nohush ahvolga tushdim, rosti....

Bu sizlarga ham g‘alati emasmi?!

Nahot, biror bir yo‘lni, maktabni, kasalxonani ta’miri uchun aholi ovoz tilanib yursalar?!

Yangiliklarda esa deyarli har kuni milliardlab davlat budjeti mablag‘larini talon-taroj qilinganligi haqida o‘qib qolyapmiz. Talon-taroj qilganlar javobgarlikka tortilishi haqida yozilyaptiyu, lekin talon-taroj qilingan pullarni qaytarilishi haqida hech gap yo‘q...

O‘sha talon-taroj qilganlardan pullarni undirtirib, mana bu yalinib yurgan xalqimiz orzulariga ya’ni ravon yo‘llar, go‘zal maktablar, kasalxonalarga yo‘naltirilsa, bo‘lmaydimi?!»

Umuman olganda ovoz yig‘ishchalik tanqid qilinmagan voqelik bo‘lmasa kerak. Shoirdan tortib qo‘shiqchigacha, askiyachidan tortib karrikatura rassomigacha bu mavzu eng dolzarbga aylangan.

 

(Surat internet, ochiq manbalardan olindi)

Eldor Madatov ovoz yig‘uvchilarni shaytonga o‘xshatadi:

«Odamlar bor gunoh qilsa meni «shayton yo‘ldan urdi» deb, shaytonga ag‘daradi. «Qachon ichki yo‘llar asfalt qilinadi? Necha yillardan beri shu ahvolda yuribmiz» – deb amaldorlarga yuzlansangiz «open budjetga ovoz yig‘inglar» deb qutulishmoqda. Shu amaldorlarga bahona topib berganlar qaysi qishloqdan chiqqan ekan-a? Xalq so‘roviga «Open budjet» dan boshqa yo‘li yo‘q deb, o‘zidan yukni soqit qilib, oppoq bo‘lib yurganlar kechasi vijdoningiz qiynamayaptimi? Yaxshi uxlayapsizmi? Bir donishmand aytgan ekan, to‘ng‘izning terisini vijdonni o‘ldiradi deb. Omadingizni bersin… shaytonlar».

Odil Og‘a esa «Open budjet»chilarni to‘rtlik yozib uyaltirmoqchi:

O‘ylardim: hayqirsam yetadi oyga,

Bo‘yin egmas edim mansabdor, boyga.

G‘urur – ovozimni narxlashdi bugun –

Ovozimni sotdim bir kilo moyga!

(Surat internet, ochiq manbalardan olindi)

Muallifi noma’lum ushbu she’r esa necha martalab ulashildi ekan:

«Open budjet» degan so‘z,

Tilimizga yod bo‘ldi.

Kimga quvonch, shodligu,

Kimgadir faryod bo‘ldi.

Ming ovoz evaziga,

Mashinasin qo‘ygan kim!?

Ko‘cham asfalt bo‘lsin deb,

Qo‘chqorini so‘ygan kim!?

Omon bo‘lsin mayliga,

Bir yo‘lini topganlar.

Bir baklashka yog‘ uchun,

Ovozini sotganlar.

Kimning ko‘ngli tor kelib,

Kimning fe’li keng bo‘lar.

Bir ovozning bahosi,

Tillolarga teng bo‘lar.

Shoshiling, choping do‘stlar,

Kunduzidir yo tundir.

Ulgurib qolmoq kerak,

Ovoz yig‘ish o‘n kundir!

Ovozim qimmat, deya,

Narxin oshirib, nozlar.

Keyin bir pulga qimmat,

Berilmagan ovozlar.

Ovoz izlab har yoqdan,

Qadamlar ham tashlandi.

Va nihoyat, do‘stlarim,

«Open budjet»  boshlandi!

Shu ovoz yig‘ishni deb odamlar nimalarni o‘ylab topishmoqda, bunaqasi hech qayerda bo‘lmasa kerak. «Xalqlar do‘stligi» metro bekatida bir ovoz narxi 50 mingga chiqibdi. Bundan tashqari har ovoz berganga jonli ijroda «Jononim» qo‘shig‘ini aytib berishyapti. Xalq buyuk ijodkor», degan post esa juda achinarli holatdan darak.

(Surat internet, ochiq manbalardan olindi)

«Open budjet»  avjiga chiqmoqda.
Avg‘onbog‘ avtostansiyasida bitta ovozga uch litr yog‘ beriladigan bo‘libdi».

Ushbu postga yozilgan izohlarni ayting-ayting xorijliklar o‘qib ustimizdan kulmasin...

Bahrom Ahmedov: Qo‘zi bo‘lsa bitta ovoz bor.

Shukurjon Isroilov: Navro‘zgacha besh litrga ko‘tarilib qolar.

Zokir Shokirov: Har bahor yog‘ zavodida bayram!!!

Qahhorjon Umarov: Yangi bozorda 2 litrga chiqqaniga ancha bo‘ldiku...

Ovoz berish mashmashasi haqidagi ijod namunalaridan eng kreativi u haqdagi maqollar bo‘ldi:

Onangni otangga ovoz bermasa, ko‘rsatma!

Boshingga qilich kelsa ham, «open budjet»ga ovoz ber.

Ovoz berganning betiga qarama.

Kelinni kelganda ko‘r, ovozni berganda ko‘r!

Do‘st«Open budjet»ga ovoz so‘raganingda bilinadi!

«Open budjet» bilan obod ko‘chang, gar bo‘lsa u vayrona ham.

Gar sms bo‘lmasa, vayronadir koshona ham.

Ovoz bergan kishini tillodan qil tishini.

Ovozing halol bo‘lsa, ko‘chada ber!

Yigit kishiga 40 ovoz ham kam.

Oltin olma, ovoz ol, ovoz oltin emasmi?

Og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham, «Open budjet»ga ovoz bergan gapirsin.

Open budjetdan arazlasang, ko‘changga zarar.

Ovoz yig‘olmagan qiz erga yolchimas.

Ovoz bergan senga gapiraman, ovoz bermagan, sen eshit!

Va nihoyat Sirojiddin Rauf aytganidek, apandi, apandi, sakrab eshakka mindi, degan qo‘shiqqa o‘xshaydi shu ovoz yig‘ish. Endi bu «innavatsiya»dan qaytish qiyinmi?...

                                                                              Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring