Puli yo‘q qopchiq (hikoyalar)

Bag‘ritoshlik
Mahalla raisi va u ergashtirib kelgan faollarning shuncha gapi havoga uchgandek edi.
− Bu hovlida mening ham haqqim bor, – aka ular aytgan gaplarning bariga qo‘rslik bilan shu javobni qaytardi.
− Ko‘chib chiqqaningda ukang yoningda birgalashdi. Oilasidan orttirsa yana yordamlashar.
Qariya tog‘asining gapiga javob bo‘lmadi.
Uka boshini xam qilgan, gapirmasdi.
− Niyating hovlini sotib, pulini ikkiga bo‘lishmi? – Oqsoqollardan biri chidolmay so‘z qotdi. – Ukangning beshta bolasi − sening jigarlaring.
Ukaning hamon yerdan ko‘z uzmaganini aytmasa, o‘tirganlarning akaga qadalgan nigohlaridan o‘t sachrardi.
Sukunatni ukaning iltijosi buzdi.
− Mayli, aka, kelib shu hovlida yashang. Men biror yerga ko‘charman. Ota-onamizning chirog‘i o‘chmasin.
Bu gap kelishmovchilikni bartaraf etishga kelganlar ko‘nglida ukaga nisbatan achinish, akaga nisbatan g‘azab tuyg‘usini yanada oshirgan bo‘lsa-da, barchasining xayoliga bir fikr kelgandi:
«Aka hech qachon dang‘illama imoratini tashlab bu hovliga kelmaydi. Bolalaridan birini ko‘chiray desa... Xudo uni farzanddan ham qisgan».
Guvohligini bilmaganlar
Nogoh yangragan telefon qo‘ng‘irog‘i avtobusda ketayotgan juvonni hushyor torttirdi. U shoshgancha tizzasi ustiga qo‘ygan sumkasini ochib, qo‘l telefonini olarkan, atrofdagilarning diqqatini o‘ziga qaratgani uchun xijolatdan iymangan yuzini oynaga bura turib, telefonga bir ko‘z yugurtirdi-da, ilkas uni qulog‘iga tutdi.
− Yo‘ldaman, hozir o‘zim telefon qilaman.
Bu gapni ayol deyarli shivirlab aytdi. Sim qoqqan tomon gapirib ulgurgan bo‘lsa kerak, juvonning ko‘zida yosh tomchiladi. Telefon tugmasini bosib, sumkasiga solarkan, undan dastro‘mol chiqardi. Yoshlangan ko‘zlarini artib, o‘ziga qarab-qarab qo‘yayotgan nigohlarga javoban noqulay holatda qolgani uchun uzr so‘ragandek, labiga sezilar-sezilmas tabassum yugurtirdi. Qayta yoshlangan ko‘zlarini artish uchun yana ro‘molchani ko‘ziga bosdi.
− Hammasi yaxshi bo‘ladi, – dedi juvonning to‘g‘risida o‘tirgan mo‘ysafid o‘zicha hamdardlik bildirib.
Juvon gapirmadi, lekin bu gal yuziga qo‘nmoqchi bo‘lgan tabassum qushlarini haydashga ulgurmagani uchun iljayishga moyil lablarini ro‘molchasi bilan yashirgan bo‘lib, yuzini yana avtobus oynasi tomon burdi. Tashqarida bir maromda o‘tib borayotgan uylar, do‘konlar, yo‘lak bo‘ylab odimlayotgan odamlar ko‘zga tashlanardi. Ayolga diqqat qaratgan yo‘lovchilar ham ko‘zlarini tashqariga qadashdi.
Lekin, afsuski, boya ayolga qaraganlar, uning ko‘z yosh to‘kkanini ko‘rib achingani ham, labidagi tabassumni og‘ir ahvolini yashirishga bo‘lgan soxtalik deb o‘ylagani ham ayni damda ayolning dunyoda eng baxtiyor insonga aylanganiga guvoh bo‘lib turishganini bilishmasdi.
Ayolni sarosimaga solib, ko‘zi yoshlanishiga sabab bo‘lgan qo‘ng‘iroqni uning o‘g‘li amalga oshirgani, shu qisqa muloqotda u onasiga grant asosida institutga qabul qilinganini aytib ulgurganini yo‘lovchilar qaydan ham bilishsin.
Qaytmas dunyo
Qishloqdagilar kiyinishidan martaba egasiga o‘xshagan bu odamni qabristonga faqat xotira kunlari emas, boshqa vaqtlarda ham kelib-ketishini ko‘p ko‘rishgan. U yon-chekkalari bejirim qilib ishlangan ulkan qoratoshga tushirilgan o‘rta yoshlardagi ayol siymosiga uzoq tikilib turadi, so‘ng temirdan yasalgan naqshinkor uzun o‘rindiqqa o‘tirib o‘yga beriladi. Qabristonga qorovullik ham qiladigan nisbatan yosh qishloq domlasi atay hayallab kelib, yoniga cho‘kadi va mahzun ohangda qiroatni boshlaydi. Xiyla cho‘zilgan fotiha tugab, domla ketgach ham sipo kishi joyidan qo‘zg‘almaydi. Ancha vaqtdan so‘ng qabristondan chiqarkan, uni kuzatib qolgan domla bilan qo‘l uzatib xayrlashadi. U ketgach, domla qo‘liga qistirilgan pulni qabristonda maxsus o‘rnatilgan temir qutiga tashlaydi.
Haqiqatan, hozirda katta martabaga ega bu odam bir vaqtlar mushtipar onasi bilan shu qishloqda yolg‘iz yashagan. Bolaligida a’lo bahoga o‘qigan deyishadi. Lekin institutga kirolmagan. Bozorga ishga joylashib, qo‘li pul ko‘rgan. Ichadigan odat chiqargan. «Nega yetimman?» deb atrofga dod solgan.
− Qaytar dunyo, bolam, – boshida o‘tirib yig‘lagan mushtipar ona, − Lekin bolangdan topmagin, bolam, bolangdan topmagin.
Duosi qarg‘ishga aylanishini qaydan bilsin ona.
O‘g‘ilning ichkilikka ruju qo‘ygani onani ado qilgan, deyishadi. Qarilik yoshiga yetmay olamdan o‘tgan, bechora.
O‘g‘il-chi? Qishloqdan bosh olib ketgan. Boshqa yurtlarda ishlagan, o‘qigan. Ko‘pchilikning yodidan ham chiqqib ketgan bir vaqtda qishloqqa qaytgan. Oldingi oilasi bo‘lmagan ekan. Oqsoqollar qistovi bilan bir qari qizga uylangan. Qarovsiz qolgan hovlidagi nurab qolgan uylarni buzdirib, garchi hozir hech kim yashamasa-da, tomiga qarasa boshdagi qalpoq yerga tushadigan imorat qurdirgan. Faqat onasining go‘rini emas, butun qabristonni obod qilgan.
− Qaytar dunyo bo‘lsa yaxshi edi, − degan u qariyalarga. − Bolamdan toparmidim.
Duosi qarg‘ishga aylanishini qaydan bilsin ona.
Qishloqning eng martabali odami farzandsiz edi.
Bola oldida aytilgan gap
Shisha idishga qaynatilgan suv solgan ona oshxonadan chiqib, oyoq kiyimini kiyishga urinayotgan o‘g‘lining yoniga keldi. Ota o‘z xonasidan chiqib eshikka yo‘nalarkan, xotini nimadir demoqchiligini sezib to‘xtadi.
− Qo‘shni xotin aytib qoldi, o‘g‘lingiz unga salom bermaskan.
− Nega salom bermading, o‘g‘lim? − ota o‘n yoshli o‘g‘lining ko‘zini yerdan uzmay turishini aybiga iqrorlikka yo‘ydi.
− Kecha o‘zim ham tanbeh berdim, yo‘q, yana salom bermabdi.
Ona so‘zni tugatmay, o‘g‘lining yer tepkilab aytgan e’tirozi ularni hushyor torttirdi:
− Tunov kun oyim sizga qo‘shnimiz yomon ayol deb aytdilar-ku! Men yomon odamlarga salom bermayman.
Ajab xulosa
Ota ishdan har galgidek kech qaytdi. Eshikni ochgan xotinining yuzi bezovta edi.
− Tinchlikmi?
− Yana sinf rahbari keldi. O‘g‘lingiz bilan o‘zingiz gaplashmasangiz bo‘lmas ekan. Qanaqa bee’tiborsizlar, deb dakki berdi.
− Oilamizga aralashmasin, − asabiylashdi u. − Buncha e’tiborli bo‘lishmasa! Bo‘pti, gaplashaman. O‘g‘ling uxlayaptimi?
− Ha.
Ota erta ketib, kech qaytardi. Dam olish kunlari ham ishda bo‘lardi. Bola bilan gaplashishga vaqt qani? Xayriyat, farzandi bitta.
− Yana nima bo‘ldi? O‘g‘lingmi? – Ota xotinining xavotirli boqishiga ahamiyat bergisi kelmadi. Ishda rosa charchagandi.
− Litseyda dars qoldirayotgan ekan. Men gapirsam, quloq solmayapti. Guruh rahbari mahalla vakillari bilan keldi.
− Mahalla nima dedi?
− O‘smirlik − nozik palla, sizlar uning hayoti bilan qiziqmayapsizlar, deyishdi.
− Bizga aql o‘rgatmasin, − ota asabiylashdi. − Buncha e’tiborli bo‘lishmasa!O‘g‘ling uxlayaptimi?
− Ha.
Otaning uyga erta qaytganiga sabab xotini telefon qilib chaqirgani edi. Militsiyadan kelgan chaqiruv qog‘oziga ko‘z yugurtirarkan, ota tutaqdi.
− O‘g‘ling qani?
− Jo‘ramnikida qolyapman, deb uch kechadan buyon kelmaydi.
O‘g‘lining institutdan haydalgani, gihyovand modda iste’mol qilishi va bezorilarga qo‘shilganini bilgan ota bu qanday sodir bo‘lishi mumkinligini uzoq o‘yladi va oxiri topdi: maktab, litsey va institut yoshlarga e’tiborsiz, mahalla-ko‘y befarq.
Achchiq ko‘rgiliklar hali oldinda ekanini ota haliyam bilmasdi.
Mavridi kelgan gap
Ona tushunmasdi: bir qorindan tushgan farzandlarining birini boshqasidan qanday ustun qo‘yish mumkin? Ilgari katta qizi «singillarimni ayaysiz», deb xarxasha qilardi. Undan ko‘ra singillarini ko‘proq yaxshi ko‘rar ekan, qiziq. Endi bir ish buyursa, kichiklari o‘zlarini kamsitilgan hisoblashadi. Axir, katta qizi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirmoqchi. Ko‘proq dars qilsin deydi. Yo‘q, singillar buni tushunishmaydi. Kenjatoyi, hatto yuziga soldi: «Siz katta opamni ko‘proq yaxshi ko‘rasiz» emish. Yo tavba!
Ona qo‘shni qishloqda yashaydigan opasi yo‘qlab kelganda, suhbatlashib o‘tirisharkan, farzandlar haqida gap ketib, unga qizlari istehzo qilibmi yoki balki bir-biriga nisbatan qizg‘anishdir, go‘yo birini ikkinchisiga nisbatan ko‘proq yaxshi ko‘rishini uning yuziga solishib, iddao qilishganini aytdi.
− Odamning o‘ziga bilinmaydi, haqiqatan ota-ona gohida farzandlarining birini boshqasidan ortiq ko‘radi, − dedi opasi uning o‘ylaganiga teskari fikr bildirib.
− Bu mumkin emas, opa, – qondoshidan taskin beruvchi gap kutgan singil e’tiroz bildirdi. – Hammasi menga bir xil.
− Shunday deysan-da. Rahmatli oyim ham mendan ko‘ra seni ko‘proq yaxshi ko‘rardi. Esingdami...
O‘g‘ri
Xotinim ertalab nonushta vaqtida aytib qoldi:
− Kecha qiziq voqea bo‘ldi. Avtobusda borayotsam, oldingi qatordagi bir kishilik o‘rindiqda o‘tirgan kampir baland ovozda kim bilandir telefonda bahslashyapti. Nogoh uning oyog‘i ostida yotgan bejirim qopchiqqa ko‘zim tushdi. Kampirniki bo‘lsa kerak deb, darhol olib uzatdim. Yelkasidan turtganimga hayron bo‘lib menga o‘girilarkan, qopchig‘i tushib qolganini aytdim. Kampir shoshib telefonni o‘chirdi va qopchiqni olib, hovliqib ichini ochdi. Har bir qatini sinchiklab ko‘zdan kechirarkan, ichi bo‘shligidan hafsalasi pir bo‘ldi.
− Meniki emas, − dedi u gap ohangida topildiqdan malollanganini yashirmay. Keyin ko‘zlarini jovdiratib, yalinchgannamo ovozda o‘tindi, − Qopchig‘im eskirib qolgandi. Shuni ola qolay.
− Olaqoling, − dedim negadir uning qilig‘idan xijolat chekib.
− Haydovchiga berish kerak edi, − deya xotinimga javob bergan bo‘lsam-da, kissavurlarning pulni olib, qopchiqni joyiga tashlab ketish odati borligini eshitganim xayolimga keldi.
Xurshid Nurillayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter
Izohlar mavjud emas