O‘zbekistonda besh mingdan oshiq mahallada jinoyat sodir bo‘lmadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kuni mahallada jinoyatchilikni jilovlash va qonun ustuvorligini ta’minlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining yil boshidagi birinchi qarori shu masalaga qaratilgan edi. 3-yanvarda imzolangan mazkur qarorda soha idoralari uchun 2025-yilda har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa etib belgilangandi hamda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarga mas’ul rahbarlar nomma-nom biriktirildi.
O‘tgan olti oyda har bir viloyat, tuman va mahalla bo‘yicha manzilli “yo‘l xaritalari” asosida ijtimoiy profilaktikaning samarali tizimi yo‘lga qo‘yildi, jamoat joylarini raqamlashtirish qamrovi oshirildi, huquq-tartibot oliygohlari tomonidan ilmiy-amaliy o‘rganishlar o‘tkazildi. Alohida e’tibor voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar va oila-turmush munosabatlari doirasidagi jinoyatchilikni jilovlashga qaratildi. Buning natijasida 5 ming 200 ta mahallada birorta ham jinoyat bo‘lmadi.
Lekin bu borada kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar hali ham bor. Profilaktika inspektorlari, tezkor-qidiruv, patrul-post va qo‘riqlash xizmati faoliyatini kuchaytirib, aholi xavfsizligini joylarda ta’minlash shartligi qayd etildi. Butun tizimni pastga tushirib, har bir mahallani “jinoyatchilikdan xoli hudud”ga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.
Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik holatlari ko‘p uchrab turibdi. Bunga qarshi kurashilayotgan, zararli vositalar va laboratoriyalar yo‘q qilinayotgan bo‘lsa-da, muammo to‘la bartaraf bo‘lmagan. Shu bois videokuzatuv kameralari va sun’iy intellektni qo‘llab, giyohvandlik moddalari tarqalishini aniqlash, manbasini tag-tomiri bilan yo‘q qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bugungi kundagi yana bir dolzarb muammo – kiberjinoyatchilik. Yurtimizda yil boshidan buyon sodir etilgan jinoyatlarning 42 foizini shu “illat” tashkil qilgan.
Shu jihatdan, O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 30 aprelda imzolangan “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dolzarb ahamiyatga ega bo‘ldi. Undagi vazifalarni to‘la amalga oshirib, kiberjinoyatlarning oldini olish, aholining bu boradagi bilimi va ogohligini kuchaytirish, to‘lov tizimlarida mijozlarining manfaati va moliyaviy xavfsizligini ta’minlash zarurligi aytildi.
Soha xodimlarining bilim va malakasini oshirish – zamon talabi. Shu bois Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi faoliyatini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, unga qabul kvotasini bosqichma-bosqich oshirish, yangi yo‘nalishlar ochish va dual ta’limni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’lim va malaka dasturlarini zamonaviy xavf-xatarlarga moslashtirish, xodimlarning jangovar va ruhiy shayligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Ichki ishlar tizimi prokuratura va boshqa huquq-tartibot idoralari bilan uzviy ish olib bormoqda. Xususan, respublikadagi kriminogen vaziyat kundalik tahlil qilinib, manzilli nazorat tadbirlari o‘tkazilyapti. Har bir jinoyatning sabablari o‘rganilib, qayta takrorlanmasligi choralari ko‘rilmoqda. Muqaddam sudlangan yoki ma’muriy nazoratdagi insonlarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashilmoqda.
Huquq-tartibot idoralari ishining o‘zaro muvofiqligi va tezkorligini kuchaytirib, qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash, jinoyatchilikni keskin kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi. Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik va qonun ustuvorligi iqtisodiyot rivoji, aholi farovonligining muhim sharti ekani ta’kidlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter