Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elektr tanqisligi sabablaridan biri ma’lum qilindi

Elektr tanqisligi sabablaridan biri ma’lum qilindi

To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan issiqlik elektr stansiyasi favqulodda o‘chishi natijasida O‘zbekiston Respublikasi energotizimida 750 mVt quvvat yo‘qotildi.

Buning natijasida Namangan viloyatining ko‘plab hududlarida elektr energiyasida uzilish sodir bo‘lgan.

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, yo‘qotishlar 600 MVtni tashkil qiladi. 

Buning oqibatida vodiy viloyatlari, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida avtomatik ravishda cheklovlar kiritildi.

Operativ tarzda o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, avariyaviy to‘xtash 2-energoblokining yuqori bosimli barabanidagi o‘lchov datchiklarining impuls liniyasi muzlab qolishi va buning oqibatida suv sathining ko‘tarilishi natijasida ro‘y bergan. 1-energoblok esa chastotaning pasayishi natijasida to‘xtagan.

Ushbu quvvat yetishmovchiligini qoplash uchun Taxiatosh IESda quvvati 280 MVt bo‘lgan 1-energoblok ishga tushirildi. Hozirda 30 MVt quvvatda ishlamoqda. 

Hozirda To‘raqo‘rg‘on IESda muzlagan himoya datchiklarini sozlash ishlari bajarilib, 2-energoblok soat 17-50 da tizimga ulandi. Ayni paytda 150 MVt quvvat bermoqda. Bugun soat 19-00 ga qadar quvvati 250 MVtga chiqariladi. 1-energoblok bugun soat 19-30 gacha ishga tushirilib, tizimga 200 MVt quvvat beradi. Natijada bugun soat 21-00 ga qadar ushbu energobloklarda 700 MVt quvvatga yetadi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab havoning keskin sovushi fonida elektr tanqisligi kuzatilmoqda. Bu masala Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida ham ko‘rib chiqildi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva vaziyat bo‘yicha prezidentga axborot berilishini ma’lum qilgan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring