Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Oq» qilingan ayol, qiynoqlar ichidagi bola: «Shofirkon voqeasi» tafsilotlari

«Oq» qilingan ayol, qiynoqlar ichidagi bola: «Shofirkon voqeasi» tafsilotlari

Foto: «Xabar.uz»

Beshikdagi bolasini muttasil qiynoqqa solib kelgan N.S. asli G‘ijduvon tumanidagi Zahkash qishlog‘ida tug‘ilgan. Mahalla raisining «Xabar.uz»ga bildirishicha, N.S. 15 yillar ilgari axloqqa zid yurish-turishi tufayli otasi A.S. tomonidan «oq» qilingan va qiz xonadondan chiqib ketgan. Shu bilan qaytmagan.

Bu holat har qanday insonni ham junbushga solishi, tabiiy. Keyingi paytlarda onalarning farzandlarini urib, kaltaklab, muttasil qiynoqlarga solib kelayotgani haqidagi turli xabarlar, videotasvirlar xuddi «urf»ga aylanib qolayotgandek.

Ayni holat to‘g‘risida taraflar bilan muloqatga kirishar ekanmiz, hech bir sabab bolaning bu qadar kaltaklanishiga turtki bo‘la olmasligini kuzatish mumkin. Og‘riqlisi ham shu!

Nega ona o‘zining qora qismati, o‘z yurish-turishidagi tarbiyasizlik uchun norasidani ayblashi va taqdir zarbalarining alamu o‘chini undan olishi kerak?!

Holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib borish jarayonida farzandini muttasil qiynoqqa solib kelgan ayol asli G‘ijduvon tumanidagi «Zahkash» qishlog‘i fuqarosi ekani aniqlandi. 1988 yilda tug‘ilgan va oilada 5 farzandning biri N.S. yoshligidan yengil-yelpi turmush tarziga berilgan bo‘lgan.

«N.S. ham onasi L.K.ning «izi»dan ketdi. L.K. ham 5 nafar bolani turmush o‘rtog‘i A.S.ga tashlab, ortga qaytmagan. To‘g‘ri, men ularning uzoqroq qarindoshiman. Ammo, qizniyam, onasiniyam oqlamayman»,-deydi o‘zini tanishtirishni istamagan zahkashliklardan biri.

Zahkash mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Amin Hamroyevning bildirishicha, N.S. 15 yillar ilgari axloqqa zid yurish-turishi, yengil-yelpi turmush tarzi etagidan tutgani tufayli otasi A.S. tomonidan «oq» qilingan.  Shu bilan qiz xonadondan chiqib ketgan va qaytmagan. Onasi L.K. tomonidan tashlab ketilgan kolgan to‘rt esa farzand ota qaramog‘ida ulg‘aygan.

Ma’lum bo‘lishicha, N.S. ota uyidan haydalgach, bir necha yil Rossiyada ishlab yurgan. Oradan vaqt o‘tib, o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan va unga otalikni o‘z nomidan belgilagan. Chaqaloqni S.F.N.o‘g‘li, deya nomlagan. Va Shofirkon tumanida o‘ziga avvaldan notanish bo‘lgan xonadonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib kelib, farzandi bilan shu yerda bir muddat yashashga ruxsat berishini so‘ragan.

«Ha, olti yil ilgari o‘zimga avvaldan mutlaqo notanish bo‘lgan ayol darvozamdan  qo‘lida chaqaloq bilan kirib keldi. Ota-onasi avtohalokat tufayli vafot etib ketgani, hech qanday qarindosh-urug‘i, yaqinlari yo‘qligini aytib, yig‘ladi. Turmush o‘rtog‘ining oilasi tomonidan uni tilla o‘g‘irlaganlikda tuhmat bilan ayblab, haydab yuborishganini bildirdi. Rahmim keldi. Buni aytish og‘ir, ammo, oilamda taqdir taqozosi bilan uch nafar qizimning turmushi buzilib qaytgani uchunmi yoki o‘g‘il farzandim yo‘qligi uchunmi, savob yo‘lida ona-bolani uyga kiritdim. Unga bolasi bilan o‘ziga alohida xona ajratdim, bola parvarishi uchun nimaiki qilish kerak bo‘lsa, qo‘limdan kelgancha, sharoitini yaratib berdim. Qizlarim, nevaralarim  qatori bir dasturxon atrofida birlashtirdim, kam-ko‘stini oshirdim»,-deydi «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda N.S.ni 6 yildan buyon o‘z xonadonida saqlab kelgan Z.L.

Suhbatdoshning aytishicha, N.S.ning turmush tarzi uning xonadoniga kelguniga qadar, ichkilikka mukka ketib, begona erkaklar bilan aysh-ishratda o‘tgan. N.S. o‘zining bu qiliqlarini xonadonga kelganining ilk haftalarida ko‘rsata boshlagan. Buni anglab qolgan Z.L. asrandi qiziga qattiq tanbeh bergan va ogohlantirgan. Bunday hatti-harakatda davom etsa, xonadonidan quvib solishini bildirgan. Uy-ro‘zg‘or ishlariga, mehnatga o‘rgatgan.

«Odamlar orasida tarqalgan mish-mishlarga ko‘ra, go‘yoki men asrandi qizimni kun-uzun bosim bilan  jismoniy mehnatga jalb etib, yer maydonlarida itday ishlatarkan ekanman. Endi qishloqchilik bo‘lsa. Hammamiz ham yerda ishlaymiz, chopiq qilamiz, hosil olamiz, ter to‘kamiz. Mol-hol, qo‘y-qo‘zi, degandek. Uch nafar qizimga davlat tomonidan har biriga 10 sotixdan yer ajratilgan. Qizlarim qatori mehnat qilgani, birga-birga yerga ishlashganlarimiz rost. Ammo, uni hech qachon qora mehnatga majburlamaganman. Axir, asrandi bo‘lsayam, qizlarim qatori yedirib-yechdirib, kiyintirib kelgan bo‘lsam. Na pishir-tushirni, na supir-siyirni bilardi. Epli qildim. Aroq ichishdan, sayoq yurishlardan oyoqlarini tiydim. Bemazarliklarini kechirib keldim. O‘zimning o‘g‘il farzandim yo‘qligi uchun ertangi kunimga shu yaraydi, qariganimda qaraydi, deb sunnat to‘ylarigacha o‘tkazdim. O‘g‘li F.ni oyog‘ini tuzatish uchun salomatligidan xavotirga tushib, do‘xtirma-do‘xtir olib yurdim. Bu betayin qiz esa uyimda o‘g‘riliklar sodir qildi. Quvib solsam, mehr qo‘yganim farzandi taqdirini o‘ylab, o‘rtada qoldim»,- deydi Z.L.

Shofirkon tumanidagi Qo‘rg‘on-Vardonze mahallasi raisi Ahror Soliyev ham buni tasdiqladi.

«Haqiqatan ham Z.L.ning har bir qiz farzandi uchun 10 sotixdan yer maydoni ajratib berilgan. Hosil olishadi, turmush sharoitlarini qilishadi. Yerda ishlashadi. 5-6 yildan buyon g‘ijduvonlik N.S. fuqaro Z.L.ning uyida bir nafar farzandi bilan yashab keladi. To‘g‘risi, mahalla raisi bo‘lsam ham ularning darvozasidan ichkari kirmaganman. Chunki o‘zbekchilik , degandek uch nafar qizi, nevaralari va asrandi qizi bilan yashab kelayotgan  xonadonda erkak kishi yo‘qligi bois, bu xonadonga kirmaganman. Ammo, xotin-qizlar bilan ishlab kelayotgan xodim orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatib kelamiz. To‘g‘ri, har bir xonadonda bo‘lgani kabi Z.L.ning xonadonida ham o‘zaro oilaviy tortishuvlar bo‘lib turganda, xabar olib, murosaga keltirib qaytamiz. Lekin Z.L.ning asrandi qizi o‘z bolasini muttasil kaltaklab kelayotganini eshitmaganmiz»,-deydi Ahror Soliyev.

Z.L.ning aytishicha, asrandi qizi N.S. salomatligida nuqsoni bor voyaga yetmagan farzandi  F.ni ogohlantirishiga qaramay, doimiy siltab, urushib, so‘kib, kaltaklab kelgan.

«Oxiri, uning qiliqlariga chidolmay, uydan haydab yuborishimni aytdim. U esa: «Menga ikki dunyo bir. Meni uydan haydasangiz, o‘g‘lim o‘lgunicha, boshini zahkashni suviga bo‘ktirib qo‘yaman» deya qo‘rqitardi. U bolasini shu yoshida mumkin bo‘lmasa ham beshikka belar, yechar, siltar, qo‘liga xivichmi, tayoqmi, plastmass o‘yinchoqlarmi tushsa, urardi. Chidolmaganimdan keyin uni videoga oldim. Hatti-harakatidan ehtiyot bo‘lmasa, ichki ishlarga bildirishim mumkinligini bildirdim. Axir begona bo‘lsa ham ko‘z oldimda, bir bolaning qiynoqlarga solinayotganiga chiday olmadim. Vaholanki, 6 yildan buyon bolachaga bog‘lanib qolgandim. Ammo, men ijtimoiy tarmoqlarga tarqatmaganman»,-deydi Z.L.

Shofirkon tumani hokimligi ham holat yuzasidan o‘rganish ishlarini olib borgan. Holat yuzasidan tuman ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilgunga qadar pedagog-psixolog N.S. bilan suhbatda bo‘lgan. Psixologning so‘ziga ko‘ra, N.S. ning salomatligida hech qanday ruhiy nuqson bo‘lmagan. Unda o‘z hatti-harakatidan pushaymonlik ham kuzatilmagan.

«Tushkun kayfiyat yoki ruhiy zo‘riqish tufayli farzandi, onasi yoki otasiga kuch ishlatib, qilmishidan pushaymon bo‘lganlar bilan suhbatda bo‘lganman. Ammo, qilgan hatti-harakatidan zig‘ircha ham afsus chekmagan bunday shaxsni (uzr, ona deb atagim kelmadi) ko‘rmaganman»,-deydi pedagog-psixolog.

Jurnalistik surishtiruv davomida mahalla fuqarolar yig‘ini mas’uliga «6 yildan buyon o‘z hududingizdagi xonadonga boshqa bir tumandan begona bir ayol bolasi bilan kelib yashaydi, mish-mishlarga ko‘ra, bu ayol xonadon egasi tomonidan mehnatga majburlab kelinayotgani xususida gap-so‘z tarqaladi, undan tashqari, N.S. o‘z farzandini shu qadar kaltaklashlargacha boradi-yu, siz bexabarsiz?»-deya bergan savollarimiz «Bilmayman!» degan javob bilan qoldi.

Hudud uchastka nozirlarining ham shuncha yillardan buyon Z.L.ga hech qanaqa hujjatlarsiz asrandi qiz bo‘lib olgan N.S.ning shu xonadonga yashab kelayotganidan xabardor bo‘lishgani bor gap.  Xonadon egasi o‘ziga ayon maqsadlar bilan yetti yot begona ayolni asrandi qilib olganda, bu mahalla fuqarolar yig‘ini vakillarining ham qiziqishiga yoxud borib o‘rganishiga nega sabab bo‘lmagani tushunarsiz...

Bolalar ombudsmani kotibiyatiga farzandini kaltaklab, qiynab kelayotgani to‘g‘risida murojaat va video tasvir kelib tushgach, Shofirkon tumani ichki ishlar organlari tomonidan tezkor harakatlar olib borilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, jinoyat ishida gumonlanuvchi N.S.ga nisbatan ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi o‘rganilmoqda.

«Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari davomida xonadon egasi Z.L. ham fuqaro N.S.ning farzandini kaltaklayotganlarini videotasvirga olib kelgan. Biroq, bu haqda o‘z vaqtida ichki ishlar organlariga xabar bermagan»,-deydi ichki ishlar organi xodimi.

Ayni paytda 5 yoshli F.S. esa Buxoro viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati  huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasiga qarashli voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida saqlanmoqda. Bola salomatligi nazoratda. Shofirkon tuman «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazi bolalarni himoya qilish sho‘’basi mudiri Afzal Hakimovning aytishicha, bolada tug‘ma son-chanog‘i sinishi tashxisi qo‘yilgan va o‘z vaqtida jiddiy davolanmay kelingani bois, yurish harakatida nuqson qolgan.  N.S. esa bolasining son-chanoq suyagi singani, zo‘riqib yurishga harakat qilishi ortidan yana sinish qaytalanmasligi uchun beshikka bog‘lab kelishganini bildirgan.

Laylo Hayitova 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring