Prezident yoshlar bandligi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 fevral kuni yoshlar bandligini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlatimizning kuchli ijtimoiy siyosatida yoshlar eng ustuvor yo‘nalish. Ularga sifatli ta’lim va kasb berish, intilishlarini qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda. Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilmoqda, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Madaniyat karvoni” tadbirlari va turli festivallar o‘tkazilmoqda.
Shu yil 21 fevralda Prezident farmoni bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilindi. Dasturda yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab vazifalar belgilangan.
Bu yil “yoshlar balansi” bo‘yicha 925 ming yigit-qizning bandligini ta’minlash zarur. Shuningdek, kollej, texnikum va oliy o‘quv yurtlarini 300 ming yosh bitiradi.
Yig‘ilishda ularni ishga joylashtirish, zamonaviy kasb-hunarlar va tadbirkorlikka jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Avvalo, yoshlarning biznes bilan shug‘ullanishiga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi aytildi. Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi shunga yo‘naltiriladi. “Yosh tadbirkor” tanlovlari o‘tkazilib, g‘olib bo‘lgan biznes loyiha va g‘oyalar egalari xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.
Mutasaddilar yangi sanoat loyihalarida 100 ming, xizmatlar sohasida 150 ming, ish o‘rinlarini legallashitirish va o‘zini o‘zi band qilish orqali 200 ming nafar yigit-qiz bandligini ta’minlash to‘g‘risida axborot berdi.
Hozirgi kunda yoshlarbop istiqbolli soha bu raqamli texnologiyalar. Shu bois Davlat dasturida “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” loyihasi belgilangan. Shuningdek, bu yil axborot texnologiyalari sohasida 70 ming yoshni band qilish rejalashtirilgan.
Buning uchun qobiliyatli yigit-qizlarni aniqlab, IT-kasblar va xorijiy tillarni o‘rganishiga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlanib, hokimlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 1 million nafar o‘g‘il-qiz xorijiy tillarga bepul o‘qitiladi. Maktablardagi bo‘sh sinf xonalari chet tili repetitorlari va o‘quv markazlari uchun bepul ijaraga beriladi. Qishloq joylardagi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi yuqori bo‘lgan 100 ta xususiy o‘quv markazining ijara xarajatlari 6 oygacha kompensatsiya qilinadi.
Shuningdek, xususiy kurslarda o‘qib, “C-1” sertifikatini olgan yoshlarga o‘qish xarajatlari, nemis, fransuz, koreys, yapon va xitoy tillari bo‘yicha esa “B-2” darajasi sertifikatini olish xarajatlari qoplab beriladi. Yana bir yangilik – bu yil nafaqat sertifikat olishdagi imtihon xarajati, balki olti oylik o‘qish puli ham to‘lab beriladi.
“Ustoz” loyihasi doirasida 250 ming nafar yoshlar marketing, reklama, elektron savdo, IT-dizayner kabi 30 ta zamonaviy kasbga o‘rgatiladi.
Aholi bandligini ta’minlashda qishloq xo‘jaligida imkoniyatlar keng. Oldingi yillarda shu maqsadda 200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, dehqonchilik uchun odamlarga bo‘lib berilgan edi. Bu yil yana 60 ming 500 gektar yer yoshlarga ajratilishi belgilangan.
Bundan samarali foydalanish uchun yangi tartib o‘rnatilishi qayd etildi. Unga ko‘ra, tuman hokimlari yerni suv ta’minoti yaxshi joydan ajratishga mas’ul bo‘ladi. Har bir yoshga qancha maydon ajratish bo‘yicha “mahalla yettiligi” taklif beradi. Yer olgan yoshlar Agrobankning “Fermerlar maktabi”da hosildor eksportbop ekinlar yetishtirishga o‘qitiladi. Mini-texnika, urug‘ va ko‘chatlar sotib olishga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hamda Fermerlar jamg‘armasidan subsidiya ajratiladi. Dehqon yoshlarga eksportchi va qayta ishlovchi tadbirkorlar kooperatsiya asosida biriktiriladi. Bundan tashqari, meva-sabzavot kooperatsiyalariga banklar orqali 2 milliard so‘mgacha kredit ham beriladi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidentining shu yil 18 yanvardagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosiga ham to‘xtalib o‘tildi. Mazkur farmonda 156 ta tumanda 15 ming 626 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari onlayn auksion savdolariga chiqarilishi belgilangan.
Davlatimiz rahbari ushbu yerlarni aholiga yaqin, suvi va unumdorligi yaxshi joylardan ajratib, kooperatsiya asosida eksportbop ekinlar ekish muhimligini ta’kidladi. Hokimlarga qo‘shimcha yerlarni o‘zlashtirib, ish o‘rinlari uchun zaxira yaratib borish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter