Orol dengizi va Yangi O‘zbekiston tajribasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan dolzarb ekologik masalalarni hal qilishda jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Xususan, global muammoga aylanib ulgurgan Orol muammosini hal qilishda bevosita Yangi O‘zbekiston tajribasi qo‘llanilmoqda.
Orolga xalqaro e’tibor
Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72 va 75-sessiyalarida Orol dengizi inqirozi global ekologik muammolardan biri ekanligini ta’kidladi. Ana shunday taklif va tashabbuslar natijasi o‘laroq, 2018 yilning 27 noyabr kuni Nyu-York shahridagi BMT qarorgohida BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondi tashkil etildi.
Mazkur fondning asosiy maqsadi Orolbo‘yidagi aholi turmush faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiy, iqtisodiy rivojlanish, ekologik, ijtimoiy himoya va boshqa muammolarni hal qilishda muvofiqlashtirilgan yondashuvni ta’minlash, O‘zbekiston hukumati, BMT agentliklari, donorlik tashkilotlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish va mintaqa rivoji uchun texnik hamda moliyaviy resurslarni safarbar etish va Orolbo‘yi mintaqasi uchun o‘ziga xos ekologik innovatsion texnologiyalar va yondashuvlarni jalb qilishdan iboratdir.
Orolbo‘yi mintaqasi — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi
Davlatimiz rahbari Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining Turkmanistonda 2019 yilda bo‘lib o‘tgan sammitida Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi, deb e’lon qilish taklifini ilgari surdi. 2021 yil 18 may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyusiya bir ovozdan qabul qilindi.
Bu tashabbus ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun sharoit yaratish, «yashil» iqtisodiyot, ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalar tamoyillarini kompleks tatbiq etish, cho‘llanish va ekologik migratsiyaning davom etishiga barham berish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini berdi.
Ushbu maxsus rezolyusiyada belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlash, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik va gumanitar inqiroz yuz berayotgan hududdan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2021 yil 29 iyulda «Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyusiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Orolbo‘yi mintaqasiga iqtisodiyot tarmoqlarida resurstejovchi va yuqori samaraga ega zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga bog‘liq 2021 — 2024 yillarda amalga oshirilishi belgilangan 7 ta yo‘nalishdagi 71 ta tadbirdan iborat «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.
Cho‘lga chidamli o‘simliklar ekilmoqda
Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Orol dengizining suvi qurigan maydonlarida «yashil qoplamalar» – himoya o‘rmonzorlarini barpo etish maqsadida bir qator topshiriqlar belgilab berildi. 2018 yilning dekabr oyidan esa Orol dengizining suvi qurigan tubida saksovul ekish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, 2018-2023 yil qish-bahor mavsumlarida jami 1,7 mln. gektardan ortiq maydonlarda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan yangi o‘rmonzorlar barpo etildi hamda ushbu ishlarni amalga oshirish uchun jami 7 ming tonnaga yaqin cho‘l o‘simliklari urug‘lari sarflandi.
Bundan tashqari, Orol dengizi tubida 2022-2026 yillarda 500 ming gektar, shundan joriy yilda 100 ming gektar maydonda «yashil qoplamalar» – himoya o‘rmonzorlari barpo etilishi belgilangan. Bu ishlarni davom ettirish maqsadida joriy yilda 112,5 ming gektar maydonga saksovul, qandim kabi suvga chidamli o‘simliklar ekildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 5 ming gektar maydonda 5 mln dona ko‘chatdan «yashil qoplamalar» barpo etildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida Orol dengizi tubini ko‘kalamlashtirish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, ushbu loyiha mintaqa bo‘ylab chang va tuz tarqalishining oldini olishga yordam bermoqda. Va bu amaliy harakatlar davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter