Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentning yangi qarori e’lon qilindi

Prezidentning yangi qarori e’lon qilindi

«Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–122-son, 08.02.2022-y.) qabul qilindi.

Qaror bilan ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Qarorga ko‘ra:
• Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi tuzilmasida Genetik tadqiqotlar va Shaxsning genom axborotini davlat ro‘yxatiga olish bo‘limlari tashkil etildi;
• Ichki ishlar vazirligi ta’sischiligida o‘qotar, pnevmatik, gazli, signal beruvchi, sovuq, uloqtiruvchi va boshqa qurollar, ularning o‘q-dorilarini, maxsus vositalarni, o‘q o‘tkazmaydigan maxsus himoya vositalarini, elektroshok qurilmalari, pirotexnika buyumlari va portlovchi materiallarni sertifikatlashni amalga oshiruvchi davlat muassasasi tashkil etiladi;
• ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga ekspert-kriminalistika sohasida shartnoma asosida ekspertlik, biometrik identifikatsiya, ilmiy-tadqiqot va axborot xizmatlarini hamda sohaga oid boshqa pullik xizmatlarni ko‘rsatish huquqini berildi;
• maxsus ilmiy-texnik va intellektual salohiyatga ega shaxslarni mutaxassis yoki texnik ishchi sifatida ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga shartnoma asosida jalb etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga muvofiq, ekspertiza va tadqiqotlarning quyidagi yangi turlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi:
2022-yil yakunigacha:
• video va fototexnika ekspertizasi, shu jumladan videoyozuvlarda qayd qilingan transportning harakatlanish tezligini aniqlash ekspertizasi;
• elektr ta’sirli qurollar ekspertizasi;
• gazli qurollar ekspertizasi;
• gaz-havo aralashmasi va fizik portlashlar ekspertizasi;
• transport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlari portlashi ekspertizasi;
• odam DNKsi biologik ekspertizasi;
• maxsus texnika va transport vositalarini baholash ekspertizasi;
• oziq-ovqat mahsulotlari ekspertizasi;
2023-yil yakunigacha:
• raqamli ma’lumotlar bazasi ekspertizasi;
• Internet tarmog‘ida bulutli servislar ekspertizasi;
• fonoskopiya ekspertizasi.
2023-yil 1-yanvargacha shaxs, buyum va hodisalar to‘g‘risida olingan axborotlar bo‘yicha avtomatlashtirilgan kriminalistik axborot-qidiruv tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, 2023-yil yakunigacha sud-tergov faoliyatida ashyoviy dalil sifatida olingan sintetik turdagi giyohvandlik, shuningdek, psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarining kimyoviy tarkibi bo‘yicha markazlashgan axborot-qidiruv tizimini yaratish choralari ko‘riladi.

2022/2023 o‘quv yilidan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining bakalavriat dasturi bo‘yicha ta’lim tizimida «raqamli kriminalistika asoslari» fani o‘qitilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring