Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident farg‘onalik ziyolilar bilan muloqot qildi

Prezident farg‘onalik ziyolilar bilan muloqot qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qo‘qon shahridagi Buyuk allomalar muzeyida O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyati faollari, nuroniylar, ziyolilar bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda madaniyat, ma’rifat sohalaridagi o‘zgarishlar, yoshlar ta’lim-tarbiyasi haqida so‘z bordi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mamlakatimizda milliy qadriyatlarni e’zozlash va targ‘ib etish, buyuk allomalar merosini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Baxshichilik va maqom san’ati bo‘yicha xalqaro festivallar o‘tkazilgani bu borada ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy markazlari, Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, adiblar nomlari bilan atalgan ijod maktablari tashkil etildi. Prezident maktablari, yangi oliy o‘quv yurtlari yosh avlod uchun yanada keng imkoniyatlar ochdi.

— Vaqt shiddat bilan o‘tyapti. Har bir soha bo‘yicha izlanishda, tinimsiz harakatdamiz. O‘zgarishlar bor, lekin hali bizni qanoatlantirmaydi, — dedi Prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Faollar butun Farg‘ona viloyatida bo‘lgani kabi Qo‘qon shahrida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani, Xalqaro hunarmandchilik festivali tufayli shahar yanada obod bo‘lib, bu yerga butun dunyodan mehmonlar kelganini mamnuniyat bilan qayd etishdi.

Buyuk allomalar muzeyi ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan. Bu yerga keluvchilar Qo‘qonda yashab, ijod qilgan adib va allomalar hayoti, asarlari haqida ma’lumot oladi. Buyumlar, turli idishlar esa o‘sha davr turmush tarzidan darak beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring