O‘rmon xo‘jaliklari faoliyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazilmoqda

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan 24-25 yanvar kunlari «2025 yil – Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili» munosabati bilan o‘rmon xo‘jaliklarini rivojlantirish, amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilayotgan seminarda Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhitdinov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan 79 ta hududiy o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari, shuningdek, Jahon banki, BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), KOICA va Suppro Ltd. kompaniyasi vakillari, mutaxassis olimlar hamda OAV vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir doirasida shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi agentligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkorligida «Atrof-muhit va xavfsizlik yo‘lidagi hamkorlik» mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhitdinov, Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari, Shtab boshlig‘i polkovnik Sanjar Zufarov hamda mutasaddilar ishtirok etdi.
Seminar davomida o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va butun dunyoda sodir bo‘layotgan yong‘inlar misolida favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va favqulodda vaziyatlarda o‘rmon xo‘jaliklari bilan bog‘liq xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
«O‘rmonlar nafaqat ekologiya, balki iqtisodiyot va xavfsizlik uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bizning asosiy vazifamiz – tabiatni muhofaza qilish, resurslardan oqilona foydalanish va kelgusi avlodlar uchun sof muhit yaratishdir», – dedi Erkin Muhitdinov.
Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sanjar Zufarov esa o‘rmon yong‘inlari nafaqat tabiatga, balki insonlarga ham jiddiy tahdid solishini ta’kidladi.
«Biz bu xavflarni bartaraf etish uchun zamonaviy texnika va metodlarni joriy etishimiz shart. Bugungi seminar soha mutaxassislari uchun tajriba almashish va xavflarni kamaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi», – dedi u.
Tadbir davomida FVV mutaxassislari tomonidan maxsus texnika va uskunalardan foydalanish bo‘yicha amaliy va ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mutaxassislar o‘rmon xo‘jaliklarida yong‘in sodir bo‘lganda uni bartaraf etish, shuningdek, tog‘li hududlarda suv yetkazib berish uchun mo‘ljallangan zamonaviy uskunalar namoyish etildi.
Seminar yakunida sohada amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusida qilinishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter