Senatorlar qonunni rad etishdi
Senatning qirq to‘rtinchi yalpi majlisida «Yer qa’ri to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, Qonun ustuvor maqsadlarga erishishga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, unda qator konseptual darajadagi nizoli masalalar mavjud.
Jumladan, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar sharoitida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari qayta tashkil etildi va ularning zimmasiga yangi vazifalar yuklandi. Bugungi kunda amalda bo‘lgan mutlaqo yangi ma’muriy yondashuv nuqtai nazaridan Qonunda tugatilgan yoki qayta tashkil etilgan mutasaddi idoralarning vakolatlariga doir moddalar qayta ko‘rib chiqilishi zarur.
Bundan tashqari, muhokamalar jarayonida Qonunda dolzarb ahamiyatga ega yana bir qator masalalar e’tibordan chetda qolganligi aytib o‘tildi.
Qonunda yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini cheklash yoki to‘xtatib turish Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi ko‘rsatmalari asosida o‘n kundan oshmaydigan muddatga amalga oshirilishi, qoidabuzarliklarni bartaraf etish ishlarini yakunlash bilan bog‘liq bo‘lgan alohida hollarda, yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini to‘xtatib turish o‘ttiz kundan oshmaydigan muddatga uzaytirilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Biroq, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 42-moddasiga asosan faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlash faqat sud tartibida amalga oshiriladi. Ya’ni, bu kabi norma nafaqat qonunchilikka, balki yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning tadbirkorlik faoliyati erkinligi va daxlsizligiga oid normalariga ham mutlaqo ziddir.
Shuningdek, Qonunga yer qa’rini «kadastr kvadratlar»ga bo‘lish amaliyotini joriy etish va «Yagona interaktiv geologik portali» bo‘yicha qoidalar kiritilmagan.
Yer qa’ridan foydalanishda ekologik va sanoat xavfsizligini ta’minlash, tog‘-kon qutqaruv qismlari hamda ochiq neft va gaz fontanlarining oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha xizmatlar faoliyati tartibi belgilanmagan.
Bundan tashqari, mazkur sohada ishga joylashtirish va o‘qitishga talablar, ruxsatnomalar egalarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha majburiyatlari nazarda tutilmagan.
Yuqoridagilar inobatga olinib, Qonunni qayta ko‘rib chiqish va soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhini tuzgan holda takomiliga yetkazish maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlandi.
Muhokamalar yakunida Senatorlar tomonidan Qonunni rad etish yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter