Prezident ipoteka bo‘yicha yangi farmonni imzoladi
Ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash yuzasidan yangi farmon qabul qilindi.
Bugun, 13 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmon imzolandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, jismoniy shaxslarga ipoteka krediti berishning zamonaviy va barqaror tizimini shakllantirish, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlash, mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni jalb qilish va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yo‘naltirish maqsadi nazarda tutilgan.
Ipoteka kreditlari va subsidiyalarni ajratish tartibiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi:
- banklarga ipoteka kreditlarini rasmiy daromadga ega bo‘lmagan jismoniy shaxslarga ham ajratishga ruxsat etildi. Bunda, ushbu fuqarolarning to‘lov qobiliyati ularning bank kartasidagi aylanmasi, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarini hisobga olish orqali aniqlanadi;
- banklarga dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, kreditlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi berildi. Bunda, dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqaro arzonroq kredit olish imkoniga ega;
- subsidiyaga ajratilgan mablag‘larni tezroq ishlatish uchun, subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushirildi. Bunda, fuqaro 4 oyda sertifikatdan foydalana olmasa, u subsidiyaga qayta ariza topshirishi mumkin;
- Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Xalqparvar komissiyalarining xulosasiga asosan xato ajratilgan subsidiya sertifikatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bekor qilish va to‘lovlarni to‘xtatish huquqi berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter