OTB bilan iqlim texnologiyalari va ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
COP29 doirasida Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi O‘zbekiston Milliy pavilonida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vitse-prezidenti Yingming Yang o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda vazir vitse-prezidentga joriy yilning aprel oyida Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga (Green University) tashrifi, shuningdek, OTB tomonidan O‘zbekistonga iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish sohasida ko‘rsatilayotgan doimiy ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv davomida yurtimizda hukumati tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim Kengashining tashkil etilishi, Milliy iqlim siyosati va Milliy iqlim strategiyasini ishlab chiqish haqida so‘z yuritdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar bir qator ustuvor masalalar, jumladan, yer degradatsiyasi va cho‘llanish, qishloq xo‘jaligiga eng yangi iqlim texnologiyalarini joriy etish, Orolbo‘yi ekotizimini tiklash, aholi turmush darajasini oshirish, ish o‘rinlarini yaratish va Aral Climate Expo Hub tashkil etishga e’tibor qaratishdi. Shuningdek, OTB vitse-prezidenti bilan “Yashil shahar” loyihasi ham muhokama qilindi, uning doirasida har bir hudud va uning ma’muriy markazi uchun atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha bosh reja ishlab chiqiladi.
“Bu yil biz O‘zbekiston bilan yakuniy hamkorlik strategiyamizni tasdiqladik. Uchta asosiy masaladan biri yashil transformatsiyani rag‘batlantirish bo‘lib, Ekologiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vazirligi boshchiligida Markaziy Osiyoda iqlimga yo‘naltirilgan davlat siyosatiga asoslangan birinchi kreditni muvaffaqiyatli taqdim etdik”, — dedi OTB vitse-prezidenti.
Uchrashuvda OTBning “Green University”ga bo‘lgan katta e’tiborini inobatga olib, xorij tomoni universitetda OTB shafeligida maxsus o‘quv dasturi va malaka oshirish kursini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, uning negizida o‘zining iqlim laboratoriyasini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter