O‘zbekiston Respublikasi Suv kodeksi tasdiqlandi

Qonun (O‘RQ–1076-son, 30.07.2025 y.) bilan O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi tasdiqlandi.
Kodeks suv, suv ob’yektlari, suv xo‘jaligi ob’yektlari va suv fondi yerlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Kodeksga ko‘ra, suv umummilliy boylikdir, undan oqilona foydalanish lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Suvdan foydalanish umumiy va maxsus foydalanishga bo‘linadi.
Suv ob’yektlarining toifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
- O‘zbekistonning yer usti va yer osti suv ob’yektlari;
- O‘zbekistonda joylashgan va uning hududini kesib o‘tadigan transchegaraviy yer usti va yer osti suv ob’yektlari.
Suv ob’yektlari tanho yoki birgalikda foydalanishda bo‘lishi mumkin.
Suv resurslarini boshqarishda qarorlar qabul qilish maqsadida respublika va havzalar, zarur hollarda hududlar darajasida kollegial-maslahat organi shaklida suv kengashlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika suv kengashi tashkil etiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Kodeksga ko‘ra, suv ob’yektlari doimiy yoki vaqtincha foydalanishga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarga asosan foydalanishga beriladi.
Suv ob’yektidan vaqtincha foydalanish muddati 3 yildan kam bo‘lmasligi va 49 yildan oshmasligi kerak.
Suvdan umumiy foydalanish jumlasiga quyidagilar kiradi, jumladan:
- o‘zining ichimlik va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlari uchun suv olish;
- cho‘milish;
- chorva mollarini sug‘orish;
- sport va havaskorlik yo‘li bilan baliq ovlash.
Suvdan umumiy foydalanish ruxsatsiz va cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Suvdan maxsus foydalanish Kodekda belgilangan hollarda ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, suv servituti quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin, jumladan:
- suvdan umumiy foydalanish;
-fuqarolar va transport vositalarining o‘tishi;
- hayvonlarni sug‘orish va chorva mollarini haydab o‘tish;
- sohil bo‘yi zonalaridan erkin foydalanishni va undan o‘tishni ta’minlash.
Suv servituti ommaviy va xususiy suv servituti shaklida bo‘lishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter