Qashqadaryoda yirik quvvatli quyosh FES va energiya saqlash tizimi quriladi
Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 75 MVt/soatli energiya saqlash tizimi (BESS)ni o‘z ichiga olgan loyiha bo‘yicha moliyalashtirish masalalari yuzasidan kelishuv imzolandi.
Mazkur tadbir Abu-Dabi shahrida o‘tkazilgan «Abu Dhabi Sustainability Week 2026» xalqaro haftaligi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha BAAning «Masdar» kompaniyasi ishtirokida DXSh asosida amalga oshiriladi.
Loyihani moliyalashtirish xalqaro moliya institutlari ishtirokida ta’minlanadi. Jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyaviy resurslar jalb etiladi. Shuningdek, moliyalashtirish paketida Kanada va Finlyandiya hukumatlari mablag‘lari, Yaponiya bilan hamkorlik jamg‘armasi doirasidagi resurslar hamda bank instrumentlari nazarda tutilgan.
Loyiha ishga tushirilgandan so‘ng atmosferaga yiliga 280 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi, 231 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi, shuningdek, 280 mingtaga yaqin xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
G‘uzor loyihasi «Masdar» kompaniyasining O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida bo‘lib, ushbu loyihalarning umumiy quvvati taxminan 2 GVtni tashkil etadi.
Mazkur yo‘nalishda jalb etilgan investisiyalar hajmi 2 milliard AQSh dollaridan ortdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter