Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Partiyalar asosiy ijtimoiy muammolarni qanday yechmoqchi? Mutaxassis tahlili

Partiyalar asosiy ijtimoiy muammolarni qanday yechmoqchi? Mutaxassis tahlili

Davlat rahbarining viloyatlarga tashrifi chog‘ida mahalliy rahbarlarning hali nazari tushmagan chekka qishloqlarga yetib borishi, xalq bilan ochiq muloqot qilishi, muammolarni joyida o‘rganishi va o‘sha joyning o‘zida hal etishi mamlakatni boshqarish borasida o‘ziga xos yangilik bo‘ldi.

Mamlakatimiz hududlarida aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, xususan, svet, gaz, suv, yo‘l, kanalizatsiya bilan bog‘liq, shuningdek, odamlarni uy-joy bilan ta’minlashdagi muammolar hamda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonalarining to‘la quvvat bilan ishlamayotgani partiyalarning saylovoldi dasturlarida turlicha talqin qilingan.

Jumladan, Ekologik partiya tomonidan hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun «Yashil iqtisodiyot» tamoyillarini joriy etish taklifi ilgari surilgan bo‘lsa, Xalq demokratik partiyasi tomonidan esa hududlarning barqaror rivojlanishi uchun davlat daromadlarini teng va adolatli taqsimlash, hududiy dasturlarni amalga oshirish uchun davlat budjeti, boshqa ichki va tashqi manbalardan qo‘shimcha moliyaviy resurslarni safarbar etish vazifalari bayon qilingan. Ammo bu vazifalarni hal etish uchun aniq hisob-kitoblar hamda qancha mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilmagan.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan yuqorida keltirilgan muammolarni hal etish uchun tuman va shaharlar kesimida 14 ta besh yillik hududiy dasturlarni amalga oshirish rejalashtirilgan, hududlarda aholining yashash sharoitini yaxshilash uchun urbanizatsiya siyosatini yanada takomillashtirish ko‘rsatib o‘tilgan. Buning uchun 18 ta katta, 22 ta o‘rta va 80 ta kichik shaharlar o‘rtasida transport-logistika tizimi va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari amalga oshirish belgilangan.

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida hududlarning «o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqib, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarini qurish rejalashtirilgan. Buning uchun 70 ming kilometr magistral va past kuchlanishli elektr tarmoqlari, 22 mingdan ortiq transformator hamda 100 dan ziyod podstansiya qurish va yangilash vazifalari belgilangan. Demak, partiya saylovoldi dasturida kelgusi besh yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar aniq va raqamlarda ko‘rsatib o‘tilgan.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasining saylovoldi dasturlarida hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish uchun kommunal xizmat ko‘rsatish sohasini xususiylashtirilashtirish orqali amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bundan ko‘rinadiki, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan o‘ng qanot yondashuvi, ya’ni davlat rolining zaiflashuvini amalga oshirish orqali bozor munosabatlarini rivojlantirish hamda iqtisodiyot erkinligiga majburiy o‘tish aniq kuzatiladi. Bu holat kommunal sohadagi xizmat ko‘rsatuvchilarning ta’riflarining o‘sib ketishiga olib keladi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi tomonidan mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda uy-joylarning narxini keskin kamaytirish, hammabop va hamyonbop uylar ijtimoiy himoyaning muhim sharti ekanini e’tiborga olib, partiya tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini munitsipal uylar bilan ta’minlash ilgari surilgan. Fikrimizcha, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi dasturlarining mazmuniga ko‘ra, chap va markaziy yondashuv elementlarini ko‘rish mumkin. Bundan ko‘rinadiki, partiya o‘z pozitsiyasiga ko‘ra, «ikki tomonlama» stulda o‘tirish holatlarini namoyon qilmoqda. Mazkur holat chap tomonidan ifodalangan populizm va markaziy yondashuvga ko‘ra iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha G‘arb qarashlarini ilgari surmoqda.

Umuman olganda, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining oldingi dasturlarida qabul qilingan vazifalarni bajarish evaziga mamlakat hududlaridagi aholining iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini joyida hal etish va bu borada quyi tizim samaradorligini oshirish yuzasidan 4-5 yilda amalga oshirilgan ishlar tahlilini ko‘rib chiqamiz. Jumladan, partiya dasturlarida belgilangan vazifalarni bajarish natijasida keyingi besh yil ichida xalq bilan doimiy yuzma-yuz muloqotni amalga oshirish tizimi yaratildi. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri virtual qabulxonasi, keyinroq Prezidentning hududlarda Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Natijada Prezident va boshqa rahbarlar hududlarda xalq bilan ochiq muloqotlar o‘tkaza boshladi. Bu jarayonlar xalqning ongi va ruhini keskin o‘zgartirdi. Chunki virtual va Xalq qabulxonalari aholi bilan jonli uchrashuvlar jamiyat hayotining barcha jabhasida haqiqiy ahvol qanday ekanini ravshan ko‘ra olish imkoniyatini yaratdi.

Virtual va Xalq qabulxonalari orqali hamda jonli uchrashuvlarda fuqarolar shu paytgacha hal bo‘lmayotgan muammolarini Prezidentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazadigan bo‘ldi va ular tezda hal etila boshlandi. Buning natijasida rahbarlarning xalq oldidagi mas’uliyati keskin oshdi. Bu tadbirlar yurtdoshlarimizning adolatga bo‘lgan ishonchini qayta tiklashi uchun muhim vosita bo‘ldi. Qabulxonalarga kelayotgan arizalar o‘z vaqtida mas’ullar yordamida hal etilib, rahbariyatning doimiy e’tiborida bo‘ldi.

Bu tizimning joriy etilishi natijasida barcha bo‘g‘inlardagi rahbarlarning faoliyati orqali mamlakat aholisining tashvishlarini qay darajada hal qilishiga bog‘liq bo‘lgan muhit yaratildi. Hamma idora va tashkilotlarda «Fuqarolar qabulxonalari» hamda «ishonch telefonlari» tashkil etildi, hokimlar va sektor rahbarlari har oyda o‘ziga biriktirilgan hududlarda sayyor qabul o‘tkaza boshlashdi. Shu bilan birga, Davlat xizmatlari agentligi tuzildi va bu yo‘l bilan bitta hujjat olish uchun aholining qator idoralarda sarson bo‘lib yurishi kabi bema’ni holatga barham berildi.

Partiya tomonidan amalga oshirilgan samarali ishlar natijasida davlatni boshqarish amaliyotiga yangi yo‘nalishlar joriy etildi. Natijada davlat rahbari tomonidan hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tashkil etish va boshqarish jarayonidagi yangi usul joriy etildi.

Bu usulning mohiyati shundaki, partiya tashabbusi bilan barcha hududlarda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni boshqarish bo‘yicha joylarda davlat rahbarining o‘zi mahalliy tashkilotlarning vakillari va tadbirkorlar bilan birgalikda hududdagi muammolarni o‘z vaqtida hal etish imkoniyatlari joriy etildi. Bunday boshqaruv tizimining joriy etilishi mamlakat miqyosida ijtimoiy muammolar va hududlardagi infratuzilma ob’yektlarining yaxshilanishiga sabab bo‘ldi.

Mazkur tashriflar natijasida hududlarni rivojlantirish, tumanlar va shaharlar salohiyatidan samarali foydalanish, ular qiyofasini yangilash, mahalliy budjetlarni mustahkamlash va hududlar iqtisodiyotida tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda katta ishlar amalga oshirildi. Yangi hududiy siyosatning bosh maqsadi Prezident tomonidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatni aholiga to‘liq yetkazish, hududlarni rivojlantirishda nafaqat viloyat darajasida, balki tuman, shahar va mahalla darajasiga tushib ishlash, mamlakatimizning chekka joylarida joylashgan aholi punktlari holatini yaxshilash, aholi va iqtisodiyotni ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlash, qoloq va ekologik jihatdan og‘ir hududlarni rivojlantirishga qaratildi.

Bu ishlar esa, avvalo, barqaror rivojlanishni ta’minlash, xalqni rozi qilish, aholi turmush darajasini yaxshilash va kambag‘allikni qisqartirishni nazarda tutgan holda amalga oshirildi.

Nodir Rasulov,
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy
tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring