Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Pulni yoqib yuborsammikan?»

«Pulni yoqib yuborsammikan?»

Foto: Xabar.uz

Xovoslik Sardor unga ishonib topshirilgan 23 320 AQSh dollari va 476 000 so‘m miqdordagi naqd pullarni egasiga eltib berishdan avval o‘ziga ana shunday savolni berdi. «Buncha pulni yoqib yuborish uchun odam jinni bo‘lishi kerak», deya qo‘shib ham qo‘ydi.

Aslida bu gapni unga nafsi aytayotgan edi. Agar u ushbu pullarni omonat sifatida qabul qilib, egasiga o‘z vaqtida yetkazib berganida edi, nafsi ustidan g‘alab qozongan va sudning qora kursisida o‘tirmagan bo‘lar edi.

Lekin bunday qilmadi va qo‘liga katta miqdoridagi pulni ushlagan zahotiyoq antiqa spektaklni sahnalashtirdi. Bosh rol ijrochisi esa albatta o‘zi bo‘ldi. Eng qizig‘i, u boshlagan spektaklda o‘zidan boshqa ijrochi yo‘q edi.

Ya’ni o‘zining boshqaruvida bo‘lgan «Vaz-2108» rusumli avtomashinasida Djabbarovning oldiga borib, undan Shamansurovga tegishli bo‘lgan jami 249 771 891 so‘m qiymatga ega bo‘lgan 23 320 AQSh dollari va 476 000 so‘m miqdordagi pullarni Shamansurovga yetkazib berish uchun o‘zining moddiy javobgarligiga qabul qilib oladi.

Bu pullarni o‘zlashtirish maqsadida esa Guliston shahrining Namuna mahallasi, Bunyodkor ko‘chasida avtomashinani to‘xtatib, undagi pullarni olib, shu yerda pul mablag‘lari yong‘in natijasida nobud bo‘lganligi haqida tasavvur uyg‘otish hamda moddiy va jinoiy javobgarlikdan qutulish yo‘lida, boshqaruvidagi «Vaz-2108» rusumli avtomashinani qasddan yoqib yuboradi. Yong‘in natijasida avtomashinada bo‘lgan hujjatlar ham yonib ketadi. Lekin Sardor pullarni o‘zi bilan olib qoladi.

Sud majlisida so‘roq qilinganida avtomashinani ko‘zdan kechirgan vaqtida avtomashina salonida yongan kompakt disk bo‘laklari, yongan kundalik daftar bo‘laklari va boshqa qog‘oz bo‘laklari borligini ko‘rganligini, lekin avtomashinada bo‘lgan 23 320 AQSh dollari va 476 000 so‘m miqdordagi pullar avtomashinaning boshqaruv panelida joylashgan bardachokda turganligi sababli yongan pul bo‘laklari topilmaganligini, avtomashinani qasddan yoqmaganligini, yetkazilgan zarar qoplanmaganligini, adolatli qaror chiqarishni so‘rab ko‘rsatuv berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudining ochiq sud majlisida muhokama qilingan mazkur ishda guvohlarning ko‘rsatuvlari, voqea joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasi, chizmasi va foto-jadvallari, kuzatuv kamerasidan olingan video yozuvni ko‘zdan kechirish bayonnomasi hamda yong‘in-texnikaviy ekspertizasining xulosalari, jinoyat ishida to‘plangan boshqa dalillar majmui bilan Sardorning aybi to‘liq o‘z isbotini topdi. Xulosa qilib aytganda uning spektakli sudda ish bermadi.

Ya’ni sud hukmi bilan Sardorga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan, uzil-kesil besh yil olti oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng Sardordan jabrlanuvchi Shamansurovning foydasiga 250 247 891 so‘m pul mablag‘i undiriladigan bo‘ldi. Aniq fakt va dalillar, guvohlar hisobga olinmagan Sardorning spektakli shu zaylda o‘z yakuniga yetdi.

Ulug‘bek Jumayev,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudining raisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring