Prezident yoshlarga murojaat qildi
Prezident davom etayotgan yig‘ilishda yurtdoshlarimizga, ayniqsa yoshlarga murojaat qildi.
«Men bugungi fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizga, avvalo, yoshlarimizga murojaat qilib, ularni turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqiraman.
Zo‘ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to‘qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga olib keladi.
Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin.
Aynan shuning uchun ham biz har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinchlik yo‘li bilan hal etishga chaqiramiz.
Ma’lumki, biz yashayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi turli millat va konfessiyalar vakillarining o‘zaro tinch-totuv hayot kechirishi bo‘yicha noyob tajribaga ega.
Bu zaminda asrlar davomida musulmon, xristian va yahudiylar do‘stlik va hamjihatlikda yonma-yon yashab kelyaptilar.
Bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinch va osoyishta hayotimizni, o‘zaro birlik va hamjihatligimizni barchamiz birgalikda asrashimiz zarur», — dedi davlatimiz rahbari va kun tartibidagi masalalar muhokamasiga o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter