Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryoda yilning to‘rt mavsumida turistlarni jalb qilish uchun salohiyat bor, ammo...

Qashqadaryoda yilning to‘rt mavsumida turistlarni jalb qilish uchun salohiyat bor, ammo...

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari Qashqadaryo iqtisodiyoti faqatgina yirik korxonalarga qarab qolmasligi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

Masalan, viloyatda iste’mol tovari ishlab chiqarishda o‘sish sur’atlari respublika ko‘rsatkichidan 3 barobar kam. Ayniqsa, kichik biznesning sanoatdagi ulushi eng oxirgi o‘rinlarda.

Vaholanki, Qamashida sement, gips va marmar, Shahrisabzda grafit, Yakkabog‘da kvars qumi, Chiroqchida marganets, Kitobda dolomit va chinni konlarini o‘zlashtirib, ishlab chiqarishni karrasiga oshirish mumkin.

Bundan tashqari, Qashqadaryoda yiliga 150 ming tonna polietilen granulasi ishlab chiqarilsa-da, uni atigi 4 foizi viloyatning o‘zida qayta ishlanadi. «Sho‘rtangaz kimyo majmuasi» atrofidagi 200 gektar bo‘sh yerda 100 turdagi import mahsulotini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi.

Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan uchrashib,  yirik sanoat korxonalari  bilan kooperatsiya asosida 10 mingta ish o‘rni yaratish topshirildi.

Umuman, Qashqadaryoda sanoat hajmini kelgusi yilda 40 trillion so‘mga, eksportni 500 million dollarga yetkazish belgilab olindi.

Viloyatda yilning to‘rt mavsumida turistlarni jalb qilish uchun salohiyat bor.

Lekin, bu hozir Shahrisabz tumani, Shahrisabz shahri va Kitob bilan cheklangan. Yil boshidan viloyatga 180 ming xorijiy sayyoh kelgan, xolos.

Yangi tajriba qilinib, germaniyalik hamkorlar bilan Shahrisabz tumanidagi 3 ta turizm mahallasining master-rejasi tayyorlandi.

Bunda, 450 million dollar qo‘shimcha investitsiya va yiliga 1 million sayyoh jalb etadigan infratuzilma yaratilmoqda. Natijada tadbirkorlarda ishtiyoq kuchayib, bu loyihalarning 367 million dollari yoki 81 foizini ularning o‘zi tikayapti.

Buni hisobidan Shahrisabzni o‘zida yiliga qo‘shimcha 500 milliard so‘m tushum kutilayapti, 5 mingta yangi doimiy ish o‘rni paydo bo‘layapti.

Mutasaddilarga shu tajriba asosida yil yakunigacha Qamashi tumani va Qarshi shahrida ham loyihalarni ishga tushirish topshirildi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring