Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yangi kredit olishga kimlarning ehtiyoji yuqoriligi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda yangi kredit olishga kimlarning ehtiyoji yuqoriligi ma’lum qilindi

 

Markaziy bank 3 mingdan ko‘proq respondentlari o‘rtasida o‘tkazgan «Iste’mol kayfiyati sharhi» bo‘yicha ma’lumotlarini e’lon qildi.

Mazkur so‘rovnoma joriy yil iyul oyida turli soha vakillarining 2022-yilning II choragi yakunlari bo‘yicha iste’mol kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan va bunda so‘rovda ishtirok etgan respondentlarning daromadlari va iste’mol xarajatlari tarkibi, pul-mablag‘larini jamg‘arishga bo‘lgan moyilligi hamda kelgusidagi sarf-xarajatlari o‘rganilgan.

Markaziy bank, jumladan, respondentlari orasida kreditga bo‘lgan ehtiyojlari xususida ham so‘rovnoma o‘tkazgan. Unga ko‘ra, respondentlarning yangi kreditga bo‘lgan talabi avvalgi ikki chorakka nisbatan joriy yilning ikkinchi choragida biroz o‘sish trendiga o‘tgan.

Qayd etilishicha, ushbu o‘sish I chorakda asosan kreditga talab iste’mol uchun yuzaga kelgan bo‘lsa, II chorakda yuqori daromadli qatlamning asosan tadbirkorlik uchun kreditga talabida namoyon bo‘ldi.

«Kredit subindeksi 2022-yilning I choragiga nisbatan 0,1 bandga ko‘payib, 8,7 tashkil etdi. Ushbu jarayon ko‘proq mavsumga xos bo‘lgan iqtisodiy faollik, shuningdek, to‘y va marosimlar hamda sayohatga boruvchilar sonining ortishi bilan izohlanishi mumkin», – deyiladi MB sharhida.

Shuningdek, so‘rovda qatnashgan jami respondentlarning 66 foizi kelgusi oylarda yangi kredit olishga ehtiyojlari mavjudligini bildirishgan (I chorakda 65 foizga teng).

2022-yilning I choragi natijalariga ko‘ra, kelgusida kredit olishni rejalashtirganlar asosan, 2-3 mln.so‘m va 3-5 mln.so‘m atrofida daromad oluvchilar orasida kuzatilgan bo‘lsa, II chorakda kredit olishga bo‘lgan ishtiyoqning ortishi ko‘proq yuqori daromad (5 mln. so‘mdan 10 mln. so‘mgacha) vakillari sinfida kuzatilgan.

2022-yilning II choragida jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 42 foizga (ipoteka 85 foizga, avtokredit 10 foizga va mikroqarzlar 44 foizga o‘sgan) oshgan.

Ishtirokchilarning 40 foizga yaqini esa kelgusida kredit olishga talabning ortishini asosan, uy-joy, ta’lim, davolanish, avtomobil, to‘y marosimi hamda mebel va maishiy texnika xaridlari bilan bog‘lashgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring